Jahon | 17:17 / 06.01.2022
121501
11 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondagi inqiroz. So‘nggi ma’lumotlar

Davom etayotgan namoyishlar fonida butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Olmaotada namoyishchilar hokimiyat binosi, prezident qarorgohi va aeroportni egallab, shaharda bemisl talonchilik harakatlari boshlangach, prezident KXShTga yordam so‘rab murojaat qildi. Mamlakatda aksilterror amaliyotlar boshlandi. Qozog‘istonda 5-6 yanvar kunlari sodir bo‘lgan asosiy voqealar.

Valeriy Sharifulin / TASS / Scanpix / LETA

Nimalar bo‘lib o‘tdi:

— 2 yanvar kuni boshlangan namoyishlar 4 yanvarda avj olib, butun mamlakatga tarqaldi, 5 yanvar kuni butun Qozog‘iston bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilindi, banklar ishlamayapti;

— namoyishchilar bir qancha hukumat binolarini qamal qilib egallashgan, Olmaotada supermarketlar va do‘konlar talangan;

— politsiya ma’lumotiga ko‘ra, to‘qnashuvlar vaqtida o‘nlab kishilar halok bo‘lgan;

— prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqarish ortidan o‘zi Xavfsizlik kengashi raisi lavozimida Nazarboyevning o‘rnini egalladi va KXShTdan yordam so‘radi;

— prezident avvaliga ayrim oblastlarda, keyin butun mamlakat bo‘ylab favqulodda rejim e’lon qildi, mamlakatga xorijdan kelish to‘xtatildi;

— KXShT Qozog‘istonga tinchlikparvar kuchlarini jo‘natdi.

Nazarboyevning qulashi

Qosim-Jo‘mart To‘qayev sobiq prezident Nursulton Nazarboyevni Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan oldi. Bu Nazarboyevning so‘nggi lavozimi edi; 2019 yilda prezidentlikdan ketgach u bir umrga ushbu lavozimda qolishi kutilgandi. To‘qayev bu haqda e’lon qilgan nutqida Nazarboyev familiyasini keltirmadi — u shunchaki bugungi kundan e’tiboran Xavfsizlik kengashi raisi vakolatlarini o‘ziga olishini ma’lum qildi. 

«Exo Moskva» bosh muharriri Aleksey Venediktov Rossiya TIVdagi manbasiga asoslanib, Nazarboyev «davolanish uchun» mamlakatni tark etishni mo‘ljallagani haqida yozdi. Bu ma’lumot boshqa manba tomonidan tasdiqlanmagan. Bu vaqtda Olmaota oblasti Toldiko‘rg‘on shahrida Nazarboyevga 2016 yilda o‘rnatilgan haykalni ag‘darib tashlashdi.

Foto: Ateo Breaking

Qozog‘istonning sobiq prezidenti o‘z iste’fosi bo‘yicha hech qanday izoh bermadi — u umuman namoyishlar boshlangandan buyon biror chiqish qilgani yo‘q.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u Dubayga yo‘l olgan.

Favqulodda holat
To‘qayev millatga murojaatida namoyishlar ortida «moliyaviy jihatdan motivlarga ega shaxslar» turgani va ularning bu borada «puxta ishlab chiqilgan rejasi» borligini aytib, «maksimal darajada qat’iy» harakat qilishini bildirdi. U Olmaotada huquq-tartibot organlari xodimlariga ommaviy hujumlar ketayotgani, «banditlar» harbiy xizmatchilarni kamsitib, ko‘chalardan yalang‘och holda olib o‘tayotgani, ayollar zo‘ravonlikka uchrayotgani, do‘konlar talanayotganini aytib o‘tdi.

Avvaliga Olmaota shahri, Olmaota oblasti, Mang‘istau oblasti hamda Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida favqulodda holat joriy etilgandi. 

Ko‘p o‘tmay butun mamlakatda favqulodda holat joriy etilgani e’lon qilindi. Unga ko‘ra: 

  • soat 23:00dan soat 7:00gacha komendantlik soati;
  • politsiya boshlig‘i rahbarligida komendatura tashkil etilgan;
  • ommaviy yig‘ilishlar taqiqlangan;
  • erkin harakatlanishga, jumladan transport vositalari harakatiga cheklovlar o‘rnatilgan;
  • har bir regionga kirish va chiqishda cheklovlar;
  • hujjatlar tekshirilishi, yuklar va transport vositalarida tintuv o‘tkazish;
  • qurol va o‘q-dori sotuvi taqiqlanadi, dori-darmonlar va alkogol sotuvi ustidan alohida qat’iy rejim;
  • favqulodda holat rejimi davrida aholidan qurollar va o‘q-dorilar vaqtincha olib qo‘yiladi.

Favqulodda holat rejimi 19 yanvarga qadar amal qiladi.

Foto: AP/TASS

Ikki tomondan qurbonlar

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, huquq-tartibot organlari orasida qurbonlar soni kamida 14 nafarni tashkil etmoqda, uch kishining boshi tanasidan judo qilingani aytilmoqda, 350dan ortiq politsiyachi va harbiylar turli darajada jarohat olgan. 

5 yanvar kuni Atirauda namoyishchilarning bir nafari halok bo‘lgani xabar qilingandi. 6 yanvar kuni Olmaota politsiyasi qurollangan guruhning IIB binosiga hujumini qaytarish chog‘ida o‘ndan ortiq kishi o‘ldirilganini ma’lum qildi. Olmaota politsiyasi boshlig‘i Saltanat Azirbek ayni vaqtda halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlashtirish ishlari ketayotganini bildirgan.

SSV ma’lumotiga ko‘ra, ommaviy tartibsizliklar vaqtida mingdan ortiq kishi jarohatlangan, shundan 400ga yaqin kishi shifoxonaga yotqizilgan - 62 kishi reanimatsiyada.

Olmaotada talonchilik

Olmaota shahri hokimligi binosi o‘t ichida.
Valeriy Sharifullin / TASS / Scanpix / LETA

5 yanvar kuni kechqurun namoyishlar talonchilik harakatlariga ulanib ketdi. Turli hududlarda noma’lum shaxslar tinch namoyishga yig‘ilganlar orasiga kirib, qurollar tarqatishgan va provokatsiya boshlashgan. Eng jiddiy voqealar Olmaotada sodir bo‘ldi - bu shaharda bir qancha hukumat binolari, jumladan shahar hokimligi binosi va prezident qarorgohi, shuningdek, xalqaro aeroportga bostirib kirildi.

Shahar hokimligi va prokuratura binolariga hamda boshqa obektlarga o‘t qo‘yilgan, hukmron «Nur Otan» partiyasi ofisi vayron etilgan.

Komendatura «radikal kayfiyatdagi tartibbuzarlar shahar infratuzilmasiga katta zarar yetkazgani»ni ma’lum qildi. Komendaturaning tasdiqlashicha, «ekstremistlar marodyorlik harakatlari» sodir etishgan. Shahardagi 7ta supermarket butkul talab ketilgan, boshqalari ham katta ziyon ko‘rgan.

Boshqa shaharlarda ham namoyishlar davom etgan, ammo Olmaotadan farqli ravishda bu hududlarda politsiya va harbiylar vaziyatni nazoratda saqlab turishgan. Poytaxt Nur-Sultonda esa hatto hokkey bo‘yicha KXL o‘yini ham o‘tkazildi (tomoshabinlar kiritilmadi), shu bilan birga, hukumat binolari atrofiga harbiy texnikalar keltirildi. 

Politsiya hisobotiga ko‘ra, Olmaotada fitnes-klublar, do‘konlar va lombardlarga qilingan hujumlar bo‘yicha 85ta qo‘ng‘iroq kelib tushgan.

Qozog‘istondagi bir qancha zavod, fabrika va korxonalar ham faoliyatini to‘xtatgan, xususan, Qorag‘andaning Balxash shahridagi Metallurgiya zavodi ham yopilgan. Zavod ishchilari ish tashlab, namoyishchilarga qo‘shilgan.

KXShTga murojaat

RUSSIAN DEFENCE MINISTRY/EPA

5 yanvar kuni kechqurun Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev KXShT mamlakatlari yetakchilariga «Qozog‘istonga terrorchilik tahdidini yengishda yordam ko‘rsatish»ni so‘rab murojaat qildi.

U Qozog‘istondagi tartibsizliklarga sababchi bo‘lgan guruhlarni «terrorchi to‘dalar» deb atadi. «Mohiyatan xalqaro bo‘lib, ular xorijda jiddiy tayyorgarlikdan o‘tgan, ularning Qozog‘istonga hujumini esa tajovuzkorlik harakati sifatida ko‘rish mumkin va kerak», dedi u.

Ko‘p o‘tmay Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga jo‘natilishi ma’lum qilindi.

«KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashining 2022 yil 6 yanvarda qabul qilingan qaroriga muvofiq, vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish uchun KXShTning Kollektiv tinchlikparvar kuchlari cheklangan muddatga Qozog‘iston Respublikasiga yuborildi», deyilgan tashkilot xabarida.

KXShT Kollektiv tinchlikparvar kuchlarining asosiy vazifalari muhim davlat va harbiy obektlarni qo‘riqlash, vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakatni huquqiy maydonga qaytarishda Qozog‘iston Respublikasining huquq-tartibot kuchlariga yordam berishdan iborat bo‘lishi aytildi.

Ayni vaqtda Rossiyadan ilk harbiy bo‘linmalar Qozog‘istonga kelgan va o‘z vazifalariga kirishgan. Rossiyadan ushbu amaliyotlarga 5000 harbiy jalb etilgan. Shuningdek, Belarus 500, Tojikiston 200, Armaniston 70 nafar harbiy jo‘natadi. Qirg‘iziston esa faollar noroziligi tufayli qo‘shni mamlakatga o‘z harbiylarini kiritmaydigan bo‘ldi.

Xalqaro reaksiya

Qozog‘istondagi voqealar yuzasidan turli davlatlar turli darajada munosabat bildirmoqda: Qo‘shni davlatlar, Yevroittifoq, Rossiya TIV, Xitoy, YeXHT, BMT. AQSh esa hodisalar ortida Vashington turgani haqidagi xabarlarni «aqlsizlik» deb atadi.

O‘zbekiston TIV bayonotida Qozog‘iston xalqi o‘zaro hamjihatlikni saqlash, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni tiklash hamda yuzaga kelgan muammolarni o‘zi mustaqil hal qilish uchun yetarli qat’iyat va irodaga egaligiga ishonch bildirilgan.

AQSh Davlat departamenti Qozog‘istondagi zo‘ravonlikni qoralab, vazminlikka chaqirdi. «AQSh qimmatli hamkorimiz hisoblanuvchi Qozog‘istondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Biz zo‘ravonlik aktlari va mulklarni yakson qilinishini qoralaymiz hamda hukumatni, ham namoyishchilarni vazmin bo‘lishga chaqiramiz», deyiladi Davlat departamenti vakili Ned Praysning rasmiy bayonotida.

Shuningdek, qozog‘istonliklar konstitutsion institutlar, inson huquqlari va matbuot erkinligini hurmat hamda himoya qilishga, xususan, internet xizmatlarini qayta tiklashga chaqirilgan.

Xitoy TIV KXShT harbiylari ushbu mamlakatga kiritilishi haqidagi xabarlar ortidan XXR Qozog‘istondagi voqealarni mamlakatning ichki ishi deb bilishi va vaziyat tez orada barqarorlashuvi hamda tartib o‘rnatilishiga umid qilishini aytib bayonot berdi.

Rossiya TIV payshanba kuni Qozog‘istondagi namoyishlar to‘lqini ortida xorijiy kuchlar turganini aytdi, ammo aynan qaysi kuchlar nazarda tutilayotganiga aniqlik kiritilmadi. «Bizga do‘stona mamlakatda sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealarni tashqaridan ilhomlantirilgan, tayyorgarlikdan o‘tgan va uyushgan qurolli tuzilmalardan foydalanib, davlat xavfsizligi va yaxlitligiga zo‘rlik bilan putur yetkazishga urinish sifatida baholaymiz», deyiladi vazirlik bayonotida.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko qozog‘istonlik namoyishchilarga murojaat qilib, muzokaralar stoliga o‘tirish lozimligi, To‘qayev bilan kelishish mumkinligini aytdi: «Qozog‘istonliklar tushunishi kerakki, bu ularning davlati, boshqa davlat bo‘lmaydi. Davlatni ag‘dargandan keyin uni yana tiklash kerak bo‘ladi. Xalq tili bilan aytganda, paydo bo‘lgan yoriqni yopish uchun harbiylar oldiga bosh urib borish va kechirim so‘rab, hukumat bilan muzokaralar stoliga o‘tirish kerak».

Aksilterror amaliyot

Valeriy Sharifulin / TASS / Scanpix / LETA

Mamlakatda aksilterror amaliyotlar boshlanib ketgan. Olmaotada tartibsizliklarda qatnashgan 2 mingga yaqin namoyishchi qo‘lga olingan.

Mavzuga oid