O‘zbekiston | 10:37 / 05.01.2022
23515
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi yangi yo‘l-o‘tkazgichdan suv oqib tushgani holatiga izoh berildi

Foto: Muhiddin Boliyev

Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishmasidagi tonnel tipidagi yo‘l o‘tkazgichda kuzatilgan suv o‘tish holatiga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ axborot xizmati izoh berdi. Unda yozilishicha, obektda qurilish ishlari hali tugallanmagan. Ammo obektda tugallangan ishlarning ham sifatsiz bajarilganini ko‘rish mumkin.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ axborot xizmatining izohida ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘l o‘tkazgich qurilishida loyihaga ko‘ra asosiy qurilish-montaj ishlari yakunlanib, Samarqand shahri aholisiga yangi yil bayram tadbirlari davrida tirbandlikning oldini olish va transport vositalari harakatlanishiga qulaylik yaratish maqsadida yo‘llar ochib berilgan. Hozirgi paytda obodonlashtirish va suv qochirish, irrigatsiya tarmoqlarida hali qurilish ishlari jadal davom ettirilmoqda.

Tonnel qismining devorlaridan suv o‘tish holati hali qurilish ishlari davom ettirilayotgan suv qochirish-irrigatsiya tizimidagi lotoklarga har xil turdagi tiqilishlar oqibatida yuzaga kelgan.

Foto: Muhiddin Boliyev

Ta’kidlanishicha, tonnel devorlariga o‘rnatilgan plitalar «quruq montaj» usulida ishlangan bo‘lib, ularning orasidan suv o‘tishi yo‘l o‘tkazgichning konstruktiv elementlari mustahkamligiga salbiy ta’sir etmaydi.

«Loyiha yechimiga ko‘ra ushbu transport yechimi qurilishi doirasida yomg‘ir suvlarini qochirish uchun nasoslar o‘rnatilishi va oraliq qurilmalar tutashish joyida asfalt qoplamasini kesib, deformatsion choklar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Yaqin kunlarda qayd etilgan ishlar to‘liq yakunlanib, yuzaga kelgan noxush holatlar bartaraf etiladi», deyiladi izohda.

Garchi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ axborot xizmati o‘z izohida «obodonlashtirish va suv qochirish, irrigatsiya tarmoqlarida hali qurilish ishlari jadal davom ettirilmoqda», deyotgan bo‘lsa-da ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan fotosuratlarda tugallanib bo‘lgan ishlarning ham sifatsiz bajarilganini ko‘rish mumkin.

Foto: Muhiddin Boliyev

Piyodalar yo‘lakchasiga yotqizilgan beton va yondosh hududlarga terilgan plitalar cho‘kkan, yotqizilgan sifatsiz asfalt qo‘zg‘ab ketgan, quvurlar halitdan teshilib yotibdi. Shu kamchiliklar mablag‘ sarflanib yana qaytadan qilib chiqiladimi?

Bundan tashqari, Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati o‘z Telegram-kanalida 2019 yil 8 sentyabr kuni qo‘ygan postida tonnel qurilishi uchun qancha mablag‘ va qurilish ashyolari ishlatilishi haqida batafsil ma’lumot bergandi. Unga ko‘ra, mazkur obektning qurilish-montaj ishlari qiymati 67 milliard 730 million so‘mni tashkil etishi yozilgan.

Foto: Muhiddin Boliyev
Foto: Muhiddin Boliyev

«Samarqand shahridagi tonnel qurilishi uchun qancha mablag‘ ketadi?

Samarqand shahrining Ro‘dakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari kesishmasida tonnel qurilishi boshlandi va u «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Ko‘prikqurilish» tresti UK tomonidan amalga oshirilmoqda.

Tonnel tipidagi yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 534 metr bo‘ladi. Tonnel qismining uzunligi 93 metrga yetadi. Bo‘stonsaroy ko‘chasi bo‘ylab kengligi 6 metr, balandligi 3 metr bo‘lgan piyodalar yerosti o‘tish yo‘lkasi ham qilinadi.

Qurilishda 14750 kub metr yig‘ma va monolit temir-beton ishlatiladi. Bunda, 7375 tonna sement, 3130 tonna armatura, 78,5 tonna metall prokat ishlatiladi. Qurilish-montaj ishlarining qiymati 67 milliard 730 million so‘mni tashkil etadi», deyilgan edi postda.

Foto: Muhiddin Boliyev

Ammo keyinchalik nima sababdan qurilish qiymati bir yarim barobar oshib unga 143 milliard sarflandi, bu haqda shu paytgacha hech kim izoh bermadi.

Mavzuga oid