Jizzax viloyati hokimi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini nishonlashga qariyb 2 mlrd so‘m ajratdi
Ergash Soliyevning farmoyishi bilan viloyatda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini nishonlash uchun 1,89 mlrd so‘m ajratildi. O‘tgan hafta Jizzax viloyati maktablarga eng kam pul ajratadigan viloyatlar ro‘yxatiga kirgandi. Bu yerda o‘rtacha bir nafar maktab o‘quvchisi uchun yo‘naltirilgan mablag‘ miqdori Andijondagidan 10 baravar, Qoraqalpog‘istondagidan 9 baravarga kam.
Jizzax viloyatida 2021 yil 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayramini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha viloyat hokimining tegishli farmoyishi imzolandi.
“Viloyat moliya boshqarmasi (A.Rahmatullayev) viloyat mahalliy budjeti daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi mablag‘lari hisobidan Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayramini yuqori saviyada nishonlash uchun 1 894 814 000 (bir milliard sakkiz yuz to‘qson to‘rt million sakkiz yuz o‘n to‘rt ming) so‘m mablag‘ni viloyat hokimligiga ajratsin”, deyilgan Ergash Soliyev imzolagan farmoyishda.
Hokimlik rasmiy izohida tushuntirishicha, bu mablag‘ ajratilishi 27 noyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan yig‘ilishdagi topshiriq ijrosi bilan bog‘liq.
Yig‘ilishda “Hosil bayrami”ga tayyorgarlik ko‘rish va uni nishonlash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Hokimlik shunga asosan qariyb 1,9 mlrd so‘mni 11 dekabr kuni Do‘stlik tumanida 20 ming aholiga xalq sayli tarzida “Hosil bayrami” tashkil etish, 12 dekabr kuni mingga yaqin agrar soha faollarini rag‘batlantirish va bayram tadbiri tashkil etish uchun ajratgan.
Ma'lumot uchun, o‘tgan hafta Jizzax viloyati maktab o‘quvchilarga eng kam pul ajratilgan viloyatlar uchligidan joy olgandi. Jizzax viloyatida har bir o‘quvchi soniga ajratilgan o‘rtacha mablag‘ miqdori (9940 so‘m) Andijon viloyatidagi ko‘rsatkichdan (95260) 9,5 barobarga, Qoraqalpog‘istondagi ko‘rsatkichdan 8,6 baravarga kam.
Avvalroq Kun.uz Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yangikent mahallasida aholi ichimlik suvni bir necha yildan beri sotib olayotgani, hududga toza ichimlik suv tortib kelish masalasi viloyat miqyosida ko‘tarilgan bo‘lsa-da, natija bo‘lmayotgani haqida xabar bergandi.
Bundan oldin viloyat hokimining qizi Nargiza Soliyevaning “My Flower” korxonasi Jizzax shahri markaziy ko‘chalariga gul va manzarali o‘simliklar ekish bo‘yicha jami qiymati 4 mlrd so‘mga yaqin 3ta davlat buyurtmasini qo‘lga kiritgani e'tirozlarga sabab bo‘lgandi.
Shu yil aprel oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Kun.uz savoliga javoban bu masalaga munosabat bildirishdan qochgan, ish prokuraturaga oshirilganini ma'lum qilish bilan cheklangan edi xolos.
Avgust oyida Ergash Soliyev “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
Mavzuga oid
16:45 / 22.12.2024
Jizzaxda tadbirkorning binosi uchun foydalanishga ruxsatnoma olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
07:35 / 20.12.2024
Qishloq xo‘jaligi vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
12:40 / 19.12.2024
Jizzax viloyatiga yangi hokim tayinlandi
12:23 / 19.12.2024