Jamiyat | 08:58 / 12.12.2024
10973
4 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz surishtiruvidan so‘ng: “Halal Auto Leasing” firibgarlik sxemasiga nisbatan tergov boshlandi

Toshkent shahridagi “Halal Auto Leasing kompany” MChJ mansabdorlari tergovga tortildi. Ayni paytda firma faoliyat yuritmayapti va ofisi muhrlab ketilgan. Firma xodimlari to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlashlarini aytib, odamlarni oson shartlarda mashina olib berishga ishontirib kelayotgandi. Kun.uz ogohlantiruviga qaramay ularning yolg‘oniga qisqa muddatda yuzlab insonlar chuv tushgan bo‘lishi mumkin.

2024 yil 31 oktyabr kuni Toshkent shahrida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Halal Auto Leasing kompany” MChJ mansabdorlariga jinoyat ishi ochildi. 5 dekabr kuni firma ofisi IIV Tergov departamenti tomonidan muhrlab ketildi.

Boshlang‘ich 20 foizli to‘lov, yillik 7 foiz ustama va zavod bilan “pryamoy” aloqa – “Halal Auto Leasing kompany” MChJ odamlarni shu shartlar asosida mashina olib berishga ishontirib kelayotgandi. “Islom moliya talablari asosida” faoliyat yuritishini aytayotgan firma menejerlari mijozlarni hatto “Xitoydagi avtomobil kompaniyalari bilan aloqamiz bor”, deya ishontirishgan. 

Firmaning Ibrohim ismli menejeri O‘zbekiston sharoitidagi iqtisodiy qoidalarga mutlaqo mos kelmaydigan yillik 7 foizli ustamani kompaniyaga chet eldan 1 foizli investitsiya kiritilgani, shuning hisobiga firma mashinani zavoddan o‘zi to‘liq pulini to‘lagan holda sotib olib, mijozlarga berishi bilan izohlagan edi. MChJ kam foizli ustama va shartnomada penya mavjud emasligini “Islom moliya talablari asosida” degan niqobga o‘rab, odamlarga taqdim qilgan. 

Kun.uz surishtiruvi e’lon qilingan paytda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganiga 16 kun bo‘lgan “Halal Auto Leasing kompany” MChJ allaqachon 100 nafardan ortiq mijoz bilan mashina olib berish bo‘yicha shartnoma imzolab ulgurgandi. Buni firma menejeri Ibrohim ma’lum qilgan. Tergov harakatlari boshlanib, firma ofisi muhrlangunga qadar ular soni yana oshgan bo‘lishi mumkin.

2 ta Damas mashinasini olish uchun qariyb 43 mln so‘m to‘laganman. 5 kundirki telefonlari o‘chirilgan. Ibrohim degani bilan gaplashib turgandim, javob bermayapti. Firma ishlayaptimi yoki yopilganmi, xabarim ham yo‘q”, deydi Kun.uz’ga murojaat qilgan Andijon tumanida yashovchi fuqaro.

Samarqandlik yana bir fuqaro esa Kia Sonet mashinasi uchun shartnoma tuzib, 50 mln so‘m boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirganini, biroq firma xodimlari yo‘qolib qolganini bildirdi.

“Halal Auto Leasing kompany” MChJ mansabdorlariga nisbatan ochilgan jinoyat ishi IIV Tergov departamenti tergovchisi Shahriddin Hojimurodov ish yurituvida ekani Kun.uz’ga ma’lum. Bu ofis muhrida ham keltirilgan va tergovchining raqami (+99894-604-50-66) yozib qo‘yilgan. IIV mas’ullari jinoyat ishi tafsilotlariga oid Kun.uz so‘rovlarini javobsiz qoldirdi.

Mavzuga oid