Jamiyat | 15:35 / 06.03.2023
23418
2 daqiqa o‘qiladi

Qopqondagi tekin pishloq: hech kimga shunchaki pul tarqatilmaydi 

So‘nggi paytlarda odamlarning plastik kartalaridan pul o‘g‘irlash holatlari ko‘paydi. Buning uchun ijtimoiy tarmoqlarda davlatdan ma’lum miqdordagi moddiy yordam olish haqidagi e’lonlar tarqalmoqda.

Bunday e’lonlarda SMS-kodni tasdiqlash taklif qilinadi. Natija esa ma’lum: pul tushishi o‘rniga, odamlarning kartasidagi pul yechib olinadi.

Foto: IIV Kiberxavfsizlik markazi

Firibgarlikning yana bir ko‘rinishi ommalashmoqda: “O‘zbekiston fuqarolariga 1 mln so‘m miqdorida moddiy yordam” ko‘rinishidagi havolani bosish orqali firibgarlar odamlarni tuzog‘iga birinchi qadamni tashlashga majbur qiladi. Havolaga o‘tgandan keyin “Yordam olish” tugmasi chiqadi. Uni bosgandan so‘ng karta raqam, uning amal qilish muddati va telefon raqami so‘raladi.

Ma’lumotlar kiritilib, telefonga kelgan kod jo‘natilsa, firibgarlarga shuning o‘zi kifoya: odamlar firibgarlar tuzog‘iga tushadi. Aldanganlarning ko‘pi SMS-kodni hech kimga bermaganliklarini aytishadi. Lekin ular o‘z qo‘llari bilan ekranga yozishganini unutishadi.

Foto: IIV Kiberxavfsizlik markazi

Avvalo, pul o‘tkazish uchun nega kartaning amal qilish muddati va telefon raqami so‘ralayotgani shubha uyg‘otishi kerak. Sababi, pul o‘tkazish uchun karta raqami yoki telefon raqamining o‘zi yetarli bo‘ladi. Qolaversa, davlat hech kimga shunchaki pul tarqatmaydi. “Faqat karta raqamini kiriting, pulingizni olasiz”, kabi xabarlar esa aldovdan boshqa narsa emas. “Har bir bola uchun oilalarga 785 ming so‘m miqdorda nafaqa to‘lash to‘g‘risida farmon kuchga kirdi”, “Prezident farmoni: barcha ota-onalarga 650 ming so‘m miqdorda moddiy yordam” mazmunidagi xabarlarga aslo ishonmaslik kerak.

Ehtiyot bo‘ling, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmang!

Mavzuga oid