Andijonda qizining nomusiga tekkan yigitni o‘ldirgan ota 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Ota yigitning tanasiga pichoq bilan zarba bergan va qarshilik ko‘rsatolmay yotib qolganidan foydalanib, uni sim bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan.
1 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati Jalaquduq tuman sudida qizining nomusi uchun qotillikka qo‘l urgan Sh.A.ga hukm o‘qilgan. Bu haqda Kun.uz’ga Andijon viloyat sudi axborot xizmati ma’lum qildi.
Sud hukmida aytilishicha, Andijon tumanida yashovchi Sh.A.ning 2003 yilda tug‘ilgan qizi M.F. 2020 yil 20 noyabr kuni arazlab uyidan chiqib ketib qolgan. Keyinroq u o‘sha kecha avvaldan gaplashib kelgan yigiti Sh.I. bilan tunni boshqa joyda o‘tkazgani ma’lum bo‘ladi.
Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng M.F.ning ota-onasi yigit va uning yaqinlari bilan gaplashib, qizga sovchi jo‘natish, qizini to‘y qilib olib chiqib ketishlari kerakligini aytishadi. Lekin oradan bir necha oy o‘tsa-da, Sh.I.dan sovchi kelmaydi. Sh.I. qizning uyidagilariga mashina va uy olib berishsagina uylanishi mumkinligini bildiradi.
Bir safar yigit qizni urganidan xabardor bo‘lgan ota qiziga yigitni uyga chaqirishini, u bilan to‘y haqida gaplashib olishini aytadi.
Yigit 17 may kuni soat 18:00lar atrofida qizning uyiga keladi. Sh.I. bilan yolg‘iz qolgan ota undan qizini nima sababdan urganini so‘raganida, u qizni bir yigit bilan telefonda gaplashgani uchun urganini aytadi. Keyin esa Sh.A. yigitdan qachon to‘y qilishini so‘raydi. Yigit uning qiziga uylanmasligi, qizi bilan jinsiy aloqada bo‘lganini telefoniga tasvirga olgani, videotasvirni internetga chiqarib, uni va oilasini sharmanda qilishini aytganida, ota g‘azabga minib stol ustida turgan chinni choynakni olib, yigitning yuz qismiga uradi. So‘ngra uning yuziga qo‘li bilan bir necha marta zarba beradi, badanining turli qismlariga xo‘jalik pichog‘i bilan yengil tan jarohati yetkazadi. Yigitning qarshilik ko‘rsatolmay yotib qolganidan foydalanib, uni sim bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi.
Sud hukmi bilan Sh.A. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Avvalroq, Andijonda qimor sabab qo‘shnisini o‘ldirgan yigit 14,5 yilga qamalgani haqida xabar berilgandi.
Mavzuga oid
15:01 / 17.12.2024
Andijonda fuqarolarning mashinalarini ijaraga olib, ularni yo‘q qilish bilan shug‘ullangan yirik uyushgan guruh ustidan sud boshlandi
13:56 / 28.11.2024
Andijonda sel oqizib ketgan ko‘prik aytilgan vaqtda bitkazilmadi. Yangi muddat – 1 aprelgacha
19:44 / 26.09.2024
“Odamlar qiynalyapti” - Andijonda sel oqizib ketgan ko‘prik qachon tiklanadi?
16:47 / 18.10.2023