O‘zbekiston | 15:07 / 17.12.2024
5729
3 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz ogohlantirgan “avtolizingchilar” qamoqqa olindi

IIVning ma’lum qilishicha, Kun.uz o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvda tilga olingan “Halal Auto Leasing kompany” MChJ mansabdorlari fuqarolardan kirim qilgan 1,7 mlrd so‘mni plastik kartalarga o‘tkazib, naqdlashtirib olgan. Ayni vaqtda ushbu firma mansabdorlariga nisbatan juda ko‘p miqdorda firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Firma rahbari va uning sherigi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. MChJdan jabr chekkanlar IIV Tergov departamentiga murojaat qilishi mumkin.

“Halal Auto Leasing kompany” MChJ mansabdorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Kun.uz surishtiruvidan so‘ng IIV Tergov departamenti tomonidan “Halal Auto Leasing kompany” MChJning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati o‘rganilgan.

“Jamiyat 31 oktyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, nizom jamg‘armasi 10 mlrd so‘m qilib belgilab olingan. Vaholanki, ushbu nizom jamg‘armasi jamiyat ta’sischilari tomonidan shakllantirilmagani aniqlangan.

Bundan tashqari, jamiyat tomonidan 52 nafar shaxs bilan avtotransport vositalari yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Ushbu shartnomalar asosida 1,7 mlrd so‘m pul mablag‘lari jamiyat hisobraqamiga kirim bo‘lgan. Mazkur pul mablag‘lari plastik kartalarga o‘tkazish yo‘li bilan naqdlashtirib yuborilgan. Fuqarolardan jalb qilingan pul mablag‘lari hisobidan avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchi yoki yetkazib beruvchi dilerlik korxona va tashkilotlar bilan shartnoma tuzilmagani hamda avtotransport vositalarini xarid qilish bilan bog‘liq operatsiyalar amalga oshirilmagani aniqlangan.

IIV Tergov departamenti tomonidan mazkur jamiyatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida jamiyat rahbari Yo‘ldoshev va uning sherigi Mamajonovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan”, deyiladi IIV Tergov departamenti xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, bugungi kunda 1,7 mlrd so‘mning sarflanishini o‘rganish maqsadida jamiyatning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yuzasidan hujjatli taftish tayinlangan.

“Halal Auto Leasing kompany” MChJga mashina uchun to‘lovni amalga oshirgan va jamiyatning faoliyatidan jabr ko‘rgan fuqarolardan IIV Tergov departamentiga murojaat qilishi so‘ralmoqda.

Murojaatlar uchun telefon (71) 231-33-94.     

Mavzuga oid