O‘zbekiston | 08:47 / 26.11.2021
6438
2 daqiqa o‘qiladi

«Lukoyl» O‘zbekistonda 100 milliard kub metr gaz qazib oldi

Rossiyaning «Lukoyl» neft kompaniyasi O‘zbekistonda 100 milliard kub metr gaz qazib olish ko‘rsatkichiga erishdi. Bu haqda Neft-gaz axborot agentligi xabar bermoqda.

Foto: AFP

2004 yildan buyon «Lukoyl» kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalardan to‘plangan tabiiy gaz qazib olish hajmi 100 milliard kub metrga yetdi.

Qayd etilishicha, gazning asosiy qismi (70 foizdan ortig‘i) Buxoro viloyatining Qandim-Xauzak-Shodi maydonida qazib olingan. 2008 yilda Xauzak-Shodi ishlab chiqarishning loyihaviy darajasiga yetdi - yiliga 4 milliard kub metr gaz. Korxona tomonidan 2017 yilda vodorod sulfidli gazni qayta ishlash, tozalangan tabiiy gaz, barqaror gaz kondensati va oltingugurt olish uchun mo‘ljallangan, yiliga 8,1 milliard kub metr gaz quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash majmuasi foydalanishga topshirildi.

«Lukoyl» O‘zbekiston hududida Qandim-Xauzak-Shodi va Janubi-G‘arbiy Hisor loyihalari bo‘yicha mahsulot taqsimoti bo‘yicha ikkita shartnoma asosida ishlaydi. Kompaniya konlarni o‘zlashtirish va tartibga solish, tabiiy gaz qazib olish, tozalash va tovar holatiga qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. «Lukoyl» tomonidan mamlakatda qazib olinayotgan gazning butun hajmi ichki va xalqaro bozorda talabga ega ekani aytiladi.

Mavzuga oid