O‘zbekiston | 20:15 / 25.11.2021
44424
9 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura uchun xizmat mashinalari: xarajatlar qanchalik shaffof?

Amaldorlarga davlat tomonidan ajratiladigan qimmatbaho xizmat mashinalari, ushbu transport vositalariga sarflanayotgan xarajatlar miqdori va manbalari jamoatchilikni qiziqtirgan mavzulardan biridir. Biroq yaqin-yaqingacha O‘zbekistonda ushbu mavzular deyarli yoritilmagan.

2021 yilning 1 iyulidan boshlab davlat organlarida mansabdor shaxslarning transport bilan bog‘liq xarajatlari haqidagi ma'lumotlar davlat organlarining rasmiy saytlariga hamda Ochiq ma'lumotlar portaliga joylashtirib borilishi, ushbu hisobotlar har chorakda yangilanishi belgilangan.

Kun.uz vazirlik va idoralar mazkur talabga qanchalik rioya etayotganini o‘rganishga kirishdi. Ilk “nishon” sifatida qonun hujjatlari ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organi – Bosh prokuratura tanlandi.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning ma'lum qilishicha, 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta'minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni hamda Adliya vazirligi tomonidan 2021 yil 7 mayda 3299-son bilan ro‘yxatga olingan “Budjet jarayonining ochiqligini ta'minlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda ma'lumotlarni joylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablariga muvofiq Bosh prokuratura saytida Ochiq ma'lumotlar bo‘limi tashkil etilgan. Bu yerda prokuratura organlari hisobidagi xizmat mashinalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan ham tanishish mumkin.

Qayd etilishicha, bosh prokuratura tasarrufida hozirda 45ta avtomashina mavjud. Shundan:

1 ta Mercedes-Benz S 450;

1 ta Toyota Land Cruiser Prado;

6 ta Malibu-2;

1 ta Captiva;

1 ta Chevrolet Equinox;

28 ta Lacetti-2;

1 ta Citroen Jumper;

1 ta Damas;

1 ta Chevrolet Labo;

1 ta Midibus-Isuzu;

2 ta Hyundai N1;

1 ta Hyundai SantaFe avtomobillari.

Biroq Bosh prokuratura saytida ushbu mashinalar qaysi mansabdorga biriktirilgani haqida ma'lumot berilmagan. Idora matbuot xizmati bu haqdagi savolimizni javobsiz qoldirdi.

Keling, o‘zimiz taxmin qilib ko‘ramiz. Hoynahoy mamlakat bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Mercedes-Benz’da yursa kerak. Toyota Land Cruiser Prado ham katta ehtimol bilan prokuratura tizimidagi eng yuqori mansab egasining xizmatini qiladi.

Bosh prokurorning oz emas, ko‘p emas naq olti o‘rinbosari bor. Xo‘sh, ularga qaysi rusumdagi avtomobillar biriktirilgan? Idora tasarrufida 6ta Malibu-2 va 1ta Captiva bor va bu bosh prokurorning o‘rinbosarlari uchun ajratilgan xizmat mashinalari haqidagi boshqotirmaning javobi bo‘lishi mumkin. Negaki aynan shu avtomobillar klass va narx bobida qolgan 36 ta mashinadan ustunroq hisoblanadi.

28 ta Lacetti-2 Bosh prokuraturadagi boshqarma va bo‘limlarning boshliqlariga, 1 ta Chevrolet Equinox esa bosh prokuror yordamchisiga xizmat mashinasi sifatida berilgan bo‘lishi mumkin. Albatta, bular shunchaki taxminlar. Agar Bosh prokuratura savolni javobsiz qoldirmasdan, qaysi avtomobillar kimlarga xizmat mashinasi sifatida biriktirilganini ochiqlaganida edi, hech qanday taxmin-u farazlarga berilmagan bo‘lardik.

Shuningdek, idora matbuot xizmati mashinalarning nechtasi to‘liq yoki qisman tonirovka qilingani, avtomobillar oynasining tusini o‘zgartirish bilan bog‘liq xarajatlar qancha bo‘lgani va qaysi manbalar hisobidan qoplangani haqidagi savollarga ham javob bermadi.

Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, prokuratura organlari tasarrufidagi xizmat mashinalarining tonirovkasi xarajatlariga nisbatan imtiyoz belgilangan bo‘lishi ham mumkin albatta. Shuni nazarda tutgan holda Bosh prokuraturaga yo‘llagan xatimizda agar tonirovka bepul amalga oshirilgan bo‘lsa, ushbu imtiyoz nazarda tutilgan hujjat nusxasi taqdim etilishini so‘ragandik. Biroq bu so‘rov ham bajarilmadi.

Kim bilsin, chindan shunday hujjat bor-u unda biz taxmin qilganday imtiyoz belgilangan bo‘lsa, bu ma'lumot jamoatchilikka oshkor bo‘lishi ortidan turli savollar kelib chiqishidan cho‘chishgandir, balki...

Kun.uz’ga taqdim etilgan rasmiy xatda 45 ta xizmat avtomobili 2014–2020 yillar davomida xarid qilingani ta'kidlanadi. Ya'ni ushbu avtomobillarning eng eskisi olinganiga 7 yil, eng yangisiga 1 yil to‘lgan.

Xo‘sh, Bosh prokuratura tasarrufidagi xizmat mashinalarining yillik yo‘l bosish limiti necha kilometr etib belgilangan? Limitdan foydalanish me'yorlari qanday nazorat qilinadi? Agar mansabdor shaxs belgilangan limitdan ko‘proq yurib qo‘ysa yoki bir yillik limitni 7-8 oyda bosib o‘tsa, transport vositasidan yil yakunigacha foydalanmaydimi? Qanday holatlarda xizmat mashinalaridan shaxsiy manfaatlarda foydalanilishiga yo‘l qo‘yiladi? 2020 yilda Bosh prokuratura xizmat mashinalarining yonilg‘i-moylash, ta'mirlash va boshqa xarajatlari uchun qancha mablag‘ sarflagan? 2021 yilning o‘tgan davrida-chi?

Gapning ochig‘i, ushbu savollarga batafsil javob berilishini kutgandik. Biroq Hayot Shamsuddinov imzosi bilan taqdim etilgan xatda yuqoridagi savollarga to‘liq javob berilmagan. Savollarga javoban xizmat avtomashinalarining yillik yo‘l bosish limitlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 258-sonli qarorida belgilangan me'yorlar asosida nazorat qilinib, mashinalarning yonilg‘i-moylash, ta'mirlash va boshqa xarajatlari budjet hamda budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplab kelinishi aytilgan, xolos.

Xizmat mashinalari necha yilda eskirgan deb topilishi, xizmatda foydalanish uchun transport vositalarini sotib olishda Bosh prokuratura uchun qanday limitlar belgilanganiga oid jamoatchilikni qiziqtirgan savollar ham javobsiz qolgan. Bosh prokuratura javobida xizmat qilish muddatini o‘tagan avtotransport vositalarini yangisiga almashtirish yoki sotib olish belgilangan limitlardan chiqib ketmagan holda qonunchilikda belgilangan asoslarda amalga oshirilishi ta'kidlangan, xolos.

Xizmat mashinasining moddiy javobgarligi kimning zimmasida: transport vositasi biriktirilgan mansabdor shaxsningmi yoki haydovchining? Deylik, xizmat transporti ishtirokida YTH sodir bo‘lsa yoki boshqa bir ko‘rinishda moddiy zarar yetsa, yetkazilgan zarar kimning hisobidan qoplanadi? Ta'kidlanishicha, xizmat avtomashinalarining moddiy javobgarligi haydovchi zimmasida bo‘lib, xizmat avtotransporti ishtirokida yo‘l transport harakati sodir bo‘lganda yoki avtomobilga boshqa ko‘rinishda moddiy zarar yetkazilgan taqdirda yetkazilgan zarar sud qaroriga asosan aybdor shaxs hisobidan qoplanadi. Biroq xizmat avtomobilini prokurorlarning o‘zlari boshqarishi yoki ularga haydovchi ajratilishi haqidagi ma'lumot ochiqlanmadi.

Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, hukumatning 2021 yil 29 apreldagi 258-sonli qarorida davlat organlari foydalanishida mavjud bo‘lgan limitdan ortiqcha bo‘lgan xizmat avtotransport vositalari 2021 yil 1 avgustga qadar elektron auksion savdolariga qo‘yilishi kerak edi. Rasmiy javobda Bosh prokuratura tasarrufida limitdan ortiqcha xizmat avtotransport vositalari mavjud emasligi, shu sababli hech qanday avtomobil elektron auksion orqali sotuvga qo‘yilmagani ma'lum qilingan. Bosh prokuraturaga xizmat mashinalari sotib olish uchun qancha limit berilganini bilmaganimiz uchun bu ma'lumotga ishonishdan boshqa chora yo‘q hozircha.

Qonunchilikka ko‘ra, davlat organlari autsorsing shartlari asosida avtobus, taksi va boshqa transport xizmatlaridan foydalanishlari mumkin. Bosh prokuraturada xizmat avtomobillaridan tashqari xizmat maqsadlarida autsorsing shartlari asosida taksi va boshqa avtotransport vositalari jalb etilmagan.

Darvoqe, Kun.uz tahririyati tomonidan Bosh prokuraturaga so‘rov yuborilgandan so‘ng idora rasmiy saytidagi prokuratura organlari hisobidagi xizmat mashinalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar joylangan fayl almashtirib qo‘yildi.

ehNCsj5zd77RClbnwzulmTTvTG7x5zx8.jpg (1115×558)
Bosh prokuratura xizmat mashinalari haqidagi rasmiy ma'lumot (2021 yil 18 oktabr holatiga)

Dastlabki faylda prokuratura organlari hisobidagi xizmat avtomobillarining rusumlari, soni haqida batafsil ma'lumotlar keltirilgan edi. Yangilangan faylda esa tizimdagi xizmat mashinalarining soni oddiygina jadval ko‘rinishiga keltirilgan, avtomobillarning rusumlari haqidagi ma'lumotlar olib tashlangan. Nima uchun bunday qarorga kelingani bizga qorong‘i.

Bosh prokuratura matbuot xizmati bu haqdagi savolga ham izoh bermadi.

Bosh prokuratura xizmat mashinalari haqidagi rasmiy ma'lumot (2021 yil 25 noyabr holatiga)

Albatta, mansabdorlarga xizmat mashinalari ajratilishi qonuniy. Biroq soliq to‘lovchilar hisobidan moliyalashtiriladigan har qanday davlat organi o‘z xarajatlari haqida jamoatchilikka hisob berib borishi, ochiqlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga qo‘l uchida emas, to‘laqonli amal qilishi lozim.

Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido.

Mavzuga oid