Jahon | 17:04 / 11.12.2024
2777
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda kuydirgi sababli chorva uchun majburiy karantin joriy etildi

Atirau viloyatida Sibir kuydirgisi aniqlangach, chorva mollari uchun karantin choralari joriy etildi.

Foto: Depositphotos

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov Atirau viloyatida Sibir kuydirgisi kasalligi aniqlangani munosabati bilan boshqa mamlakatlarga go‘sht yetkazib berishga karantin joriy qilish imkoniyatiga izoh berdi.

«Biz hozir talablarni kuchaytirmoqdamiz, ishimizni kuchaytirmoqdamiz, aslida, Atirau viloyatida so‘yish joyida chorva mollari nobud bo‘ldi, biz u yerda karantinni joriy qildik, barcha zarur dezinfeksiya tartib-qoidalarini o‘rnatdik, hozir esa vaziyatni nazorat ostida ushlab turamiz», deb ishontirdi Saparov.

Vazir veterinariya nazorati choralari kuchaytirilganini ham ta’kidladi. Yangi qoida joriy etildi, unga ko‘ra, bir hududdan boshqa hududga olib o‘tilayotgan hayvonlar har bir hududda yetti kun karantinda bo‘lishi kerak.

«Ilgari qoramollar viloyatdan viloyatga karantinsiz tashilgan, endi 7 kunlik karantin joriy qilindi, veterinariya shifokorlari alohida molxonalarda chorvaning holatini tekshiradi», deb tushuntirdi u.

12 noyabr kuni Atirau viloyati chorva bozorida sigir nobud bo‘lgan va unga Sibir kuydirgisi tashxisi qo‘yilgan edi. Keyinroq «Asil-Agro» qassobxonasi ishchilaridan biri Sibir kuydirgisi bilan kasallandi. Noyabr oyining oxirida uning yana bir hamkasbi shifokorlarga murojaat qildi.

Mavzuga oid