O‘zbekiston | 19:00 / 15.12.2021
33338
5 daqiqa o‘qiladi

Chilonzordagi oldi-berdi: Hokimlikka sovg‘a qilingan kvartira lavozimidan ketgan amaldorga nasib qildi

Tadbirkorning hokimlikka yangi qurilgan ko‘p qavatli uydan 3 xonali kvartira “hadya etishi” va u uy to‘ppa-to‘g‘ri tumanning sobiq IIB boshlig‘i ixtiyoriga o‘tkazilishiga oid oldi-berdilarda “sizdan ugina, bizdan bugina” qabilida ish tutilgan bo‘lsa ajab emas.

Chilonzor tumanida ro‘yxatdan o‘tgan quruvchi kompaniya – “AST LIDER” MChJ o‘ziga tegishli 3 xonali kvartirani tuman hokimligiga sovg‘a qildi.

Al-Xorazmiy ko‘chasi 66/8-uy manzilida joylashgan, yangi qurilgan ko‘p qavatli uydagi kvartira maydoni – 95 metr kvadrat.

Al-Xorazmiy ko‘chasidagi 66-sonli uylar / Foto: Kun.uz

Chilonzor hokimi Shavkat Mavlonov uyni qabul qilib olish haqidagi qarorni 11 noyabr kuni imzolagan. Xuddi shu qarorda xonadonni tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i deb ko‘rsatilgan Ikrom Tillayevga xizmat uyi sifatida biriktirib berish buyurilgan.

Avvalroq Xpress loyihasi bu qarordagi e’tiborga molik uchta jihatni sanab o‘tgandi. Kun.uz mazkur jihatlarni yana bir bor eslatib o‘tgan holda, tegishli mas’uldan izoh so‘radi.

Birinchi masala, hokim qarori chiqqan paytda uy berilgan Ikrom Tillayev qarorda yozilgan mansabidan ketib bo‘lgan edi. Podpolkovnik Tillayev Chilonzorning bosh melisasi lavozimiga 2018 yil avgustda kelgan. 2021 yil avgustda esa bu lavozimga podpolkovnik Farhod Jabborov tayinlangan.

Ikrom Tillayev (o‘rtada) / Foto: Uznews.uz

Ikkinchi masala – tuman hokimi Shavkat Mavlonov va Ikrom Tillayev o‘rtasidagi bog‘liqlik. Shavkat Mavlonov faoliyati davomida ichki ishlar tizimida katta lavozimlarda ishlagan. U 2017 yilda Chilonzor tumani IIB boshlig‘i bo‘lganida, Ikrom Tillayev uning birinchi o‘rinbosari edi. Oradan 4 yil o‘tib, u sobiq hamkasbini tadbirkor orqali xizmat uyi bilan siyladi.

Shavkat Mavlonov, Chilonzor tumani hokimi / Foto: Toshkent shahar hokimligi

Uchinchi va eng asosiy masala esa – nega tadbirkor o‘zidan o‘zi hokimiyatga uy sovg‘a qilgan? Bu vatanparvarlikmi yo uni majburlashganmi yoki bu yerda “sizdan ugina, bizdan bugina” tamoyili ishlayaptimi?

Toshkent shahar hokimligi “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” DUK Chilonzor tumaniga biriktirilgan guruh rahbari J.Kashibxanova Kun.uz so‘roviga javoban Toshkent shahar IIBB 2021 yil 15 aprelda o‘sha paytda Chilonzor IIO FMB boshlig‘i lavozimida ishlagan Ikrom Tillayev ichki ishlar organlarida 19 yildan buyon xizmat qilib kelayotgani inobatga olib, tuman hokimligi tasarrufida bo‘lgan uy-joylardan xizmat xonadon ajratishni so‘rab tuman hokimligiga xat bilan murojaat qilgani, “AST LIDER” MChJ o‘ziga tegishli bo‘lgan ko‘p qavatli turar-joydagi xonadonni o‘z ixtiyoriga ko‘ra tuman hokimligi tasarrufiga topshirgach, Al-Xorazmiy ko‘chasi, 66/8-uyda joylashgan ushbu xonadon tuman hokimligi tasarrufiga qabul qilib olinib, so‘ngra hozirgi kunda Yakkasaroy tumani IIO FMB boshlig‘i lavozimida xizmat qilayotgan Ikrom Tillayev va uning oilasiga “xizmat xonadoni” sifatida ajratilganini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, bu jarayonda hech qanday manfaatdorlik yoki suiiste’molchilik qilinmagan, “uzoq yillar aholining osoyishtaligini saqlash uchun ichki ishlar tizimida xizmat qilib kelgan xodim”ga me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida Toshkent shahar IIBBning murojaatiga ko‘ra, tuman hokimligi tomonidan uy ajratilgan.

Biroq tuman hokimligi mulozimi 2021 yilning 11 noyabrda chiqarilgan hokim qarorida Ikrom Tillayev nima uchun haqiqatga zid ravishda Chilonzor tumani IIO FMB boshlig‘i deya ko‘rsatilgani, bu eng kamida hujjat soxtakorligi bo‘lishi mumkinligiga izoh bermagan.

Qolaversa, tadbirkorning bozordagi bahosi 70 ming dollar turadigan kvartirani evaziga hech narsa so‘ramay tuman hokimligiga sovg‘a qilishi baribir turli shubha-gumonlar va savollarni yuzaga keltiraveradi.

Avvalroq fuqaroning Toshkent shahar hokimligiga Mercedes-Benz S500 avtomobini sovg‘a qilganiga munosabat bildirgan Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonov ayrim hollarda homiylik niqobi ostida xizmat ko‘rsatish holatlari borligini qayd etgandi.

Mavzuga oid