Jamiyat | 19:39 / 05.12.2021
31353
11 daqiqa o‘qiladi

Matonatli insonlar: Farg‘onaning Kokilon qishlog‘ida o‘tgan bir kun

Xonadon qo‘riqchilari tong sahar o‘qishga otlangan uy bekasini katta yo‘lgacha kuzatib qo‘yishga odatlangan. Egasining qorong‘i ko‘chada yolg‘iz yurishdan qo‘rqishini bilgan itlar har kuni u mashinaga o‘tirgunicha kutib, so‘ng uyga qaytadi.

Malohat opa Mamajonova Qo‘qon davlat pedagogika instituti 1-kurs talabasi. U Quvasoy shahri Kokilon mahallasida istiqomat qiladi. Uch farzandli bo‘lganidan so‘ng azaliy orzusi ushalib, oliygohga o‘qishga kirdi.

Qishloqning sodda va samimiy oilalari turmush tarzi, matonatli insonlarning bugungi o‘y-xayollari bilan qiziqib, bir kun shu oilada mehmon bo‘ldik.

Oila boshlig‘i Oybek Zokirov elektr payvandchi bo‘lib ishlaydi. Turmush o‘rtog‘i o‘qishdan kelgunicha ko‘chadagi yumushlarini bajarish barobarida o‘rtancha o‘g‘li Firdavsbekni maktabga, kichigi Muhammadziyoni bog‘chaga eltib qo‘yadi. Oilaning to‘ng‘ichi Abdulaziz esa bir necha yildan buyon Rossiyada ishlar ekan.

Oybek akaning o‘zi ham Rossiyada 18 yil davomida ustachilik qilgan. Yashab turgan uyini qurish uchun er-xotin Rossiyada ishlab kelishgan. Ikki xona uy tiklashga yetgulik mablag‘ jamg‘arilgach, oila muhojirlikdan vatanga qaytgan.

Tushlikdan keyin ona o‘qishdan qaytadi. Birgalashib choy ichishgach, uy bekasi shaftoli bog‘ga o‘tin tergani chiqadi.

Nafasini rostlab olgan beka qishloq hayoti haqida so‘zlab berdi.

«Marg‘ilondan Farg‘ona shahriga turmushga chiqqanman. Taqdir taqozosi bilan hovli uchun yer sotib olganimizdan keyin uch o‘g‘limizni olib, ishlash uchun oilaviy Rossiyaga bordik. U yerda bir necha yil ishlab, mana shu ikki xonali imoratni tikladik.

12 yil deganda Qo‘qon davlat pedagogika instituti talabasi bo‘lish baxti nasib qildi. Har kuni soat 4:50da turaman. Nonushta tayyorlab, so‘ng yo‘lga — shahar markaziga borish uchun mashinaga chiqaman. Keyin u yerdan avtobusga o‘tirib, soat 8:30da birinchi paraga yetib boraman».

U ro‘zg‘orda turmush o‘rtog‘iga yordam beradi. O‘qishga borib kelishiga bir kunda 50 ming so‘m pul sarflar ekan.

«Dam olishga vaqtimiz deyarli bo‘lmaydi. Qachon dam olganimni, to‘g‘risi, eslay olmayman. Haftada 3 kun institutga boraman. Qolgan kunlari farzand tarbiyasiga e'tibor qarataman.

Oila iqtisodini faqat erkak kishi zimmasiga qo‘yib qo‘yish hozirgi zamon talabiga to‘g‘ri kelmaydi. Ayol kishi birgalikda harakat qilsagina oilada baraka bo‘ladi. Shuning uchun ham birgalikda ro‘zg‘or uchun xo‘jayinimga yordam beraman.

Marg‘ilon shahrida onamning kichik do‘koni bor. O‘qishdan bo‘sh kunlarim onamga do‘konda qarashaman. Uzoq masofaga borib o‘qiganim uchun ko‘p pul ketadi. Qo‘qon shahriga borib kelishning o‘zi bo‘lmaydi».

Uy bekasi bir kun kelib qishloqda ham sharoitlar yaxshi tomonga o‘zgarishiga umid qilib yashaydi.

«Kontrakt to‘lovim 6 million 400 ming so‘mni tashkil qiladi. Stipendiya olmayman. To‘lov-kontrakt summasining 1/3 qismini to‘ladik. Ta'lim krediti olishga harakat qildik. Lekin amalga oshmadi. Summaning qolgan qismini to‘lashga harakat qilyapmiz»

U qishloqda yashashning murakkabligi, yaxshi va yomon tomonlari haqida ham gapirdi.

«Bu yerda narsalar pul bilan o‘lchanmaydi. Masalan, yozda shaftoli, gilos va olma kabi mevalar pishadi. Odamlar mevalarni ham bir-biriga ochiqko‘ngillik bilan beradi. Bu qishloqda hamma bir-birini taniydi. Yoshi ulug‘, ma'naviyatli insonlar ko‘p qishlog‘imizda.

Noqulay tomonlari haqida gapirsam, qishloq shahardan uzoqda. Markaziy supermarketlar yo‘q. Ehtiyoj uchun shaharga borishga to‘g‘ri keladi. Ro‘zg‘or xarajatlarini shahardan tashib kelamiz. Sumka to‘la narsa bilan 3 kilometrlab yo‘l bosib, uyga piyoda kelamiz. Qishloqlarimiz rivojlanishi, imkoniyatlar yaratilishiga umid qilib yashaymiz».

Uy bekasi imorat qurish uchun Rossiyaga oilaviy ketganlari haqida esladi. Oila 10 yil ijarada yashagan.

«O‘z uyingda yashash, qo‘rg‘oning bo‘lishi, farzandlaring bilan bir piyola issiq choyni, bir qoshiq ovqatni xotirjamlik bilan ichishni biz haqiqiy baxt, deb bilamiz.

Turmush o‘rtog‘im Rossiyaga ishlash uchun ketganidan keyin bolalarimni olib ortidan bordim.

Musofirchilikda oson emas. Farzandlarim Rossiyada dastlabki 6 oy mobaynida uyda o‘tirishdi. Keyin ularni bog‘cha va maktabga joylashtirdik. Ta'lim muassasasiga joylashtirish ham oson bo‘lmadi. Musofirchilikda ming xil xayol. Ming xavotirda turasiz. Farzandlarim bog‘chada yaxshi yuribdimikan, degan xayollar o‘tadi.

Sankt-Peterburg shahri chekkasidagi «Shishkina Lampushki» degan zooparkda ishladik. Turmush o‘rtog‘im hayvon o‘rgatuvchi, men esa hayvonlar oziq-ovqat ta'minotchisi bo‘lib ishladik.

U yerda namgarchilik yuqori edi. Har kuni yomg‘irli kun bo‘lardi. Har zamon quyosh chiqqanini ko‘rib ko‘zimizdan yosh chiqib ketardi. Ota-onangizni sog‘inasiz. Jigarlaringizni ko‘rgingiz keladi.

U yerda ortiqcha yeb ichilmaydi. Topgan pulimizning bir qismini uyga jo‘natsak, bir qismini o‘z ehtiyojlarimiz uchun ishlatar edik.

Pul topish uchun zooparkda O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan yovvoyi hayvonlar bilan ishlaganman. Hayvonlar ham inson mehrini his qilarkan. Inson ularga qancha mehr bersa, o‘zimizning o‘zbek tilida gapirsak ham zooparkdagi hayvonlar buni his qilishardi. Ochiqko‘ngil bo‘lib ishlasangiz boshliqlar ham buni bilishadi. Evaziga oylikni ham vaqtida to‘lashadi».

Oila 14 yil avval Kokilon qishlog‘idan yer sotib olgan. O‘tgan yili karantin paytida er-xotin mana shu uyni qurayotgandi.

«4 yil davomida yig‘gan pulimizni olib kelib, uyni 9 oyda tikladik. Imkon qadar uyni bitkazib, ko‘chib chiqishga harakat qildik.

Yashashga uyimiz bo‘lmagani uchun yanvarda Rossiyadan keliboq uy qurishga kirishganmiz. Qishda chillani chilla, sovuqni sovuq demadik. Karantin ayni kuchaygan paytda ham bittalab g‘ishtlarini terib, uyni birgalashib tiklashga harakat qildik. Maqsad — uyimizni tezroq bitirish edi.

9 oyda 2 xonali uyni tiklashga erishdik. Uy qurilishida ustalar ham yordamlashdi. Asosiy ishlarini xo‘jayinimning o‘zi qilgan. Turmush o‘rtog‘im Rossiyada ko‘p yillar ishlagani uchun qo‘lidan ko‘p hunar keladi».

Oila boshlig‘i turmush o‘rtog‘ining institutdagi kontraktini to‘lash va ikki xonali uy yoniga qo‘shimcha uy solish uchun yana Rossiyaga ketmoqchi.

«Turmush o‘rtog‘imning hozirgi kunda ishlari vaqtincha bo‘lib turibdi. Qishda montaj va ustachilik ishlari kam bo‘lyapti. Ular endilikda yana Rossiyaga ketadi. Farzandlarim ehtiyoji uchun ham, kontrakt to‘lovimni to‘lash uchun daromad keladigan joy yo‘q. Hali oldinda 4-5 yil o‘qish turibdi. Shularni hisobga olib turmush o‘rtog‘im yana Rossiyaga borishlari kerak.

O‘g‘illarim uchun yana 4 xona uy solishimiz kerak. Mashina olishimiz kerak. Oldimizda shunday rejalarimiz bor. Ro‘zg‘ordan orttirib biror narsa qila olmadik».

Malohat Mamajonova yana qishloq muammolari haqida to‘xtaldi.

«Qishlog‘imizga ichimlik suvi yetib kelmagan. Hammaning uyida quduq bor. Qishloq yerlarida 12-14 metrdan suv chiqadi. Quduq suvi ichishga yaroqlimi yaroqli emasmi bilmaymiz, hali laboratoriya tekshiruvidan o‘tmagan. Ilojsizlikdan shu suvdan foydalanamiz. Tindirib, qaynatib ichishga majburmiz.

Svet masalasida aytadigan bo‘lsak, yaqin o‘rtada transformator joylashmagan. Qishloqda kundan kunga aholi soni ortib boryapti. 5 km uzoqlikda joylashgan fermadan liniya tortib kelganmiz. O‘sha liniyada ham 155 volt yonadi, xolos. 220 voltga bormaydi.

Qish-qirovli kunlarda svet ko‘p o‘chadi. Chunki gorsvetning ham bu yerda aybi yo‘q. Hamma uyni isitishga to‘g‘ri kelgani uchun nagruzka ko‘payib ketadi. Qishlog‘imiz odamlari o‘tin, ko‘mir, tappi yoqib, elektr isitkich bilan isinyapti.

Ko‘chalarimizga mashina kirishi uchun sharoit yo‘q. Asfaltlanmagan. Qishloqda 5ta mahalla bor bo‘lsa, biror joyga chiroq o‘rnatilmagan. Kechasi hamma yoq zim-ziyo bo‘ladi. Tulki yoki chiyabo‘ri uy jonivorlariga hujum qiladi.

Yaqinda kechasi farzandimning to‘satdan sog‘ligi yomonlashdi. Tez tibbiy yordam chaqirdik. Ular bir yarim soat davomida ko‘chamizni axtarishibdi. Tasavvur qiling, o‘sha paytda onaning ahvoli qanday bo‘ladi.

Gaz quvurni o‘tgan yili hashar yo‘li bilan 4ta mahalla ahli tortib keldi. Ikki ko‘chaga gaz quvuri tortilmay qolib ketdi. Mahallagacha 300 metr qoldi, xolos. Mahallamizga quvurni tortib kelish uchun 9 million so‘m mablag‘ ketar ekan.

Aksariyat aholi kam ta'minlangan, o‘zimizga o‘xshagan oylikka yashayotgan oddiy insonlar bo‘lgani uchun mablag‘ yig‘a olmayapmiz. Homiy ham topilmayapti».

* * *

Uy bekasining gaplariga quloq tutib, qishloqda yashashning o‘ziga yarasha mashaqqati bo‘lishini yana bir bor his qilasiz.

Odamlarda tinim yo‘q... Qo‘shni ayol g‘ichirlatganicha quduqdan suv tortdi. Qaysidir uydagi mo‘ridan tutun chiqdi. Hovli ro‘parasidagi shaftolizorda bog‘bon o‘g‘li bilan arava yetaklab o‘tib ketdi. Daraxtlarning tilla rangga kirgan barglari istar-istamay shitirlaganicha yerga to‘kiladi.

Taqdirini shu zamin bilan bog‘lagan matonatli insonlar umrguzaronlik qilayotgan qishloq bilan xayrlashdik...

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid