O‘zbekiston | 18:28 / 06.12.2021
13714
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 20 yilda avtomobillar soni 2,6 milliontaga ko‘paygani ma'lum qilindi

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Olim Saidovning aytishicha, respublikadagi transport vositalari soni 2001 yildagiga nisbatan 2 mln 575 mingtaga ko‘paygan.

“Respublikamizda tadbirkorlik, xususiy sektor rivojlanayotgani natijasida transport vositalarining ham soni ortib bormoqda. 2001 yilda O‘zbekiston Respublikasida 1 mln 200 mingta transport vositasi bo‘lgan. 2021 yilning 1 dekabr holatiga respublikamizda 3 mln 775 mingta transport vositasi mavjud. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, avtomobillar soni har yili o‘rtacha hisobda 300 mingtaga ko‘paymoqda.

Avtomobillar soni ortib borgandan keyin ular uchun xavfsiz yo‘llar ta'minlanishi kerak. Yo‘l infratuzilmasi hamda logistik tartib o‘rnatilishi kerak. O‘zbekiston jamoat xavfsizligi konsepsiyasida belgilangan “Ravon yo‘l” tamoyili deganda 4 ta ustuvor yo‘nalishni tushunishimiz kerak.

Birinchi navbatda, maktabgacha ta'lim tashkilotlaridan boshlab oliy o‘quv yurtlari, haydovchilarni tayyorlash tashkilotlarida yo‘lda harakatlanish madaniyati, o‘zaro hurmat shakllantirib boriladi. Ikkinchi yo‘nalish – yo‘l infratuzilmamizning transport vositalarining harakatlanishiga to‘g‘ri kelish-kelmasligi. Uchinchi yo‘nalish esa yo‘l harakatiga mas'ul bo‘lgan nazorat organlari faoliyatini takomillashtirish hamda ularning vazifalarini aniq belgilab berish. To‘rtinchi yo‘nalish bu harakat xavfsizligini ta'minlash, YTH natijasida jarohat olganlarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish.

“O‘zbekiston jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni asosida yo‘l harakati xavfsizligi tizimiga 23 ta muhim vazifa belgilab berildi. Bu vazifalar albatta “Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qonunda o‘z ifodasini topadi. Chunki shu paytgacha “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun bo‘lgan, lekin yo‘l harakatini tashkil etish, ya'ni yo‘l infratuzilmasiga mas'ul vazirlik va idoralar majburiyatlari aniq belgilanmagandi. Hozirgi kunda mazkur qonun loyihasi ustida jadal ishlayapmiz. Yaqin kunlarda tegishli tartibda ushbu hujjatni aloqador vazirlik va idoralarga, undan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim qilamiz”, deb aytgan Olim Saidov Xalqaro press-klubning 1 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida.

Davlat statistika qo‘mitasi shu yilning avgustida aholida 2,8 millionta yengil avtomobil mavjud ekani, sentyabrda esa O‘zbekistonda har 100 ta uyga o‘rtacha 50 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelayotganini ma'lum qilgandi.

Statqo‘mga ko‘ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O‘zbekistondagi avtotransport vositalarining soni 2 955 295 tani tashkil etgan. Bu faqat jismoniy shaxslarga tegishli mashinalar bo‘lib, bunda yuridik shaxslarga tegishli avtotransport inobatga olinmagan.

2021 yilning yanvar–sentabr oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 67 588 ta kam yengil avtomobil ishlab chiqarilgan, benzin ishlab chiqarish hajmi esa 5,7 foizga o‘sib, 9 oyda 815 ming tonnaga yetgan.

Mavzuga oid