O‘zbekiston | 15:21 / 16.12.2021
19354
3 daqiqa o‘qiladi

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi ekologik fojia yoqasida. Hukumatga parlament so‘rovi yuborildi

Senat majlisida hukumatga sho‘rlanish, baliqlarning kamayib ketayotgani va boshqa muammolarni hal qilish bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi.

Foto: Sangzor.uz

Senator Risqul Siddiqov yalpi majlisda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida yuzaga kelayotgan ekologik muammolar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasini ko‘tardi.

Senatorning ma’lum qilishicha, ko‘llar tizimining suv hajmi 1994–2000 yillarda 44 mlrd kubometr bo‘lib, hududning umumiy maydoni 350 ming gektarga, uzunligi 250 kilometrga yetgan bo‘lsa, «Chordara» suv omboridan 2013-2021 yillarda ko‘llar tizimiga suv tashlanmagani bois suv hajmi qariyb 34 mlrd kubometrga tushib qolgan. Natijada ko‘llar tizimidagi suv sathi 2 metrga pasayib, minerallashganlik darajasi so‘nggi 10 yilda sezilarli darajada oshgan. Bu esa baliqlarning urchishiga to‘sqinlik qilmoqda. Yillik suvlarning parlanishi 10 foizni tashkil etmoqda.

«Suv sathi pasayishi va suv tarkibi sho‘rlanishi natijasida ayrim qirg‘oq bo‘ylari 15-50 metrga ortga chekinib, 15–20 sm.gacha tuz qatlami hosil bo‘lgan. Bu esa kuchli shamol vaqtida tuzli changlarga sabab bo‘lmoqda, qishloq xo‘jaligi yerlari ekin maydonlariga va inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», deydi Risqul Siddiqov.

Senatorning qo‘shimcha qilishicha, hududda baliq zaxiralarini saqlab qolish va himoya qilish bo‘yicha nazorat tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida noqonuniy baliq ovlash holatlari uchramoqda. Belgilangan me’yorlar asosida baliqlantirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, ekoturizmni rivojlantirish, suvning sho‘rlanish darajasini yumshatish ishlari tizimli tashkil etilmagan.

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev ham vaziyat jiddiy ekanini ta’kidladi.

«Masala hozir aytilganidan ham og‘irroq», deydi viloyat hokimi.

U muammodan shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevning ham xabari borligi va shu bo‘yicha prezident ishtirokida selektor o‘tkazilganini, ayni damda prezident qarori loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgan.

Yalpi majlis yakunida hukumatdan sanab o‘tilgan muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida tushuntirish berishni so‘rab parlament so‘rovi yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning oktyabrida Shavkat Mirziyoyev Jizzaxdagi saylovoldi tashviqotida Aydar-Arnasoy ko‘llari hududida ekologik barqarorlikni saqlash bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishini aytib o‘tgandi

Mavzuga oid