O‘zbekiston | 22:09 / 20.12.2021
50095
3 daqiqa o‘qiladi

«Million foiz haqman» - Ozodbek Nazarbekov yana do‘ppi haqida

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov vazirlik xodimlarining do‘ppi kiyish kampaniyasi boshlashidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda kechgan muhokamalar bo‘yicha munosabat bildirdi.

2021 yil 20 dekabr kuni Toshkent yoshlar forumida ishtirok etgan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Kun.uz muxbiri savollariga javob berdi.

— Do‘ppi masalasida jamoatchilik tomonidan e’tirozli fikrlar ham bildirildi. Bunga qanday qaraysiz?

— Bu masalada shu darajada pastga tushgim kelmayapti. Bu yerda haqligimni million foiz bilaman. Shu millatning vakili sifatida hammamiz do‘ppi kiyaylik deyishga haqqim bor. Bu zo‘rlash yoki majburlash emas. Men shunchaki hammaga eslatdim. Ko‘chada yoshlar chechenlarning do‘ppisini kiyib yuribdi, ularga hech kim indamayapti-ku, men do‘ppi kiymoqchi bo‘lsalaring, bu bizdayam bor, o‘z ota-bobolarimizning bosh kiyimini kiyinglar degan ma’noda aytgandim.

Uyingga borib kiy, ertaga chopon kiydirib, belbog‘ ham taqtirasizlar qabilidagi gaplar bo‘ldi. Biz zo‘ravonlik yoki majburiy tartibda hamma shunday qilsin demayapmiz. Men bitta qadriyatimizni targ‘ib qildim. Agar bunday qilishga haqqim bo‘lmasa, aytinglar.

— «Mendirman Jaloliddin» filmi bo‘yicha kinotomoshabinlar tomonidan bildirilgan tanqidy fikrlarga qanday qaraysiz?

— Filmni suratga olish boshlanganda pandemiya boshlanib qoldi va bu bizning oyog‘imizga bolta urdi, deyish mumkin. Suratga olish jarayoni butun Istanbulda hamma joy yopilib, harakatlar to‘xtagan paytga to‘g‘ri kelib qoldi. Imkoniyatlarimiz cheklanib, xarajatlarimiz oshib ketdi, umuman kutilmagan muammolarga duch keldik. Bo‘ldi, kinoni suratga olish qo‘limizdan kelmas ekan degan holatgacha bordik.

Hammamiz kuzatdik, katta-katta zavodlar ish faoliyatini to‘xtatdi, yirik proyektlar to‘xtab qoldi. Shu jarayondan chiqib ketganimiz ham kichkina gap emas.

— Madaniyat markazlari qurilishi haqida gapirdingiz, ammo buni sezmayapmiz. Qishloq aholisi hamon teatrga tusha olmaydi. Bu muammo sizni qanchalik o‘ylantiradi?

— Maxsus ko‘chma avtoklublar tashkil qilyapmiz. Andijonda, Xorazmda, Navoiyda shu ishlarni yo‘lga qo‘ydik. Pandemiya boshlanganidan keyin Madaniyat vazirligining budjetidan ham mablag‘ kesildi, reja qilingan pullar boshqa tomonga yo‘naltirildi. Respublikaning yillik budjeti tasdiqlanganidan keyin bu masalalar o‘rtaga chiqdi. Shu sabab atigi uchta hududda avtoklublar tashkil qila oldik, xolos. Yangi loyiha bo‘yicha har bir viloyatda bu ishlar amalga oshiriladi. Birinchi navbatda uzoq, chekka hududlarda shu ishlarni yo‘lga qo‘yamiz.

Yana bir rejamiz bor, to‘g‘ridan to‘g‘ri sahnaga aylanadigan furalar tashkil qilish. Ularni olis hududlardagi qir-adirlarga olib borib, yuqori darajadagi konsertlar qilish mumkin.

Mavzuga oid