Jamiyat | 17:31 / 02.12.2021
22530
6 daqiqa o‘qiladi

«Mahsulotlarimiz xorijda ham mashhur» – Urgutda mahalliy xurmoni qanday quritishmoqda?

Urgut deganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngiga xalqi tadbirkor va ishbilarmon bo‘lgan hudud keladi. Urgutlik tadbirkorlar sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan birga quruq meva tayyorlashda ham ustasi farang bo‘lib ketishgan. So‘nggi yillarda ular mahalliy xurmoni quritish ishlarini ham yo‘lga qo‘yishdi.

Bugun Samarqand viloyatidagi Urgut tumanida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar nafaqat o‘z muzofotida yetishtirilayotgan, balki O‘zbekistonning boshqa hududlarida pishib yetiladigan mevalarni ham olib kelib quritmoqda. So‘ng ularni qayta ishlab xorij davlatlariga eksportga chiqarmoqda.

Ana shunday tadbirkorlardan biri tumanning Jayratepa mahallasida yashovchi Azamat Qurbonov hisoblanadi. Qahramonimiz yaqinda ish boshlagan yosh tadbirkorlardan. Uni o‘zbekistonliklar uchun hali uncha ommalashmagan mahalliy xurmoni quritish jarayonida uchratdik.

Tadbirkorning aytishicha, daraxtdan uzilgan xurmo avval yuviladi. So‘ng po‘sti yaxshilab archiladi va bandidan ipga bog‘lab shamol tegadigan joyga ilib qo‘yiladi. Hosilni daraxtdan terish paytida bandi uzilib ketgan mevalar simto‘r ustiga terib quritiladi. Agar mayin shamol yaxshi esib tursa va yog‘ingarchilik bo‘lmasa, xurmo mevasi 15 kunda, aks holda uzog‘i bilan 1 oyda quriydi.

«Mahalliy xurmoning quritilganini ilk marta bundan 15 yil avval Toshkent bozorlaridan birida ko‘rgandim. O‘shanda sotuvchi u Moskvadan keltirilganini va mahsulot Tojikistonniki ekanini aytgandi. O‘shanda quritilgan xurmodan yeb ko‘rganimda juda shirin edi. Shundan so‘ng uyga kelib hovlimizdagi xurmo daraxti mevasidan olib, ipga bog‘lab ilib qo‘ydim. Ancha kunlar o‘tdi, ammo negadir xurmolar qurimadi.

Biroz vaqt o‘tib qarasam ipda faqat xurmo bandlari qolgan, mevalarning o‘zi esa yerga to‘kilgan holda yotardi. O‘shanda nega bunaqa bo‘lganini tushunmadim. «Buni quritishning bir siri bor ekan-da», deb o‘yladim va bu ishga ortiq qiziqmadim.

Oradan yillar o‘tib xurmo qanday quritilishini bilib oldim. Bu meva faqat ustidagi qalin po‘stlog‘i archib olinsagina qurirkan. Aks holda ichi yumshoq bo‘lib turaverar, keyinroq esa qo‘l ham tekkizib bo‘lmaydigan darajaga kelib qolar ekan. Shu tariqa xurmoni quritishni boshladik», deydi Azamat Qurbonov.

Azamat Qurbonov avval o‘z hovlisidagi xurmo mevalarini quritgan. So‘ng mahalliy bozordan, qo‘ni-qo‘shnilardan sotib olib, undan keyin xurmo ko‘p yetishtiriladigan viloyat – Surxondaryodan olib kelib qurita boshlagan.

Tadbirkorning bildirishicha, xaridorlar xurmoning rangi ochiqroq bo‘lib quriganini ko‘proq xohlaydi. Agar rangi qizarib ketsa uning narxi arzonroq baholanadi. Xaridorning xohishi bo‘yicha xurmoqoqi rangiga qarab saralanadi. Sariq rangdagilari alohida, qizilroq bo‘lib qurilganlari alohida qadoqlanadi. Xurmo yaxshi qurisa uch-to‘rt kilogramm mevadan bir kilogramm qoqi chiqadi.

«Biz yil davomida asosan qovunqoqi va qurut tayyorlaymiz. Kuzga kelib ikki oy u ishlarni to‘xtatib turamiz va xurmo quritishni boshlaymiz. Qovunqoqi va qurutni yilning istalgan paytida qayta ishlab tayyorlayversa bo‘ladi. Ammo xurmo haqida bunday deb bo‘lmaydi. Uni pishgandan so‘ng darhol quritish uchun ilish kerak. Dehqonlar xurmo mevasini daraxtdan uzganidan keyin uni uzoq saqlashmaydi, hosil darrov bozorga chiqariladi. Ana shu paytda biz uni olib quritib ulgurishimiz kerak. Agar vaqtni biroz o‘tkazib yuborsak, daraxtidan uzilgan xurmo yumshab qoladi va uni quritib bo‘lmaydi. Amallab quritilgan taqdirda ham u sifatli chiqmaydi», deydi Azamat.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, xurmo quritish ancha mablag‘ talab qiladigan ish. Uni Surxondaryodan sotib olib keltirish, so‘ng po‘stini archish, ipga bog‘lab ilish – bularning hammasi qo‘lda bajariladi va ancha mablag‘ sarflanadi. Shunday bo‘lsa ham xurmo quritish baribir foydali ish.

15 sentyabrda quritishga ilinganlari allaqachon qurib, sotilib ham ketibdi. Hozir 15-20 kun avval ilinganlari qurigan va ularni yig‘ib qadoqlashyapti. Hozirgi kunda quritilgan xurmoning narxi 30-35 ming so‘m sotilmoqda.

Azamatning ta'kidlashicha, xurmo daraxti ancha kech gullaydi. Shu sababli unga bahorgi sovuq ta'sir qilmaydi. Buning ustiga xurmo daraxti ko‘p joyni egallamaydi va ancha serhosil bo‘ladi. Bir tup xurmo daraxti o‘rtacha 100-150 kilogramm hosil qiladi. Xurmoni quritish ommalashmagani uchun hosilning katta qismi qishga borib isrof bo‘lib ketyapti. Agar O‘zbekistonda yetishtiriladigan xurmoning ko‘proq qismi quritilsa va eksportga chiqarilsa bu mamlakatga yaxshigina valuta tushumi keltiradi.

Hozirgi kunda O‘zbekistondagi bozorlar va savdo do‘konlarida xurmoqoqi ancha-munchada topilmaydi. Quritilgan xurmoga xorijda talab juda yuqori. Shu sababli O‘zbekistonda yetishtiriladigan xurmoqoqining barchasi Rossiya, Ukraina va Qozog‘istonga eksport qilinadi.

Ma'lumot uchun, xurmo tarkibida A va S vitaminlari, qand, protein, temir tuzlari va oqsil moddalari ko‘p bo‘lib, u shifobaxsh meva hisoblanadi. Dunyoda ushbu mevaning 500 ga yaqin turi uchraydi u asosan tropik va subtropik hududlarda tarqalgan. Jumladan, Xitoy, Yaponiya, Markaziy Osiyo va Kavkazda, shuningdek, O‘rta Yer dengizi bo‘ylaridagi mamlakatlarida ko‘p uchraydi. O‘zbekistonda yetishtiriladigan xurmoning vatani Xitoy hisoblanadi. So‘nggi yillarda ushbu mevani quritish ham ommalashmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid