Iqtisodiyot | 13:17 / 02.12.2021
41432
3 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil oldi-sotdisini rasmiylashtirganlik uchun to‘lov miqdorini kamaytirish bo‘yicha qonun ishlab chiqildi

Foto: Kun.uz

“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihada ayrim davlat boji stavkalari birlashtirish hisobiga kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomasini tasdiqlaganlik uchun boj miqdori BHMning 3 baravari (810 ming so‘m) miqdorida belgilanmoqda. Amaldagi tartib bo‘yicha boj miqdori transport vositasi ishlab chiqarilgan yili va ot kuchiga qarab (avtomobil quvvati 110 ot kuchidan ortiq va ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan hollarda) BHMning 10 baravari (2,7 mln so‘m)gacha belgilangan.

Ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni rasmiylashtirishda davlat bojini Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida mol-mulkning kvadrat-metridan qat'i nazar BHMning 1,5 baravari (405 ming so‘m), boshqa hududlarda BHMning 1 baravari (270 ming so‘m) miqdorida belgilash ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida maydoni 100 kv/mgacha bo‘lgan mulk uchun davlat boji 50 foizga (markazlarda 33 foizga) ko‘payadi, 200 kv/mgacha bo‘lgan mulk uchun o‘zgarmaydi (markazlarda 33 foizga kamayadi), 200 kv/mdan ortiq mulk uchun 33 foizga (markazlarda 2 barobarga) kamayadi.

Shuningdek, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf qilish huquqini beruvchi ishonchnomalarni va avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalarini rasmiylashtirishda mulkdorga begona shaxslar uchun davlat boji miqdorini BHMning 3 baravari (810 ming so‘m)dan 2 baravari (540 ming so‘m)ga kamaytirish taklif etilmoqda.

  • Avvalroq, Kun.uz saytida odamlarni ko‘pdan beri qiynayotgan masala — eski avtomashinalarni rasmiylashtirishdagi bojlar qayta ko‘rib chiqilishi lozimligi, ikkilamchi bozordagi avtomobilni xaridor nomiga rasmiylashtirish haddan ziyod qimmatligi, shuningdek, yashirin xarid sifatida notarial tasdiqlanadigan va nisbatan arzonroq bosh ishonchnoma keltirib chiqarayotgan xatarlar haqida maqolalar e'lon qilingan edi.
  • Keyinroq, deputat Doniyor G‘aniyev o‘z so‘roviga javob olganini, unda sotib olingan avtotransport vositasini DYHXXda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda fuqarolardan undiriladigan yig‘imni bekor qilish, shuningdek notarial idorada undiriladigan davlat bojini pasaytirish nazarda tutilayotgani ma'lum qilinganini bildirgandi.
  • 2022 yil uchun Davlat budjeti loyihasida ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari keskin kamaytirilishi nazarda tutilgandi. Hisob palatasi esa to‘lovlarni yanada kamaytirish bo‘yicha taklif berdi.

Mavzuga oid