Jamiyat | 16:05 / 15.12.2021
10962
2 daqiqa o‘qiladi

Urganch shahrida yangi yerosti avtomobil yo‘li ochildi

Xorazm viloyati, Urganch shahrining markazida bunyod etilayotgan «Jaloliddin Manguberdi xiyoboni»dagi yerosti avtomobil yo‘li foydalanishga topshirildi. 

Foto: Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

Tunnelning  uzunligi 500 metr, kengligi 17 metrni tashkil etib,  loyiha bo‘yicha soatiga 3200 ta avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega.

Yangi inshootning ochilish marosimida viloyat hokimi Farhod Ermanov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari va yoshlar  ishtirok etdilar. 

Bunday yerosti avtomobil yo‘li Respublika viloyatlari ichida ilk bor Xorazmda bunyod etilmoqda. Uning qurilishida 140 ta maxsus texnika  hamda 1800 nafardan ziyod malakali injyenerlar, quruvchi va  ustalar mehnat qildilar.

Foto: Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati
Foto: Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati
Foto: Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalari shahardagi eng tirband yo‘llardan bo‘lib, al-Xorazmiy ko‘chasida sutkasiga o‘rtacha 18 ming, Islom Karimov ko‘chasida 14 ming dona  transport vositasi harakatlanadi. Yerosti yo‘li qurilishi natijasida ushbu chorrahadagi tirbandlik bartaraf etilishi kutilmoqda. 

Yerosti yo‘li qurilishi bilan birga Qirg‘izyop kanalining shu hududdan oqib o‘tuvchi qismi yangidan betonlashtirildi,  zamonaviy panjaralar o‘rnatilib,  obodonlashtirish ishlari bajarildi. 

«Jaloliddin Manguberdi xiyoboni»ning asosiy elementi – ot ustida qilich o‘ynatib turgan sarkarda haykalining ochilish tadbiri keyinroq o‘tkaziladi.

Mavzuga oid