Jahon | 15:12 / 12.01.2022
7456
2 daqiqa o‘qiladi

Jokovich Avstraliya hukumatiga yolg‘on ma’lumot taqdim etganiga iqror bo‘ldi

Serbiyalik tennischi Avstraliyaga kelishidan 14 kun oldin hech qaysi davlatga bormaganligini bildirgan. Biroq u bu davr ichida Ispaniyaga borgani ma’lum bo‘lgan.

Foto: Getty Images

Novak Jokovich koronavirusga topshirgan testi musbat chiqqanidan keyin karantin qoidalarini buzganligiga iqror bo‘ldi. Serbiyalik tennischi bu haqda Instagram sahifasida yozdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Jokovichning 16 dekabrda koronavirusga topshirgan testi musbat chiqqanidan so‘ng 17–18 dekabr kunlari Belgraddagi basketbol bo‘yicha bellashuvga borgan va Fransiyaning L’Equipe nashriga intervyu bergan.

«Menda simptomlar yo‘q edi, o‘zimni yaxshi his qilgandim va test natijasi musbat chiqqanidan xabardor emasdim», deb ta’kidlagan u.

Jokovich shuningdek, «o‘zini L’Equipe nashriga intervyu berishga majburdek his qilgan, chunki jurnalistlarni ranjitishni istamagan»ligini bildirgan.

Serbiyalik tennischi Avstraliyaga kirish uchun turistik deklaratsiyasida yolg‘on ma’lumot taqdim etganligini ham tan olgan. Jokovich deklaratsiyada Avstraliyaga kelishidan 14 kun oldin hech qaysi davlatga bormaganligini ko‘rsatgan. Biroq u bu davr ichida Ispaniyaga borgani ma’lum bo‘lgan.

«Agentim noto‘g‘ri joyga belgi qo‘yganidan uzr so‘ramoqda. Bu inson xatosi bo‘lgan va qasddan qilinmagan», deb yozdi dunyoning eng yaxshi tennischisi.

Jokovich karantin qoidalarini buzgani uchun uch yilgacha, yolg‘on ma’lumot taqdim etgani uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Avvalroq Novak Jokovich Avstraliyadan deportatsiya qilinishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid