O‘zbekiston | 08:20 / 21.12.2021
10000
5 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimi: “Piyoda yurishni targ‘ib qilgan mahalla raisi, rahbarlarni Dubayga jo‘nataman”

20 dekabr kuni Andijon viloyati hokimligi binosida Oltinchi chaqiriq xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashining o‘ttizinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Foto: Kun.uz

Sessiya kun tartibi bo‘yicha viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning "Andijon viloyati hokimining 2021 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2022 yilgi rejalari to‘g‘risida"gi murojaati tinglandi.

Viloyat hokimi to‘rt soat davom etgan murojaati davomida joriy yil hududda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilgan ishlarga to‘xtaldi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida tanlab olingan 31ta mahallada qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Qariyb 5 mingta yakka tartibdagi uy-joylar ta’mirlandi, 113 ta savdo majmuasi tashkil etildi, 827 km yo‘l, 354 km ichimlik suv, 1147 km elektr tarmoqlari, 9,9 km tabiiy gaz tarmoqlari, 277 km irrigatsiya, 37 ta ijtimoiy soha obektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan.

Foto: Kun.uz

Mazkur ishlarga 240 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 100 mingdan ziyod aholining turmush darajasi yaxshilangan.

“2022 yilda 633 mlrd so‘mlik qurilish-obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda”, — dedi viloyat hokimi murojaatida.

Shuhratbek Abdurahmonov aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga katta e’tibor qaratish zarurligiga alohida to‘xtaldi.

Foto: Kun.uz

“Hozirgi kunda viloyatda 5 ming 279ta sport inshooti mavjud bo‘lib, aholi va yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 71 mlrd so‘m evaziga 50 km uzunlikda “Salomatlik yo‘laklari” hamda 49 km uzunlikda “Velosiped yo‘lakchalari” va 856 ta vorkaut maydonchalari tashkil etildi. Bugungi kunga qadar aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yoshlar o‘rtasida qariyb 19 mingdan ortiq ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlari o‘tkazilib, ularga 890 ming nafardan ziyod yoshlar jalb etildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida Andijon viloyati aholisining jismoniy tarbiya va sport tadbirlariga qatnashishi 19 foizdan 30 foizga yetkazildi”, — deb ma’lum qildi viloyat hokimi.

Shuningdek, Shuhratbek Abdurahmonov o‘z mahallasidagi xonadon vakillarini bir oy davomida ertalab va kechqurun bir soatdan piyoda yurishiga erishgan mahalla raislari va profilaktika inspektorlarini Samarqand va Buxoroga, uch oy davomida piyoda yurishiga erisha olgan rahbarlarni esa Dubayga sayohatga jo‘natishga va’da berdi.

Foto: Kun.uz

Viloyat hokimi tibbiyot sohasida olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz ekaniga ham to‘xtalib, quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Masalan, patronaj xizmati, kadrlar tanqisligi, tibbiyot muassasalarining zamonaviy tibbiy anjomlar bilan ta’minlanganlik darajasi kabi muammolar bor. Shu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, bu borada olib borilayotgan ishlar, sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish maqsadida aholi orasida tibbiy xizmatdan rozi yoki noroziligini bilish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdik. Ushbu so‘rovnoma haqiqatan tibbiyot sohasida qilishimiz zarur bo‘lgan ishlarimiz ko‘pligini ko‘rsatdi.

Sababi, tahlil yakunlarida so‘rovnomada qatnashganlarning 74 foizi (744,5 ming nafar) ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni qoniqarli baholadi, 26 foiz (269,5 ming nafar) aholi tibbiy xizmatdan qisman va umuman noroziligini bildirdi”, dedi Shuhratbek Abdurahmonov.

Viloyat rahbari sohani rivojlantirishda amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, O‘zbekiston prezidenti saylovoldi tashrifi davomida Andijon davlat tibbiyot instituti va uning klinikasi faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha topshiriq bergani hamda ayni paytda mazkur klinikaning mavjud bino va inshootlarini to‘liq zamonaviy arxitektura va shaharsozlik qoidalari asosida ta’mirlash uchun 150 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgani haqida ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

“Kelgusi yili klinikani zamonaviy ko‘rinishga keltirib, foydalanishga topshiramiz. Muassasa ishga tushganidan so‘ng birorta bemorimiz Hindistonga ham, respublika markazlariga ham bormaydi. Klinika nafaqat Andijon xalqiga, balki butun vodiy viloyatlariga, qolaversa, qo‘shni Qirg‘iziston fuqarolariga ham xizmat ko‘rsatadigan barcha 350 turdagi operatsiya o‘tkaziladigan tibbiyot markaziga aylanadi”, dedi Andijon viloyati hokimi.

Mavzuga oid