Jahon | 14:06 / 20.12.2021
8893
4 daqiqa o‘qiladi

NYT: AQSh aviazarbalari oqibatida Yaqin Sharqda Pentagon e’lon qilganidan ancha ko‘p odam o‘lgan

AQShning The New York Times nashri shov-shuvli surishtiruvni e’lon qildi. Unda aytilishicha, AQShning Yaqin Sharq mamlakatlari va Afg‘onistonda o‘tkazgan operatsiyalari oqibatida Pentagon rasman e’lon qilganiga qaraganda ancha ko‘p tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

AQSh 2014 yildan buyon IShID terrorchi tashkilotiga qarshi kurashda Iroq, Suriya va Afg‘oniston hududida aviazarbalar yo‘llagan. AQSh Mudofaa vazirligi rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yildan buyon Iroq va Suriya hududida amalga oshirilgan aviazarbalar oqibatida 1 417 nafar tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Amerikaning 2018 yildan buyon Afg‘onistonda harbiy kampaniyasi davomida esa aviazarbalar sabab 188 nafar ag‘fonistonlik tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Pentagon arxiv ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan NYT hisob-kitoblariga ko‘ra, aslida AQShning bu hududlardagi aviazarbalari ancha ko‘p tinch aholi vakillarining umriga zomin bo‘lgan. Gazeta jurnalistlari 1,3 ming maxfiy ma’lumotlarni tahlil qilgan holda shunday qarorga kelgan. Surishtiruvga ko‘ra, minglab tinch aholi vakillarining o‘limi (ularning aksari bolalar) raqamlarda aks etmay qolgan.

NYT surishtiruvida aytilishicha, AQSh harbiylari uchuvchisiz dronlar yordamida aholi uylari, mashinalar va ijtimoiy obektlarga adashib zarba bergan. Bunga sabab sifatida AQSh razvedkasining sharmandalarcha xato ma’lumot bergani ko‘rsatilgan. Jurnalistlar Pentagonni xato aviazarbalar oqibatini surishtirmaslik va shunchaki tashlab qo‘yganlikda ham ayblagan. AQSh harbiylari razvedkaning xato ma’lumotlarini tahlil ham qilmagan.

Foto: AP

Tinch aholi vakillari o‘lgan holatlarning faqat 12 foizida voqea oqibatlarini o‘rganish tavsiya qilingan, faqat bir marta harbiy operatsiya qoidalari buzilgani qayd etilgan. Ammo tinch aholi vakillari xato sabab o‘ldirilgan holatlar uchun hech bir amerikalik harbiy jazolanmagan va hatto ogohlantirish olmagan.

The New York Times ushbu holatlar haqida ma’lumot olish maqsadida Pentagon rasmiy vakili Bill Urbanga aloqaga chiqdi. Uning aytishicha, dunyodagi eng zo‘r texnologiyalar bilan ham bunday xatolardan qochib bo‘lmaydi: «Xato qilmaslik uchun ko‘p ishlaymiz, diqqat bilan o‘rganish olib boramiz. Xatolarimizdan esa afsusdamiz», degan Pentagon tinch aholi orasida qurbonlar sonini kamaytirib aytganini rad etmay.

Pentagon arxivlari asosida tayyorlangan surishtiruvda aytilishicha, amerikalik harbiylar Yaqin Sharqdagi va Afg‘onistondagi aviazarbalar vaqtida tinch aholi vakillari orasida odamlar o‘lgani haqida 1 311 ta xabar yuborgan. Ushbu holatlarning faqat ikkitasida omon qolganlar va guvohlar ko‘rsatmasi olingan. Faqat birgina holatdagina voqea joyi ko‘zdan kechirilgan. Qolgan 1 310 ta holatda ishlar shunchaki yopib yuborilgan.

Foto: AP

Pentagon o‘lganlar soni yashirilgani aytilsa, doim videoda jasadlar ko‘rinmagani iddaosi bilan ayblovlarni rad etib kelgan. Ammo tashkilot e’lon qilgan videolar unda jasad bor-yo‘qligini aniqlash imkonsiz darajada qisqa bo‘lgan. Aksar hollarda raddiya sifatida hech qanday video ham berilmagan.

Mavzuga oid