Jahon | 20:55 / 21.12.2021
11700
2 daqiqa o‘qiladi

Boltiq mamlakatlari Ukrainaga harbiy yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi

Litva mudofaa vazirining ma’lum qilishicha, Ukrainaga harbiy-dala hospitali taqdim etilishi mumkin, shuningdek, teplovizorlar yetkazib berilmoqda.

Foto: Ukraina mudofaa vazirligi

Boltiq mamlakatlari mudofaa vazirlari Ukraina bilan hamjihat ekani va bu mamlakatga harbiy yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi.

“Yordam turlicha – ham harbiy, ham noharbiy... Ammo yordam berilishi aniq”, — dedi Litva mudofaa vaziri Arvidas Anushauskas.

U Latviya va Estoniya mudofaa vazirlari Artis Pabriks va Kalle Laanet bilan mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qildi.

Litva mudofaa vazirining ma’lum qilishicha, Ukrainaga harbiy-dala hospitali taqdim etilishi mumkin, shuningdek, teplovizorlar yetkazib berilmoqda.

Estoniya mudofaa vaziri Kalle Laanetning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya vaziyatni yumshatishga urinmayapti, aksincha, qo‘shinlar joylashtirishda davom etmoqda va “bema’ni” talablarini ilgari surmoqda. 

U bunday vaziyatda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa bo‘lib qolishini va Estoniya mudofaa vazirligi bu mamlakatga qo‘shimcha mudofaa yordami berish imkoniyatlarini izlayotganini aytdi.

Pabriks Ukraina hozirda Yevropa manfaatlarini himoya qilayotganini ta’kidladi.

Mavzuga oid