Jahon | 20:43 / 07.01.2022
16449
2 daqiqa o‘qiladi

ShHT antiterror tuzilmasi Qozog‘istonga yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi

Mintaqaviy antiterror tuzilmasi Qozog‘iston hukumati qisqa muddatlarda vaziyatni barqarorlashtirishiga ishonishini ta’kidlagan.

Foto: Reuters

Shanhay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy antiterror tuzilmasi  (ShHT MATT) tegishli so‘rov tushgan taqdirda Qozog‘istonga yordam berishga tayyor. Bu haqda ShHT MATT ijroiya qo‘mitasi bayonotida aytilmoqda.   

"Ijroiya qo‘mitasi Qozog‘iston Respublikasining vakolatli organlaridan tegishli so‘rov tushgan taqdirda ShHT MATT tomonidan o‘rnatilgan tartibda zarur ko‘mak berilishiga tayyorligini ma’lum qiladi", - deyiladi bayonotda.

Tuzilma Qozog‘istondagi vaziyat yuzasidan o‘z xavotirini bildirgan. Shu bilan birga, tuzilma ijroiya qo‘mitasi respublika hukumati qisqa muddatlarda vaziyatni barqarorlashtirishiga ishonishini ta’kidlagan.

"Davlat, huquq-tartibot va maxsus organlar tomonidan amalga oshirilayotgan choralar terrorchi va talonchi guruhlarning noqonuniy faoliyatlariga qisqa muddatlarda chek qo‘yishiga ishonamiz", - deyiladi bayonotda.

Shanhay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy antiterror tuzilmasiga ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining 2002 yil 7 iyunda Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan yig‘ilishida asos solingan.

ShHT 2001 yilda Xitoy, Rossiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari tomonidan tashkil etilgan. Unga shuningdek, Eron, Hindiston va Pokiston davlatlari a’zo hisoblanadi. Afg‘oniston, Belarus va Mongoliya ShHTda kuzatuvchi, Ozarbayjon, Armaniston, Kamboja, Misr, Nepal, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar va Shri-Lanka hamkor davlat maqomiga ega.

Mavzuga oid