Sport | 19:03 / 10.01.2022
22264
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik imkoniyati cheklangan shashkachilar jahon chempioni bo‘ldi. Jamoa murabbiyi g‘oliblar taqdirlanishini so‘ramoqda

O‘zbekistonlik imkoniyati cheklangan shashkachilar Turkiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 20ta medal bilan jamoaviy rapid yo‘nalishida jahon chempioni bo‘ldi. Ularning musobaqadagi ishtiroki Turizm va sport vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan.

Imkoniyati cheklanganlar o‘rtasida shashka bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi / Foto: Bahodir Ubaydullayev

2021 yilning 18–30 noyabr kunlari Turkiyaning Antalya shahrida shashka bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida imkoniyati cheklangan o‘zbekistonlik sportchilar 20ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.

100 katakli shashka bo‘yicha Jahon chempionati imkoniyati cheklangan erkaklar, ayollar va 23 yoshgacha yoshlar o‘rtasida o‘tkazildi. Musobaqada 12 nafar o‘zbekistonlik sportchi qatnashib, jamoaviy va yakka o‘yinlarda 7ta oltin, 10ta kumush va 3ta bronza medal jamg‘ardi.

Jamoaviy rapid yo‘nalishida O‘zbekiston jamoasi 1-o‘rinni oldi.

Foto: Bahodir Ubaydullayev

Bosh murabbiy Bahodir Ubaydullayevning Kun.uz'ga aytishicha, bu – professional shashkachilik bo‘yicha imkoniyati cheklanganlar o‘rtasida o‘tkazilgan ilk xalqaro chempionat edi.

“Oldin imkoniyati cheklanganlar ko‘nglini ko‘tarish uchun turli havaskorlik o‘yinlari bo‘lardi. Turkiyadagi chempionatda 8 davlatdan 90ga yaqin turli darajadagi imkoniyati cheklangan sportchi ishtirok etdi. Bu o‘yin boshqa aqlni charxlaydigan o‘yinlardan ancha qiyin. Shuning uchun ham bitta tur 5 soat davom etadi”, – deydi Bahodir Ubaydullayev.

Foto: Bahodir Ubaydullayev

Murabbiy o‘z jamoasi yutuqlarini yuqori baholaydi. Unga ko‘ra, 2021 yil davomida xalqaro sport musobaqalarida O‘zbekistonga eng ko‘p medal olib kelganlar imkoniyati cheklangan sportchilar hisoblanadi. Bahodir Ubaydullayev hech bo‘lmaganda chempion bo‘lgan yosh shogirdlari taqdirlanishini istashini aytdi.

“Bizga xalqaro miqyosda kubok, medal va sertifikat berishdi, xolos. O‘zbekistonga qaytganda, bizni kutib olishga ham chiqishmadi. Chempionlarni ko‘pchilik bilmadi ham. Bizni rag‘batlantirishlarini o‘zimiz so‘rab chiqolmaymiz-ku. Taqdirlanish menga kerak emas. Yoshlarni taqdirlashsa, bu ularga motivatsiya, keyingi yutuqlari uchun rag‘bat bo‘lardi”, – deydi murabbiy.

O‘zbekiston ko‘zi ojizlar sport federatsiyasi raisi Musoxon Mamatxonovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, chempion shashkachilarni yaqin orada taqdirlash rejalashtirilgan.

“Sportchilarning Antalyadagi chempionatda qatnashib kelishi Turizm va sport vazirligi tomonidan tashkillashtirildi. Sovrindor sportchilarni taqdirlash uchun budjetdan pul ajratilmagan. Biz homiylarni jalb qilib, o‘zimiz taqdirlash marosimini o‘tkazib, g‘olib bo‘lib kelganlarni yaqinda rag‘batlantirmoqchimiz”, – dedi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar sport federatsiyasi raisi.

Turizm va sport vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, tegishli qarorlarda Olimpiada va Osiyo o‘yinlari bo‘yicha chempionlarni taqdirlash ko‘zda tutilgan. “Agar bu bo‘yicha hukumat yoki prezident qarori bo‘lsa, pul ajratib taqdirlanadi. Lekin bizda bunday hujjat yo‘q. Jahon chempioni bo‘lgan shashkachilarni taqdirlash bo‘yicha taklif kiritmoqchimiz”, – dedi vazirlik rasmiy vakili.

Mavzuga oid