O‘zbekiston | 20:51 / 13.12.2021
19548
5 daqiqa o‘qiladi

Nurafshonda Zulfiya Zokirova haykali va kutubxona qurish loyihasi bekor qilinmagan - hokimlik

Toshkent viloyat hokimligi Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasi qurish hamda Nurafshon Business City hududida zamonaviy kutubxona binosi qurilishi bekor qilinmagani, faqat kechiktirilganini ma’lum qildi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyati hokimligi Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish hamda Nurafshon Business City hududida zamonaviy kutubxona binosi qurilishi nazarda tutilgan farmoyishi bekor qilinishi to‘g‘risidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

«Toshkent viloyati hokimligi tomonidan joriy moliya yilini samarali yakunlash maqsadida hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim tadbirlar ko‘lamini inobatga olib, 2021 yil davomida Toshkent viloyati mahalliy budjeti daromadlarining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ishlar uchun ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilishi tahlil qilindi.

Unga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar Toshkent viloyati hokimining 2021 yil 23 apreldagi 144-f-son farmoyishiga asosan kameralar uchun, 2021 yil 30 apreldagi 157-f-son farmoyishiga asosan kichik sanoat zonasida ichimlik va oqova suv tarmoqlarini ulash uchun hamda Toshkent viloyati hokimining 2021 yil 3 noyabrdagi «Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasi va zamonaviy kutubxona binosini qurish to‘g‘risida»gi farmoyishiga asosan ajratilgan mablag‘larni belgilangan tadbirlar bo‘yicha hisob-kitoblar va loyihalashtirish ishlari yakuniga yetmaganligi sababli o‘zlashtirish imkoni mavjud emasligi aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksiga asosan moliyaviy majburiyatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish joriy moliya yili doirasida amalga oshirilishi belgilanganligidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi bilan kelishilgan holda yuqoridagi tadbirlarga ajratilgan mablag‘lar qisman chegirildi.

Shuningdek, viloyatda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlar hajmiga nisbatan qarzdorliklar shakllangan bo‘lib, chegirilgan mablag‘lar viloyatda olib borilayotgan va moliyalashtirilishi zarur bo‘lgan boshqa maqsadlar hamda kreditor qarzdorliklarni bartaraf qilishga yo‘naltirilishi belgilab olindi.

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasi va zamonaviy kutubxona binosini qurish bo‘yicha farmoyish bekor qilinmagan, aksincha, joriy yil moliya yili davomida ajratilgan mablag‘larning ishlatilmagan qismidan samarali foydalanish va boshqa qarzdorliklarni bartaraf etish uchun chegirib olingan.

Ushbu obektga kelgusida aniq hisob-kitoblarga asosan mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutiladi», deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatining sobiq hokimi Davron Hidoyatov 3 noyabr kuni viloyat markazi Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasi qurish va atrofini obodonlashtirish uchun 28,4 milliard so‘m ajratish, shuningdek, Nurafshon Business City hududida zamonaviy kutubxona binosini qurish uchun 6 milliard so‘m ajratish haqidagi farmoyish imzolagandi.

Viloyat hokimligi ma’lumotida bo‘lajak memorial majmua 2,97 gektar hududda park, o‘yin va piknik maydonlari, amfiteatr, terrasali va yopiq turdagi kafelar, favvoralar, tashrif buyuruvchilar uchun qulay o‘rindiqlar va yashil hududlar, piyodalar va velosipedchilar uchun qulay yo‘laklar, bolalar maydonchalarini o‘z ichiga olishi aytilgan.

Zamonaviy 3 qavatli kutubxona 1,1 gektar yer maydonda qurilishi, u funksional zonalar va kompyuter uskunalari bilan jihozlanishi, internet, axborot resurslari va milliy elektron kutubxonadan foydalanish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilgan.

Qayd etish kerakki, yuqorida keltirilgan mablag‘ loyihalash ishlari yakunlanmay turib ajratilgandi.

Bundan oldinroq Nurafshonda Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish hamda Nurafshon Business City hududida zamonaviy kutubxona binosining qurilishini bekor qilgani haqida xabar berilgan edi.

Toshkent viloyatining yangi hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan imzolangan farmoyishda yuqoridagi loyihalar uchun ajratilgan 34 milliard 400 million so‘m mablag‘ viloyat mahalliy budjetiga tiklanishi, ushbu mablag‘dan nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning uy-joylarini ta’mirlash uchun viloyat «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga o‘tkazib berish maqsadida 1 milliard 650 ming so‘m ajratilishi belgilangandi.

Mavzuga oid