O‘zbekiston | 18:13 / 24.12.2021
23508
5 daqiqa o‘qiladi

Xonobod shahar hokimligi devorlarni bezagan talabalarga “devorni ushlatib” ketmoqchi bo‘ldi

Devorlarni bezashda qatnashgan talabalarga kelishuvga muvofiq 11 mln so‘mdan ortiq ish haqi berilishi lozim edi. Ammo va’da qilingan pul 2 oy deganda ham berilmay keldi. Holatni avvaliga tan olmagan hokimlik Kun.uz surishtiruvi ortidan talabalarning haqini to‘lab berdi.

Andijon davlat universitetining San’atshunoslik fakultetida o‘qiyotgan 6 nafar talaba Xonobod shahar hokimligining “Aloqa xati”ga asosan shahar ko‘chalaridagi devorlarni suratlar bilan bezatishga yuborilgan. Biroq og‘zaki kelishuv asosida ish boshlab, 10 kun mobaynida shahar devorlariga surat chizib chiqqan talabalar mehnat haqini ikki oy ololmay, sarson bo‘lishdi.

6 kishilik talabalar guruhi o‘n kun davomida shaharning markaziy ko‘chalaridagi devorlarga turli mavzudagi manzaralar aks etgan suratlar chizib, chiroyli holatga keltirishdi. Talabalarning murojaatiga ko‘ra, ular ish boshlashdan oldin o‘qituvchisi Umrzoq Rustamov guvohligida shahar turizm va sport bo‘limi xodimi Nodirbek Xalilov bilan har bir beton devor oralig‘iga chizilgan tasvir uchun 200 ming so‘mdan haq to‘lanishiga kelishgan. Biroq oktabr oyida bajarilgan ishga dekabr oyining uchinchi o‘n kunligiga qadar ham pul to‘lanmagan.

Talabalar mutasaddiga, universitet rahbarlariga ko‘p bora murojaat qilishgan, biroq foydasi bo‘lmagan.

“Oktabr oyi o‘rtalarida kafedra mudirimiz Baxtiyor Haqberdiyev topshirig‘i bilan 6 nafar 3-kurs talabalari Xonobod shahriga keldik. Bizni o‘zini turizm va sport ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosari deb tanishtirgan Nodirbek aka Xalilov kutib oldi. Shundan keyin ko‘chadagi har bir beton-devor konstruksiyani 200 ming so‘mdan bezatish va surat chizishga “dogovor” qildik.

Oziq-ovqatimiz va yotoq joyimizni ham hokimlik ta’minlaydigan bo‘ldi. 10 kun davomida 58 ta ko‘chadagi beton devorlarni bezab, ishni tugatdik. Jami 11,6 million so‘mlik ish bajardik.

Oktyabrning oxirida mutasaddidan ish haqimizni so‘radik. Nodirbek aka pulni noyabr oyining boshlarida tayyorlab berishini aytdi. Vaqt o‘tdi, ammo pulimiz berilmadi. Mutasaddi “Noyabrning o‘ninchisiga pullaringizni beraman” dedi. Noyabr oyida ham natija bo‘lmadi. Dekabr oyi boshida pul kerak bo‘lib yana Nodirbek akaga aloqaga chiqdim. U “Tez kunda qilib beraman”, deya mujmal javob berdi.

“Aka, biror joyga murojaat qilaymi?” desam: “Bemalol, xohlagan joyingizga ariza qiling” dedi. Bizni ishga jo‘natgan o‘qituvchimizga aytdik, hal bo‘lmadi. Avval guruh rahbarimizga, keyin kafedra mudiri, dekan o‘rinbosari, dekan, rektor o‘rinbosarigacha uchradik. Natija bo‘lmadi. So‘rayverib charchadik.

To‘g‘risi, biz viloyatning turli tumanlaridan kelib, shartnoma asosida o‘qiymiz. Hammamizga ham pul kerak. Alamlisi o‘z haqqimizni davlat odamidan ololmayotganimizda. Bizni kalaka qilgandek, aldab kelishayotgani yomon.

Ota-onamizdan har kuni yo‘lkira, ovqatlangani pul olamiz. Ular bizni bu yerda kelishuv asosida ishlayotganimizdan rosa xursand bo‘lishgan. Harna ularga yordam-da. Shahar hokimi o‘rinbosariga haqqimizni so‘rab besh-olti marta murojaat qildik. Bermaydiganga o‘xshab turibdi”, – deydi talaba Ibratillo Karimov.

Talabalarning o‘qituvchisi Umrzoq Rustamov hokimlik vakili bilan ish boshlashdan oldin “dogovor” qilinganini, o‘sha paytda talabalar ham bo‘lganini ta’kidladi.

Talabalar bilan birgalikda shahar hokimligiga borib, Turizm va sport bo‘limi rahbari Nodirbek Xalilovdan izoh olishga harakat qildik. Ammo u kamera oldida intervyu bermasligini aytdi. Bundan tashqari, u o‘zi va talabalar o‘rtasida chizilgan suratlar bo‘yicha ma’lum bir summaga kelishuv bo‘lganini inkor qildi.

Universitet o‘qituvchisi, talabalar va mutasaddining uzoq tortishuvidan so‘ng nihoyat Nodirbek Xalilov mablag‘ masalasi hal qilinishini aytdi. Shuningdek, shahar hokimligi va Andijon davlat universitetidan ham tegishli mas’ullar aloqaga chiqib, muammo jiddiy emasligini va tez orada hal qilinishini ma’lum qilishdi.

Xonoboddan qaytar ekanmiz, talabalar biz bilan bog‘lanib, pullarini olishganini bildirishdi. Bu yaxshi, albatta. Biroq shartnoma asosida ta’lim olib, o‘z mehnati bilan pul topishga harakat qilayotgan yoshlarga davlat odami bu shaklda “devorni ushlatib ketishi” hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmas holatdir.

Bu loyiha uchun davlat budjetidan pul ajratilganmi yoki yo‘q, talabalarga oxir-oqibat pul qayerdan olib berilgani – bular alohida mavzu...

Elmurod Ermatov,

Azizbek Ismoilov.

Mavzuga oid