O‘zbekiston | 11:59 / 28.12.2021
2383
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda bank bo‘limi boshlig‘i fuqarolarning plastik kartasidagi mablag‘larni o‘zlashtirdi

Foto: Getty Images

Jizzax shahrida bank bo‘limi boshlig‘i fuqarolarning plastik kartasidagi mablag‘larni o‘zlashtirgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Jizzax shahri Do‘stlik mahallasida yashovchi fuqaro shahar IIBga bank plastik kartasidan noma’lum shaxs 8 million so‘m pulni yechib olganini bildirib murojaat qilgan.

Shahar IIB tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tezkor surishtiruv ishlari olib borilgan. Surishtiruv davomida mazkur jinoyatni murojaat qiluvchi shaxs mijoz bo‘lgan bankning chakana xizmatlar bo‘limi boshlig‘i Jizzax shahri Uchariq mahallasida yashovchi shaxs sodir etgani aniqlangan.

Surishtiruvlar davomida aniqlanishicha, ayblanuvchi yana o‘n nafar fuqaroning bank plastik kartasidagi pulni o‘zlashtirgan. Oqibatda jabrlanuvchilarga jami 133 million 129 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Qayd etilishicha, hozirda bank bo‘limi xodimiga nisbatan ayb e’lon qilinib, dastlabki surishtiruvlar olib borilmoqda.

Mavzuga oid