O‘zbekiston | 23:33 / 20.11.2022
37206
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqdi (video)

Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida yirik yong‘in chiqdi. Yong‘inni bartaraf etish uchun 12 ta ekipaj va 3 ta avtonarvon jalb etildi. Viloyat hokimi voqea joyiga yetib borgan.

Foto: Videodan skrinshot

20 noyabr kuni Andijon shahrining 3-kichik dahasida ko‘p qavatli uylarning birida yong‘in sodir bo‘ldi.

FVV matbuot xizmati xabar berishicha, yong‘in to‘g‘risidagi xabar viloyat FVBga soat 21:09 da kelib tushgan. Soat 21:18 da voqea joyiga 12 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 3 ta avtonarvon yetib borgan.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hududga viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruh ham borgan.

Yong‘in soat 21:40 da qurshab olingan va soat 22:25 da bartaraf etilgan.

«Yong‘in oqibatida ko‘p qavatli uyning taxminan 400 kv. m maydonda tom qismi yonib zararlangan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q», deyiladi FVV xabarida.

Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Andijon viloyati hokimiga ham yong‘in to‘liq o‘chirilgani haqida axborot berilgan. Viloyat rahbari vaziyatni o‘z nazoratiga olgan. 

Viloyat hokimi topshirig‘i bilan holat bo‘yicha qurilish shtabi tashkil etilgan. 21 noyabr kuni Andijon shahridagi 3-kichik dahaning yong‘in sodir bo‘lgan mazkur ko‘p qavatli uylarida qurilish-ta’mirlash ishlari boshlanadi. 

Mavzuga oid