Jamiyat | 11:33 / 11.12.2021
34088
11 daqiqa o‘qiladi

Nemislardan o‘g‘irlangan «Ural» va «Dnepr» mototsikllari: nega tog‘liklar ulardan hamon foydalanmoqda?

Tog‘li hududlarda bugun kajavasi o‘rniga taxta qoqilib, yuk tashishga moslashtirilgan «Ural» va «Dnepr» mototsikllarini uchratish mumkin. Bu epchil transport vositasi turli yuklarni tashishda yuk mashinalarining o‘rnini egallagan.

O‘zbekistonda hanuzgacha odamlar foydalanib kelayotgan «Ural» va «Dnepr» mototsikllari ilk bor o‘tgan asrning 30-yillari oxirida Germaniyaning BMW kompaniyasi tomonidan «BMW R71» nomi ostida ishlab chiqarilgan. 1941 yilda nemislar sovet ittifoqiga bostirib kirganda nemis piyoda askarlarining aksariyati «BMW R71» mototsikllarida harakatlangan. Keyinchalik o‘sha mototsikllar SSSRda avvaliga M-72, keyin esa «Ural» va «Dnepr» nomlari bilan ishlab chiqarilgan. Bu rusumdagi mototsikllardan hanuzgacha O‘zbekistonda odamlar foydalanib kelmoqda.

Foto: ussrmoto

BMW R71

1938 yilda Berlin avtosalonida ilk marta BMW kompaniyasining dvigatel quvvati 500 dan 750 santimetr kubgacha bo‘lgan R51, R61, R66, R71 rusumdagi mototsikllari namoyish etiladi. Ular orasidan BMW R71 o‘sha paytda o‘zining mukammalligi va zamonaviyligi bilan Vermaxt (Wehrmacht — Germaniya qurolli kuchlari) qo‘mondonlarining e’tiborini tortadi. Qo‘mondonlik BMW kompaniyasiga ushbu rusumdagi mototsikllardan buyurtma beradi.

Foto: chmotor.cn
Foto: ebay.com

BMW R71’ning dvigatel hajmi 2 silindrli, 22 ot kuchiga ega bo‘lgan va ancha pishiq ishlangan. Shu sababli og‘ir sharoitda va nosoz yo‘llarda ham bemalol harakatlangan. Shuningdek, og‘ir harbiy texnikalardan farqli ravishda ixchamligi uchun u tor joylardan o‘tib keta olgan. Ushbu mototsiklga kajava ham o‘rnatilgan va unda uch nafar nemis askari joylashgan. Shuningdek, kajavaga pulemyot o‘qotar quroli o‘rnatilgan.

Foto: livejournal.com

Motosiklning maksimal tezligi soatiga 105 kilometrni, kajavasiz 125 kilometrni tashkil etgan. BMW R71 soatiga 60 kilometr tezlikda harakatlanganda har 100 kilometrga 4,5 litr benzin sarflagan. Motosiklda havo bilan sovitish tizimi o‘rnatilgan.

M-72

1941 yilda SSSRda nemislardan litsenziya olmasdan BMW R71 mototsikli M-72 nomi bilan ishlab chiqarila boshlanadi. SSSRda maxsus armiya mototsikllarini ishlab chiqarish to‘g‘risidagi qaror 1940 yilda qabul qilinadi. 1935 yildan 1940 yilgacha BMW zavodida ish o‘rgangan P.Serdyukov boshchiligida Moskvadagi «Iskra» zavodida ixtisoslashtirilgan konstruktorlik byurosi tashkil etiladi.

Harbiy sanoat uchun og‘ir mototsikllarni ishlab chiqarishda nusxa ko‘chirish uchun BMW R71 tanlanadi. Bu uchun Shvetsiyadan yashirin ravishda beshta mototsikl sotib olinadi. Ular bo‘laklarga bo‘linib, ehtiyot qismlaridan qoliplar olinadi, so‘ng ishlab chiqarish liniyalari o‘rnatiladi. Shu tariqa, 1941 yil bahoridan boshlab Moskva mototsikl zavodida (MMZ) M-72 nomi bilan nemislarning BMW R71 mototsiklini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: ussrvopros.ru
Foto: nashural.ru

Urush boshlanib, nemislar Moskva ostonasiga yaqinlashib qolgach, zavod Uralda joylashgan Irbit shahriga ko‘chiriladi. 1951 yildan boshlab M-72 mototsikllari Irbit bilan birgalikda Kiyev, Gorkiy (hozirgi Nijniy Novgorod), Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) va Xarkov shaharlarida ishlab chiqariladi.

Foto: irbit.info

M-72 mototsikllari urushdan keyin ham faqat armiya uchun ishlab chiqariladi va aholiga sotilmaydi. Faqat 1955 yilga kelib ular savdoga chiqariladi.

1960-yillardan boshlab M-72 modelini Xitoy ham o‘g‘irlaydi va Chang Jiang S J −750 nomi bilan ishlab chiqara boshlaydi.

Model uchun bahs

Ikkinchi jahon urushi tugaguncha BMW o‘z mototsikllarini, SSSR M-72’ni ishlab chiqaraveradi. Urushda Germaniya yengilgach, mamlakatdagi aksariyat zavodlar kabi BMW ham ma’lum muddat o‘z faoliyatini to‘xtatadi. 1947 yilda kompaniya qayta faoliyat boshlashi uchun ruxsatnoma olganda aynan mototsikllar ishlab chiqarish bo‘yicha muammolarga duch keladi. Bunga sabab, kompaniyaning mototsikl ishlab chiqaruvchi zavodlari Sharqiy Germaniyada sovet qo‘shinlari nazorati ostida qolgan Ayzenax shahrida edi.

Foto: alamy.com

Urush tugagandan so‘ng SSSR Germaniyadan ko‘plab korxonalarni ko‘chirib keta boshlaydi. Ammo Ayzenaxdagi mototsikl zavodining muqobili SSSRda borligi uchun bu korxonaga tegmaydi.

Ittifoqchilar (Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya) bosimi ostida BMW o‘z faoliyatini to‘xtatganda ham, sovetlar nazoratida bo‘lgan Ayzenaxdagi zavod BMW logotipi bilan mototsikllar ishlab chiqarishda davom etaveradi. Bu BMW kompaniyasining e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Ammo o‘sha paytda kompaniya chorasiz edi.

BMW 1947 yilda yana mototsikl ishlab chiqarish uchun ruxsatnoma oladi va G‘arbiy Germaniyada yangi zavod quradi. Barcha ishlab chiqarish liniyalari Ayzenaxda qolib ketgani sababli yana mototsikl ishlab chiqarishi uchun kompaniya hammasini boshidan boshlaydi. Nihoyat 1948 yilda BMW G‘arbiy Germaniyadagi mototsikl zavodini ishga tushiradi. Endi BMW markasi ostida mototsikl ishlab chiqarishda davom etayotgan Ayzenaxdagi zavod faoliyatiga chek qo‘yish lozim edi.

BMW kompaniyasi Sharqiy Germaniyadagi zavodni xalqaro sudga beradi. O‘sha paytda Germaniya sharqida tayinli hukumat bo‘lmagani uchun Ayzenaxdagi zavodni to‘xtatishning imkoni bo‘lmaydi. 1952 yilda Germaniya sharqida sovetlar rahnamoligida yangi davlat – Germaniya demokratik respublikasi tashkil etiladi. Uzoq davom etgan jarayonlaridan so‘ng o‘sha yili sud Ayzenaxdagi zavod BMW qaramog‘iga o‘tishi (buning o‘sha paytda umuman iloji yo‘q edi) yoki nomini o‘zgartirishi lozimligi haqida qaror qabul qiladi.

Shundan so‘ng, bu zavod o‘z nomini Eisenacher Motorenwerk (EMW) deb o‘zgartiradi va ishlab chiqarayotgan mototsikllarini EMW logotipi bilan ishlab chiqara boshlaydi. Garchi BMW Ayzenaxdagi zavod nomini o‘zgartirishga erishgan bo‘lsa ham, u yerda o‘z rusumlarining ishlab chiqarilishiga taqiq qo‘ya olmaydi.

Foto: wikimedia.org

BMW mototsikllarining keyingi taqdiri

BMW garchi sudda yutib chiqqan bo‘lsa ham oradan ko‘p o‘tmay mototsikl ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur bo‘ladi. Gap shundaki, urushdan keyin sanoat inqiloblari natijasida Yevropa mamlakatlari tez fursatda yana iqtisodiy rivojlanib eng ilg‘or davlatlarga aylanadi. Buning ortidan aholining turmush darajasi oshadi va endi odamlar mototsikllar emas, ko‘proq yengil mashinalar sotib ola boshlaydi. Yengil mashinalar savdosi oshib, mototsikllar savdosi pasayib boraveradi.

Aholi o‘rtasida mototsikllarga qiziqish kamaygandan so‘ng, BMW ham asosan sport mototsikllari ishlab chiqarishga o‘tadi. Bugungi kunda ham kompaniya sport mototsikllarini ishlab chiqarmoqda.

«Ural» va «Dnepr»

1961 yildan boshlab M-72 mototsikllarining nomi o‘zgaradi. Irbitdagi zavoddan chiqarilgan mototsiklga «Ural», Kiyevda ishlab chiqarilganiga «Dnepr» deb nom beriladi.

Foto: autogear.ru

SSSR davrida «Ural» va «Dnepr» mototsikllari O‘zbekistonda ham sotilgan. Shuningdek, bu ikki turdagi mototsikllar kolxoz va sovxozlarda ishlagan ilg‘or dehqonlarga, brigada boshliqlariga paxta hamda boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ko‘rsatgan xizmatlari uchun mukofot tariqasida berilgan.

1980-yillarga kelib «Ural» va «Dnepr»da nemislar tomonidan ishlab chiqarilgan BMW R71 modelining asosi saqlab qolingan holda, uning ayrim detallari o‘zgartiriladi. Jumladan, dvigateli biroz kuchayirtiladi va shunga yarasha uning benzin sarfi oshadi.

Foto: pikabu.ru
Foto: 2bike.ru

Ushbu mototsikllarning O‘zbekistondagi foydalanuvchilari o‘sha paytlardayoq ularning kajavasi o‘rniga yog‘och taxta qoqib, qo‘lbola kajava yasab olishgandi. Bunday kajavalarga turli o‘lchamdagi yuklarni osongina joylashtirish mumkin bo‘lgan.

«Dilxiroj» filmidan skrinshot

Har ikkala mototsikl 300 kilogramm yuk ortishga mo‘ljallab ishlab chiqarilgan. Ammo O‘zbekistonda odamlar ularga 500-700 kilogramm atrofida ham yuk ortib ketaverishgan.

Foto: Kun.uz

«Ural» va «Dnepr» mototsikllari bugun

«Ural» va «Dnepr» mototsikllari SSSR parchalanib ketgandan keyin ham Rossiya va Ukrainada kam sonda ishlab chiqarilgan. Ammo O‘zbekistonga ularning yangilari kelmay qo‘ygan. Shunday bo‘lsa ham bugungacha O‘zbekistonning turli hududlarida, ayniqsa tog‘li tumanlarda odamlar bu mototsikllarning 70-90-yillarda ishlab chiqarilganlaridan foydalanib kelishmoqda.

Foto: Kun.uz

Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida yurtimizning turli go‘shalarida «Dnepr» va «Ural»dan foydalanib kelayotgan odamlar bilan suhbatlashdik. Ularning aytishicha hanuzgacha Rossiyadan «Dnepr» va «Ural» mototsikllari uchun ehtiyot qismlar olib kelinadi. Ammo ular juda qimmat. Masalan, hozir «Ural» va «Dnepr» mototsikllarining Rossiya hamda Xitoydan keltirilgan shinasi 600-700 ming so‘m turarkan.

Foto: Kun.uz

 

Shuningdek, «Dnepr» va «Ural» mototsikllaridan ko‘p foydalaniladigan hududlarda ushbu mototsikllarni tuzatadigan ustalar yetarlicha bor.

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda foydalanilayotgan «Ural» va «Dnepr» mototsikllari aksariyatining tegishli hujjatlari yo‘q. Tog‘li qishloqlar katta yo‘llardan va tuman markazlaridan olisroqda joylashgani uchun hozircha odamlar bu turdagi mototsikllardan bemalol foydalanib yurishibdi..

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Montajchi: Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid