Jahon | 14:32 / 07.01.2022
84928
3 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev armiyaga «terrorchilar»ni ogohlantirishsiz otishga buyruq berdi (video)

To‘qayev Qozog‘iston huquq-tartibot organlari mahalliy va xorijlik qurolli banditlarga qarshi kurashishga majbur bo‘lganini aytdi.

Foto: Videodan kadr / Xabar 24

 7 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda davom etayotgan namoyishlar munosabati bilan xalqqa yana bir bor murojaat qildi.

To‘qayev armiya va huquq-tartibot organlariga Qozog‘istondagi ommaviy tartibsizliklarda qatnashayotgan «terrorchilar»ni nishonga olgan holda o‘q uzishga buyruq berganini ma’lum qildi.

«Xorijdagilar tinchlik muzokaralari  o‘tkazishga chaqirishmoqda. Qanday bema’nilik. Qotillar va jinoyatchilar bilan qanday muzokaralar olib borish mumkin? Terrorchilarni yo‘q qilish kerak. Biz buni qilamiz ham.

Terrorchilar hamon davlat mulklari va xususiy mulklarga ziyon yetkazishda davom etmoqda, fuqarolarga qurol qo‘llamoqda. Huquq-tartibot organlariga va armiyaga ogohlantirishsiz nishonga olib o‘q otishga buyruq berdim», — degan To‘qayev respublika telekanallari efiridagi chiqishida.

To‘qayev shuningdek, «jinoyatchi va qotillar» bilan tinch muzokaralar o‘tkazib bo‘lmasligini ta’kidlagan. «Biz tayyorgarlikdan o‘tgan, qurollangan banditlarga qarshi turmoqdamiz. Aynan banditlar va terroristlarga qarshi», — deya qayd etgan u.

Hukumat huquq-tartibot idoralari va armiyaning tartibsizliklar vaqtidagi harakatlari munosabati bilan muhokamalar o‘tkazilishini ta’kidladi.

«Shuningdek, maxsus kuchlar, maxsus vositalar va texnika yetarli emasligi ma’lum bo‘ldi. Biz bu masalalarni zudlik bilan hal qilamiz.

Davlat nega jangarilarning «uxlab yotgan» yacheykalari yashirin tayyorgarlikdan o‘tkazilishiga befarq qolganini tushunish juda muhim», dedi Qozog‘iston rahbari. 

U Olmaotaga 20 mingdan ortiq banditlar hujum qilganini, terrorchilarning harakatlari tufayli harbiylar va tinch aholi orasida yuzlab kishilar jabrlangani yoki halok bo‘lganini aytib o‘tgan.

«Jangarilar qurollarini tashlamagan, ular jinoyat qilishda yoki unga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda. Qozog‘iston jangarilarga qarshi amaliyotni oxirigacha yetkazib qo‘yadi. Taslim bo‘lmaganlar yo‘q qilinadi», degan mamlakat prezidenti.

U «huquq-tartibot idoralari» maxsus kuchlar, maxsus vosita va texnikalar yetishmagan taqdirda ham, topshiriqni bajarishga tayyorligini ta’kidladi.

Prezident talablarini tinch shaklda bayon qilganlarning barcha talablari eshitilishi va vaziyat tinchligicha qolayotgan hududlarda favqulodda vaziyat bosqichma-bosqich bekor qilinishini ma’lum qilgan.

Qozog‘iston prezidenti KXShT mamlakatlari yetakchilari, xususan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ko‘rsatilgan ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirgan.

Mavzuga oid