O‘zbekiston | 16:13 / 27.12.2021
22325
8 daqiqa o‘qiladi

Yangi muftiy. O‘zbekistonlik musulmonlar undan qanday o‘zgarishlar kutishi mumkin? | Nuriddin Xoliqnazarov bilan intervyu

«Muftiylik – juda og‘ir va mas’uliyatli ish. Uni hech kim o‘zi xohlab qabul qilolmaydi», – deydi muftiy Nuriddin Xoliqnazarov.

Kun.uz O‘zbekiston musulmonlari idorasining yangi raisi bilan intervyu uyushtirdi.

— Muftiylik vazifasiga kirishar ekansiz, oldingizda qanday vazifalar turibdi, deb hisoblaysiz? Musulmonlar bugun sizdan nimalarni kutishga haqli yoki aksincha?

— Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolarimiz bo‘lsin. Payg‘ambarimiz alayhissalomga salovatu salomlarimiz bo‘lsin. Go‘zal bir diyor va ajib bir qavm ichida, mo‘min-musulmonlar bilan ishlashni, ularga xizmat qilishni nasib qilib turibdi.

Muftiylik – juda og‘ir va mas’uliyatli vazifa. Boshqa vazifalardan farqli, uni hech kim o‘zi xohlab qabul qilolmaydi. Bu, eng avvalo, Allohning inoyati va bizdagi ulamolar kengashining e’tirofi, qarori bilan qabul qilinadi.

To‘g‘risini aytaman, bu vazifani menga ishonishlarini kutmagan edim. Chunki unga mendan ko‘ra haqlilar, mendan ko‘ra munosiblar bor deb o‘ylagandim. Allohning taqdiri ekan.

Muftiylikni qabul qilib olar ekanman, Allohdan uni bajarishda madadkor bo‘lishini, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qoldirgan shariat mezonlarining vorisi o‘laroq uni xalqimizga chiroyli tarzda yetkazuvchi qilishini so‘radim.

Har bir kishi yangi ishga kirishayotganda oldiga maqsadlar qo‘ygani kabi, muftiylikka kirishayotganda ham oldimga maqsadlar qo‘ydim. Birinchi maqsadim – bugungi O‘zbekistonda hamma sohada bo‘layotgani kabi Diniy idorada ham islohotlar qilsak. Qolaversa, ko‘pchilik musulmonlar anchadan beri kutib turgan ko‘plab masalalar ham bor.

Agar e’tibor bersak, oxirgi yillarda din yo‘nalishidagi islohotlar bizning ko‘p yillik orzularimiz edi. Bundan foydalanishimiz kerak.

Men ulamolar kengashining ishonchi va xalqimiz qo‘yayotgan vazifalarni oqlash, bajarish uchun bor bilim, salohiyat va imkoniyatimni ishga solaman. Alloh o‘zi muyassar qilsin.

— Muftiylikka saylanar ekansiz, bu borada jamoatchilikning turli fikr va ba’zan tanqidlarini ham ko‘rdik. Qanday qaraysiz mana shunday tanqidlarga?

— Dinimizda har bir gapni asos bilan gapirish buyuriladi. Shu o‘rinda avvalgi muftiyimiz Usmonxon Alimov domlani eslab o‘tsak. Xalqimiz, butun tizim u kishiga o‘rganib qolgandi. Lekin Allohning taqdiri ekan, hazrat olamdan o‘tdi. U kishini Alloh rahmat qilsin.

Usmonxon domla olamdan o‘tgandan keyin biz bu vazifaga kim kelishini o‘ylab yurdik. Shu orada turli munosabatlar ham bildirib turildi. Ularni o‘zim ham kuzatib bordim.

— Bu orada sizni bir necha bor prezident safarlarida uning yonida ko‘rdik. Shundan keyin bu vazifaga kelishingiz haqida ko‘pchilik gapira boshladi.

— Bu tabiiy. Men Toshkent shahar bosh imom xatibi sifatida avval ham prezident bilan yirik tadbirlarda birga bo‘lardim. Shuning uchun o‘rtada bu vazifa tabiiy ravishda menga o‘tib qoldi.

Qolaversa, Musulmonlar idorasida vaqtincha rais bo‘lib turgan Homidjon Ishmatbekov domla tajribamni inobatga olib, shunday tadbirlarda o‘zingiz bo‘lib, duo qilib turing degandi.

To‘g‘ri, hammada har xil fikr-mulohaza bo‘ladi. Muftiylikka tayinlanarkanman, jamoatchilikning bunga munosabatini ko‘rdim. Xalqimizdan minnatdorman, ko‘pchiligi ijobiy qabul qildi. Tanqid qilganlar ham bo‘ldi, ammo, menimcha, ular ko‘p emasdi.

Tanqid doim bo‘lgan. U shunday narsaki, bir odamni aybini qidirish, topgach shuni ommaga qo‘pollik bilan chiqarish va kishi qalbini og‘ritish orqali muammoni bartaraf qilish mumkin.

Ikkinchisi, nasihat. Bunda kishining aybi ko‘rilganda, uning ko‘ngliga tegmaydigan qilib o‘ziga yetkaziladi. Keyin o‘sha odamning o‘ziga tavsiya berib, muammo bartaraf qilinadi.

Dinimizda ko‘proq nasihat qabul qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham «Din bu – nasihatdir» deydi. Hammamiz ham bir-birimizga nasihat qilish haqqiga egamiz. Shuning uchun tabiiy nasihatlar bo‘lsa, buni qabul qilamiz. Uni qabul qilmaslik, kibrga aylanib qoladi.

Hozir ijtimoiy tarmoqlarda hamma tanqidchi. Lekin odamlar bilishi kerakki, biror sohani to‘la o‘rganmay, shu sohada yetarli bilimga ega bo‘lmay va tahlil qilmay turib, kimnidir tanqid qilib bo‘lmaydi.

Alloh bizga yaxshi niyatli insonlarning tilaklari ijobatini amalga oshirishni nasib aylasin.

— E’tiqod va vijdon erkinligi bugun turli xalqaro konvensiyalar, qolaversa, O‘zbekiston konstitutsiyasi bilan kafolatlanadi. Lekin men mazmuniga jiddiyroq kirishni istagan yana bir masala borki, sizningcha, diniy erkinlik o‘zi nima?

— Vijdon va diniy erkinlik to‘g‘risidagi atamalar keyinroq paydo bo‘ldi. Qolaversa, BMTning ayni shu masalada alohida rezolyutsiyalari bor.

Umuman, dunyoviy davlatlarning barchasida insonlarning dinga bo‘lgan munosabati ko‘rsatiladi. Fikrimcha, vijdon va din erkinligi deganda dunyoviy davlatda, konstitutsion tuzumda yashayotgan har bir kishining o‘z dinida belgilangan shar’iy tartiblarga bemalol amal qilish erkinligi tushuniladi.

— Markaziy Osiyo va xususan, O‘zbekistonda islom dini bir necha asrlardan buyon yashab kelmoqda. Sizningcha, bugun o‘zbek musulmonining portreti qanday bo‘lishi kerak?

— Aslida, islomda biror millat alohida yuqoriga ko‘tarilmaydi. Unda arab musulmoni, fors musulmoni yoki o‘zbek musulmoni degan tushuncha yo‘q. Faqat ummat bo‘ladi. Biz barchamiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlarimiz.

Alloh Qur’oni karimda aytadiki, «Biz sizlarni bir erkak, bir ayol sifatida yaratdik va turli millatlarga bo‘ldikki, bir-biringizni tanishingiz hamda yaxshi muomalada bo‘lishingiz uchun».

Alloh taolo, shuningdek, bir mezon belgiladi. Kim Allohning nazdida eng mukarram, eng ulug‘? U yana aytyaptiki, Allohning huzurida eng mukarrami Allohdan eng ko‘p qo‘rqadigan taqvodorlardir. Shunday ekan, biz bugun Allohdan qo‘rqib, taqvoda bo‘lishimiz kerak.

Ikkinchidan, ham musulmon va ham shu yurtning farzandi o‘laroq, insonlar o‘zining milliy urfi, odati va an’anasini unutmasligi kerak.

Men bugun o‘zbek musulmoni deganda, qadimdan kelgan, ajdodlar qoldirgan me’rosini qattiq ushlagan, diniga amal qilgan va shuningdek, tili va madaniyatini saqlaydigan kishini tushunaman. Haqiqiy musulmon o‘zbekda shularning hammasi uyg‘unlashgan bo‘ladi.

— Shu ma’noda, musulmonlarga yo‘lboshchilik qiladigan bugungi o‘zbek imomining portreti qanday bo‘lishi kerak?

— Ajib bir savol. Bu – bugunning muhim savoli. Imamuna – amamuna deyishadi. Imomlar – bu bizning peshvolarimiz. U o‘zining ko‘rinishi, yurishi, qo‘yingki, hamma tomonlama namuna bo‘lishi kerak.

Bugungi imomlar birinchi navbatda o‘qimishli va madaniyatli insonlar bo‘lishi kerak. Ular, shuningdek, o‘zining gapiga o‘zi amal qiluvchilar bo‘lishi kerak.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid