Jamiyat | 16:26 / 23.12.2021
13297
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘l qoidasini buzgani uchun yozilgan jarimalarni o‘chirtirmoqchi bo‘lgan “organ xodimi” ushlandi

Toshkent shahrida o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirgan holda noqonuniy ishlarni bitkazib olmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.

Qayd etilishicha, 1995 yilda tug‘ilgan Otabek ismli shaxs kirakashlik bilan shug‘ullanish chog‘ida yo‘l harakati qoidalarini muntazam ravishda buzib kelgan. Tabiiyki, ushbu qoidabuzarliklarning har biri uchun jarimalar yozilavergan, ular o‘z vaqtida to‘lanmagani oqibatida jarimalar anchagina yig‘ilib qoladi.

Shunda u Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Ma’muriy amaliyot bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtiradi va jarimalarini o‘chirtirib berishini talab qiladi.

“Ijaraga olgan mashinalarimdan birining “shtraf”lari ko‘payib ketgandi. Jarimalarni to‘lash muddati o‘tib ketgani uchun YPX xodimlari mashinani jarima maydoniga tiqib qo‘ygandi. Ma’muriy amaliyot bo‘limi boshlig‘i Nadim akaga telefon qildim va Otabekman, mana bu organda ishlayman deb tanishtirdim”, – deydi u “Zamon” axborot dasturiga bergan intervyusida.

Biroq videoda uning aynan qaysi huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirganiga aniqlik kiritilmagan.

“Huquqni muhofaza qiluvchi organda ishlayman, qarzdorligi borligi uchun jarima maydoniga tushib qolganini aytdi va o‘sha mashinani chiqarib berish bo‘yicha buyruq sifatida aytdi. Men unga barchasi qonuniy tartibda ko‘rib chiqilishini tushuntirdim”, deydi Toshkent shahar IIBB YHXB Ma’muriy amaliyot bo‘limi boshlig‘i Nadim Oripov.

Oradan bir necha kun o‘tgach, Otabek Toshkent shahar IIBB YHXB ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, yana o‘zini organ xodimi sifatida tanishtiradi. Bu safar u singlisini imtihondan o‘tkazib berishlarini talab qiladi.

“Singlim “prava” oladigan yoshga to‘lgani uchun “prava”ga topshirgandi. Singlimning pravasini olib berish maqsadida Fayziobod “GAI”dagi xodimga telefon qildim. Otabekman, shu joydan dedim”, deb aytgan Otabek o‘z intervyusida.

Uning so‘zlaridan shubhalangan Toshkent shahar IIBB YHXB ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi mas’ul xodimi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasiga holat yuzasidan axborot bergan.

To‘plangan ma’lumotlar asosida Otabekka tegishli bo‘lgan avtomobil Chilonzor tumanida YPX xodimi tomonidan to‘xtatiladi. Mashinani boshqarib ketayotgan Otabekning tanishi unga qo‘ng‘iroq qilib, muammoni telefon orqali hal qilib berishini so‘ragan. Shundan so‘ng Otabek telefon orqali o‘zini organ xodimi deb tanishtirib, YPX xodimidan uni qo‘yib yuborishini so‘ragan. YPX xodimi uni tanimagani va ish joyini aniqlashtirganidan so‘ng vaziyatga qonuniy baho berishini bildirgan.

Shundan so‘ng IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan Otabek ushlangan. O‘zini xodim deya tanishtirgan shaxs yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Natijada uning hech bir huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi emasligi aniqlangan. Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan hamda qonunbuzarlarga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi ta’minlanadi.

Avvalroq poytaxtda o‘tkazilgan tungi reyd vaqtida to‘xtatilgan Malibu’ning ayol haydovchisi chaqiruvi bo‘yicha voqea joyiga yetib kelib, o‘zini organ xodimi deb tanishtirgan shaxs maxsus reydga jalb qilingan xodimlarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilib, ularga tahdid qilgani, tekshiruvlardan so‘ng uning hech qanday organ xodimi emasligi ma’lum bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid