O‘zbekiston | 12:41 / 05.12.2021
13684
4 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar xodimlariga qarshilik ko‘rsatish va jarohat yetkazish holatlari yildan yilga ko‘paymoqda - Baxtiyor Berdialiyev

Ichki ishlar xodimlari 2018 yilda 146 marta, 2019 yilda 163 marta, 2020 yilda 186 marta, 2021 yilning 5 oyida 94 marta xizmat vazifasini bajarish chog‘ida qarshilikka uchragan va hayot uchun xavfli jarohat olishgan.

Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev Kun.uz'ga bergan intervyusida ichki ishlar xodimlariga qarshilik ko‘rsatish holatlari oshayotganini ma'lum qildi.

“2018 yilda ichki ishlar idoralari xodimlariga 146 marotaba qattiq qarshilik ko‘rsatilgan va og‘ir tan jarohati yetkazilgan. Shundan 78 ta holat profilaktika inspektorlari bilan ro‘y bergan. 2019 yilda esa ichki ishlar organlari xodimlari 163 marotaba qarshilikka uchragan, shundan 84 tasi profilaktika inspektorlariga nisbatan sodir etilgan.

2020 yilda bu ko‘rsatkich 186 taga chiqib ketdi, mazkur holatlar tufayli 137 nafar profilaktika inspektori hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari olishdi. Ularning aksariyati nogiron bo‘lib qolgani uchun xizmatni davom ettira olishmadi. 2021 yilning 5 oyida ichki ishlar xodimlari xizmat vazifasini bajarish chog‘ida 94 marotaba qarshilikka uchragan bo‘lsa, shundan 64 ta holat profilaktika inspektorlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hokimiyat vakiliga, jumladan, ichki ishlar xodimlariga va fuqarolik burchini bajarayotgan shaxslarga nisbatan qarshilik ko‘rsatib, og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazgan fuqarolar Jinoyat kodeksining 219-moddasi bilan javobgarlikka tortiladi”, deydi Baxtiyor Berdialiyev.

IIV mulozimining ta'kidlashicha, ichki ishlar xodimlari ham hokimiyat vakillari hisoblanadi va ularning faoliyatiga qarshilik ko‘rsatgan shaxslar jazosiz qolmaydi.

“Tungi soat uchda, hammamiz uxlayotgan vaqtda ichki ishlar idorasiga “Erim ichib kelib meni uryapti, yordam beringlar”, degan xabar tushadi. Endi ko‘z oldingizga keltiring. Vaqt allamahal, profilaktika inspektori shu xabar asosida aytilgan manzilga boradi. To‘g‘ri, uning tabel quroli bordir, dubinkasi bordir, kishani bordir. Lekin oldinda uni nima kutayotganini bilmaydi. Bizning xatomiz ham – shu.

Tungi vaqtda bunaqa chaqiruvlar juda ko‘p. Odatda chaqiruv kelib tushgan profilaktika inspektorlari yonida yoshroq yordamchisi bilan yoki sherigi bilan chaqiruv kelib tushgan xonadonning eshigini taqillatadi. Ko‘pincha bunday chaqiruvlarga boradigan xodimlar janjallashayotgan er-xotinni ajrataman-u qaytaman deb o‘ylashadi. Lekin ortiga qaytmagan xodimlarimiz bor. Nogiron bo‘lib qolganlari bor. Chunki ularni har doim ham bir xil holat kutib turmaydi. Pichoq yoki qurol bilan qurollangan zo‘ravonga duch kelib qolishlari ham mumkin. Lekin profilaktika inspektorlari shunday paytda qochib ketdi degan gapni biror marta eshitganmisiz?” deydi Baxtiyor Berdialiyev.

Avvalroq 2021 yilning 10 oyida profilaktika inspektorlari tomonidan respublika bo‘yicha 4300 dan oshiq jinoyat fosh etilgani, 3922 ta jinoyatning oldi olingani, qidiruvda bo‘lgan 290 nafar shaxs ushlangani, bedarak yo‘qolgan 81 nafar shaxs topib olib kelingani ma'lum qilingandi.

Profilaktika inspektorlarining sa'y-harakatlari natijasi 547 ta noqonuniy o‘qotar qurol fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda topshirilgan, ilgari sudlangani uchun profilaktik hisobda turgan 202 ming nafardan ko‘proq shaxs qayta jinoyatga qo‘l urmagan.

Mavzuga oid