O‘zgarayotgan pullar, o‘zgarmayotgan tizim va 3 054 180 - X-News
Muomaladagi pullarning turlari 6 oyda 2 barobarga oshyapti, qanday qilib? “Valyutchik”larga ruxsat berish: Antimonopoliya VS Markaziy bank? Hokim fermernimas, fermer hokimni so‘kkanida nima bo‘lardi? Xpress haftaligida shu va boshqa mavzularda so‘z boradi.
22 dekabrdan boshlab O‘zbekistonda yangi namunadagi 50 ming va 100 ming so‘mlik kupyuralar muomalaga chiqadi. Bank tizimida ishlaydiganlar yoki shu tizimda tanishlari borlar chorshanba kuni ertalabdan yangi pullarni internetdagi profillarida birinchilardan bo‘lib ko‘z-ko‘z qilishlari mumkin.
Demak, buyog‘iga naqd pul bilan muomala qilishda hushyorroq bo‘laverasiz. Axir qog‘oz pullarning xillari 6 oy ichida 2 barobarga ko‘payib ketdi.
Qanaqasiga deysizmi? Shunaqasiga. 14 iyungacha muomaladagi kupyuralarning turlari 5 tagina edi xolos. 22 dekabrdan boshlab esa ularning soni 11 taga yetadi.
Aslida kupyuralarni dizayn jihatdan emas, nominal qiymati jihatidan sanaganda, xalqaro standartga mos – banknotlar soni jami 7ta. Misol uchun, dollar va yevro banknotlari ham 7 xil. Lekin ham yangi, ham eski namunadagi pullar bir vaqtda amal qilayotgani sabab so‘m kupyuralar soni 11tagacha chiqib ketyapti.
Bunga sabab, menimcha, Markaziy bank negadir yangi pullar chiqqanida eskilarini muomaladan yig‘ishtirib olishga shoshilmayapti. Agar yangi pullarni yetkazib berishga ulgurishmayotgan bo‘lsa, yangi 50 va 100 ming so‘mlikni chiqarishni keyinroqqa surib tursa bo‘lmasmidi? Axir 11 xil pulning borligi odamlarga noqulaylik tug‘dirishi aniq-ku.
Naqd pul bo‘yicha buyog‘iga hushyorroq bo‘laverishga yana boshqa sabab ham bor. 10, 20 va 50 ming so‘mlik pullar rangi bir-biriga ancha o‘xshash. 20 ming so‘mlik bir pachka pulning ichiga 1-2ta 10 ming so‘mliklar qo‘shilib qolsa, bilmay qolish mumkin. Ustiga ustak ayni shu uchta banknotning o‘lchami ham teppa-teng.
O‘lchamlar haqida gap ketganda pullar ixchamlashayotganini aytib ketmasak bo‘lmaydi. Hajm jihatdan yangi pullar uch guruhga bo‘linadi. 1-guruh eng kichik pullar: 2 ming va 5 ming so‘mliklar. 2-guruh – 10 ming, 20 ming va 50 ming so‘mliklar. 3-guruh – 100 so‘mlik eng kattasi. Pullarning uzunligi guruhdan guruhga 5 millimetrdan oshib boradi.
Shu bilan birga, bu oltita yangi pulning hammasining eni teng – 69 millimetr. Bu – dollar kupyuralaridan 3 millimetrga katta degani. Hamyon ishlatishga odatlanganlar uchun bu yaxshi yangilik. Chunki eski so‘mlar dollarga mo‘ljallab ishlab chiqarilgan hamyonlarga sig‘mas edi.
Ayni shu hajm tomondan dollar bilan yana bir marta solishtirib ketsak. Yaxshi bilasiz, dollar kupyuralarining hammasi nominal qiymatidan qat’i nazar teng o‘lchamda. Yangi so‘mlarning esa faqat eni bir xil, uzunligi esa aytib o‘tganimizdek uch xil.
Dizayniga kelsak, yangi banknotlarning hammasi Buyuk ipak yo‘li mavzusiga birlashtirildi. Barcha kupyuralarning orqa tomonida takrorlanadigan uchta element bor: sopol idishlar, shoyi matolar va arxeologik yodgorliklar. Pullarning old tomoniga esa tarixiy obidalarning rasmi tushirilgan.
6ta yangi pulning har biri ma’lum bir hududga bag‘ishlangan. 2 ming so‘mlikda Buxoro, 5 ming so‘mlikda Samarqand, 10 ming so‘mlikda Toshkent, 20 ming so‘mlikda Qoraqalpog‘iston, 50 ming so‘mlikda Surxondaryo, 100 ming so‘mlikda esa Xorazm tarixi tasvirlangan.
Ming so‘mlik pulning taqdiri esa hozircha noma’lum. 2001 yildan beri ishlatib kelinayotgan, kirill alifbosidagi yagona kupyura bo‘lib qolayotgan ming so‘mliklar kelgusida tangaga aylanadimi yoki u ham yangilanadimi, hozircha aniq ma’lumot yo‘q.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin. Pullar o‘zi nega yangilanyapti? Rasmiylarning aytishicha, bunga ikkita sabab bor: kupyuralarni bitta tematikaga birlashtirish va zamonaviy himoya elementlarini qo‘llash.
Nega bu haqda, masalan, 2019 yilda – 100 ming so‘mlik banknot muomalaga kiritilgan paytda o‘ylab ko‘rilmagan, degan savol bor. Yana boshqa bir masala – pullarni yangilash xarajatlari qancha? Bu savollarga hozircha javob yo‘q.
Darvoqe, sal qolsa bitta xatoni deb pullarni yangilash xarajatlari oshgan bo‘lardi. Ma’lum bo‘lishicha, 22 dekabrdan muomalaga kiritiladigan yangi namunadagi 50 ming so‘mlikda al-Hakim at-Termiziy maqbarasining tasviri tushirilgan, lekin tasvir ostiga Abu Iso at-Termiziy maqbarasi deb yozib qo‘yilgan.
Shanba kuni Markaziy bank bu xato pullar muomalaga chiqmasidan oldin to‘g‘rilanishini ma’lum qildi.
Valutafurushlarga ruxsat beriladimi?
Pullar haqida gap ketarkan, hafta oxiridagi yangilikka e’tiboringizni qaratamiz. O‘zbekistonda nihoyat “valyutchiklar” faoliyatiga ruxsat berilishi mumkin.
Muhokamaga qo‘yilgan prezident qarori loyihasida, tadbirkorlarga valuta savdosi bilan shug‘ullanish huquqini berish ko‘zda tutilgan.
Bundan maqsad – noqonuniy valuta savdosini legallashtirish. Hozir qonunga binoan valuta savdosi bilan faqat banklar shug‘ullanishi mumkin. Lekin ko‘pchilik banklar shanba-yakshanba kunlari va bayramlarda ishlamaydi. Ish kunlari esa valuta ayirboshlash shoxobchalari soat 6dan keyin yopiladi.
Albatta, bu hali loyiha. Uni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ishlab chiqqan. Bu qo‘mitaning ko‘plab loyihalari shu paytgacha loyihaligicha qolib ketganini unutmaslik kerak.
Undan tashqari, bu masalaga Markaziy bankning munosabati aniq emas. Regulyator xususiy valutafurushlar faoliyatiga ruxsat berilmasligi kerak degan pozitsiyasini bir necha yildan beri aytib keladi.
2019 yili Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bobur Abubakirov buning sababini quyidagicha tushuntirgan edi:
“Ayrim davlatlar, masalan Rossiya va Tojikistonda bu amaliyot joriy qilingan, lekin o‘zini oqlamagan. Ya’ni xususiy sektorga valuta ayirboshlash huquqi berilishi ular tomonidan mazkur vakolatning suiiste’mol qilinishiga olib kelgan. Jumladan, qalbaki valuta sotilishi, noreal kurslar qo‘yilishi, asossiz ravishda katta komissiya to‘lovlari undirilishi kuzatilgan va albatta, oxiriga kelib bundan aholi aziyat chekkan”.
Bu fikrlarda jon bordir albatta, lekin faqat Rossiya va Tojikistonning negativ tajribasiga qarash ham to‘g‘ri emas. Axir xususiy valutafurushlar muammosiz ishlab turgan rivojlangan davlatlar ko‘p-ku.
Bizningcha, Markaziy bank raisi o‘rinbosari aytgan holatlar, masalan, valuta ayirboshlash uchun haddan tashqari yuqori kurslar qo‘yilishi yoki katta miqdorda komissiya undirilishi kabi holatlar ro‘y berishi mumkin, qachonki yetarli darajada raqobat bo‘lmasa. Agar valuta oldi-sotdi qilish uchun litsenziya olish haddan tashqari murakkab va amalda ilojsiz qilib qo‘yilsa, raqobat ham bo‘lmasligi aniq.
Undan tashqari, qora bozor hozir ham bor, minglab odamlar dollarni ko‘chada maydalayapti, lekin Markaziy bank rasmiysi aytganidek qalbaki dollarlar muammosi avj olib ketgani yo‘q-ku?
Keskin qimmatlashgan benzin birozgina arzonlashdi
Shanba kuni “O‘zbekneftgaz” barcha shoxobchalarida Ai-80 benzini narxini 6850 so‘mdan 6500 so‘mga tushirganini e’lon qildi. Bundan tashqari, kompaniya shoxobchalarda tushdan keyin Ai-80 tugab qolishiga qarshi chora ko‘rishga ham va’da berdi.
Esingizdami, narx osmonga chiqqan paytlarda Antimonopoliya qo‘mitasi “ayrim ishlab chiqaruvchilarning ichki bozordagi monopol mavqeyi” narxga ta’sir qilganini aytgan edi. Qo‘mita garchi aniq nomlarni tilga olmagan bo‘lsa ham, benzin qimmatlashishiga bozorning manipulyatsiya qilingani sabab bo‘lganini bildirgandi. Bu, sodda qilib aytganda, ayrimlar “o‘yin qilgan” degani.
Bizningcha, Antimonopoliya qo‘mitasi o‘sha manipulyatorlar kimligini ochiq aytishi kerak. Faqat shugina emas, benzin bozori bo‘yicha batafsil o‘rganishlar natijalari, ayniqsa import bo‘yicha ma’lumotlar to‘liq ochiqlanishi lozim. O‘zbekistonga benzin olib kirayotganlar orasida raqobatni oshirishga oid takliflar kiritilsa, undan ham yaxshi.
Hokim fermerni so‘kdi. Hech qanaqa javobgarlik yo‘q
Bu hafta Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimi O‘ktamboy Qurbonov ekani aytilayotgan shaxs rosa so‘kingani eshitilgan audio tarqaldi. Hokimiyatning o‘zi bu masalada izoh berishdan bosh tortdi.
Bilasizmi, bu yerda muhimi hokimning so‘kingani emas. O‘ktamboy Qurbonov oktyabr oyida O‘zbekistondagi 205 ta tuman-shahar hokimlari orasidan ikkinchi eng yaxshisi deb topilgani ham ahamiyatsiz. Uning ukasi prezident maslahatchisining o‘rinbosari bo‘lib ishlashi ham u qadar muhim emas.
Muhimi – hokim kimni so‘kkani. Aytishlaricha, Qurbonov g‘alla rejasini bajarmagani uchun fermerni haqoratlagan. Bu esa, ming afsuski, iqtisodiyotimizning haqiqiy motori bo‘lishi mumkin bo‘lgan soha haligacha hokimlarning changalida ekanini yana bir marta ko‘rsatib qo‘ydi.
Ikkinchi muhim jihat shundaki, bu audioga hech qanaqa reaksiya bo‘lgani yo‘q. Na huquqiy, na siyosiy javobgarlik masalasi ko‘tarilmadi. Qonunlarimizda mansab vakolatidan chetga chiqish degan moddalar borligini birov eslamadi, tadbirkorlarni himoya qiladigan tashkilotlardan ovoz chiqmadi.
Endi savol. Xuddi shu vaziyatda hokim fermerni emas, fermer hokimni so‘kkanida nima bo‘lardi?
“Buzmasak bo‘lmaydi”
Buzilishga tushgan “Qo‘yliq” bozori bu haftaning ham eng asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Nihoyat rasmiylardan sado chiqdi. Lekin doimgidek, berilgan izohlar yana yangi savollarni o‘rtaga chiqardi.
“Bozorni ko‘chirmasak bo‘lmaydi”, dedi Bektemir tumani hokimi Tapil Mahamadziyoyev. Hurmatli hokim, ayting-chi, Qo‘yliqni ko‘chirmasak bo‘lmas ekan, buni bozorchilarga avvalroqdan aytib qo‘ysa bo‘lmasmidi?
Bozorga kiraverishda katta qilib: “Bozor 1 yildan keyin buziladi, falon joyga ko‘chiriladi” deb nega e’lon yozib qo‘yilmagan? Dabdurustdan hammani majburlab quvish shartmidi?
Hozir biz bozorchilarni xabardor qilish haqida gapirdik, lekin qizig‘i, oddiy savdogarlar uyoqda tursin, hatto bozor ma’muriyati ham bu haqda ogohlantirilmagan. Buni “Qo‘yliq” dehqon bozori direktorining o‘rinbosari Qodirjon Normirzayev ma’lum qildi.
Bozor ko‘chirilishiga qarshi chiqib yo‘lni to‘sganlardan 5 nafari qamoqqa olinganini eshitgan bo‘lsangiz kerak. Biz huquqbuzarlikni oqlamoqchi emasmiz, lekin aytmoqchimizki, minglab odamlar tirikchilik qilayotgan bozorni ko‘chirish haqida gap ketarkan, bu haqda avvalroq e’lon qilinganida balki bunaqa ko‘ngilsizlik ro‘y bermagan bo‘larmidi?
Bundan tashqari, bozor birdaniga emas, bosqichma-bosqich ko‘chiriladi degan Bektemir hokimi yana bir savolga javob berishi kerak: Food City'ga ko‘chib o‘tish haqida savdogarlardan nega ogohlantirish xatlari olingan? Bu xatdagi 1 yanvargacha degan muddatni kim belgilagan?
Savollar ko‘p. Javoblar esa yangi savollarni uyg‘otaveradi. Biz esa shu hafta ma’lum bo‘lgan bitta raqam bilan dayjestga yakun yasaymiz: Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar oyidan sentyabr oyigacha 3 054 180 nafar O‘zbekiston fuqarosi ishlash maqsadida Rossiyaga borgan.
Mavzuga oid
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
20:10 / 14.12.2024
Energetiklarning ob-havo bahonasi, elektr toki defitsitining tugashi va MBda yangi rais - hafta dayjesti
21:00 / 07.12.2024
Parlamentdagi sukunat, BAAdagi hibslar va Turkmaniston bilan kelishuv - hafta dayjesti
23:15 / 30.11.2024