O‘zbekiston | 17:08 / 29.12.2021
43461
5 daqiqa o‘qiladi

Umra ziyorati bo‘yicha yangi talablar va vaksina masalasiga aniqlik kiritildi

Kun.uz O‘zbekiston musulmonlari idorasining yangi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan intervyu uyushtirdi.

Avvalroq intervyuning birinchi qismi «Yangi muftiy. O‘zbekistonlik musulmonlar undan qanday o‘zgarishlar kutishi mumkin? | Nuriddin Xoliqnazarov bilan intervyu» sarlavhasi bilan e’lon qilingandi.

Quyida uning ikkinchi qismi matni bilan tanishishingiz mumkin.

— Yaqinda umra va haj ziyorati masalasida Saudiyada bo‘lib qaytdingiz. Xo‘sh, O‘zbekiston musulmonlari uchun Umra ziyoratiga borish imkoniyatlari qachon ochilishi kutilmoqda?

Shuningdek, O‘zbekistondagi fuqarolar emlanayotgan vaksinalarning Saudiya Arabistonida hisobga olinishiga erishildimi?

— Pandemiya hamma soha va yo‘nalishlarga ta’sir qildi. Jumladan, Umra ishlariga ham.

Buni xalqimiz, mo‘min-musulmonlar to‘g‘ri tushunishlari kerak. Umra va hajning to‘xtab qolishi va u yerda amalga kirgan talablar bizning talablarimiz emas, bu Saudiya podshohligining talablari.

Bizning Saudiya davlatiga qilgan safarimizdagi eng katta missiya – Umra uchun ruxsat berilgan davlatlar qatoriga O‘zbekistonni ham kiritish edi. Inshaalloh, umraga ruxsat berilgan davlatlar ro‘yxatida O‘zbekiston ham bor. Haj haqida gapirishga esa hali erta.

Biz Saudiyaga borgach, bir nechta shirkatlar bilan muzokaralar o‘tkazdik. Chunki o‘zbekistonlik musulmonlar u yerga borarkan, aniq shirkatlar ularni kutib olib, sifatli xizmat ko‘rsatishi kerak.

Biz shu muzokaralar davomida 20 ga yaqin shirkatlar bilan gaplashdik va ular orasida eng qulayini tanlab oldik.

Biz tanlab olingan shirkatga shunday talab qo‘ydikki, Saudiyaga bizdan borgan musulmonlar eng yaxshi mehmonxonalarga joylashsin va u mehmonxona Haramga yaqin bo‘lsin. Inshaalloh, bunga erishyapmiz.

— Vaksina borasida...

— Vaksinalar borasida ham Saudiyaning o‘z talablari bor. Bu ishlar bilan Saudiya podshohligining Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Haj va Umra ishlarini tashkillashtirish vazirligi shug‘ullanar ekan.

Saudiyada bo‘lib turgan vakillarimizning xabar berishicha, O‘zbekistonliklar emlangan vaksinalarning Saudiyada ham tan olinishi tez kunlarda hal bo‘ladigan masala bo‘lib turibdi, Inshaalloh.

Qaytaraman, bu masalani hal qilish delegatsiyamiz ixtiyoridagi vazifa emas. Bu – Saudiya hukumati miqyosida hal qilinadigan ishlar.

Bundan tashqari, hozir Saudiyaga borgan har bir ziyoratchining telefonida bo‘lishi talab qilinadigan maxsus dasturlar tartibi ishlab chiqilgan. Haramga faqat mana shu dastur asosida ziyoratchilar kiritiladi.

Biz Saudiya tomoniga O‘zbekistondan boruvchi ziyoratchilarning ko‘pchiligi yoshi katta insonlar bo‘lgani bois bu dasturlar bo‘yicha ham hamkor shirkatlarimizga iltimoslarimizni aytdik.

Ular esa bu masalada bizga yordam beradigan bo‘lishdi. Unga ko‘ra, shirkatlar bizdan borgan ziyoratchilarning har birini kerakli texnik jihozlar bilan ta’minlashadi.

Hozir ikki taraf o‘rtasida imzolanadigan ayrim shartnomalar bor va ular hal bo‘lsa, tez orada birinchi umrachilarni Saudiyaga yuboramiz.

— Biz Saudiya safarining rasmiy pres-relizida ko‘rdikki, u yerda pandemiya bois yangi tartiblar joriy qilingan. Ya’ni mehmonxonalarda odamlar kamroq joylashtiriladi, karantin qoidalari amal qiladi. Bu haj va umra ziyoratlari bo‘yicha xarajatlar qimmatlashiga olib keladimi?

— Tabiiy. Faqat biz uchun emas, butun dunyo uchun oshadi. Chunki karantin cheklovlari narxlar oshishiga majbur qiladi. Masalan, avvallari 48-50 ta ziyoratchini olib qatnagan avtobuslar hozir 25 kishini manziliga yetkazmoqda. Bu degani yana qo‘shimcha to‘lov. Mehmonxonalarda ham qat’iy talablar qo‘yilmoqda. Buning hammasi mablag‘ hisobiga bo‘ladigan talablar. Bunda narxlar biroz bo‘lsa-da tabiiy qimmatlaydi. Biz hozir ham ketayotgan muzokaralarda narxlarni imkon qadar qulayroq qilishga intilyapmiz.

Yana bir bor takrorlayman, bu O‘zbekiston musulmonlari idorasi yoki Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakolatidagi masalalar emas. Bu vaziyatlar va Saudiya hukumati talabidan kelib chiqiladigan masalalar.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi — Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid