O‘zbekiston | 20:48 / 13.01.2022
21260
3 daqiqa o‘qiladi

«Ashaddiy qoidabuzarlarni uch, besh yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilish kerak» - bloger «Malibu» voqeasiga munosabat bildirdi

Nikita Makarenkoning fikricha, ashaddiy qoidabuzarlarni uch, besh yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilish kerak.

Foto: Nikita Makarenko

Toshkentda ichki ishlar xodimlari yo‘l qoidalarini qo‘pol buzgan “Malibu”ni to‘xtatish uchun qurol qo‘llagani xabar qilingan, avtomobil haydovchisi UzReport TV'ga bergan intervyusida voqeadan oldin Bildirsoyda dam olib, aroq va pivo ichib, “o‘chib qolgani”ni aytgandi. Jurnalist va bloger Nikita Makarenko mazkur holatga munosabat bildirdi.

“Bizning davlatimiz – dunyodagi eng liberal davlat!

Qarang. Bizda qahramon bor. 7 yanvar kuni o‘q otib to‘xtatilgan “Malibu”ning mast haydovchisi.

U 2006 yilda YTH sodir etgani uchun jinoyat ishi ochilib sudlangan. Ish yarashuv bilan tugagan. 2007 yilda yana YTH bo‘yicha sudlangan. Ish amnistiya doirasida tugatilgan. 2021 yilda 7,9 million so‘mlik jarimaga tortilgan va hech narsa bo‘lmadi – pulini to‘lab, yallo qilmoqda.

Endi esa 219-modda – “bo‘ysunmaslik” bo‘yicha sudlanadi. Buning uchun BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima solinadi.

Hattoki, haydovchilik guvohnomasi ham olib qo‘yilmaydi! Amaki yana sayr qilishda davom etadi”, deya e’tiroz bildirgan bloger.

Makarenkoning fikricha, uni uch, besh yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilish kerak.

“Qoida buzishlar yig‘ilib, uzoq muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinishga olib kelishi kerak. Qaytadan o‘qib, imtihon topshirishi lozim. Hozirgidek pulini to‘lab, yo‘lida davom etish emas.

Rossiyada 1 yanvardan joriy etilganidek, takroran tezlikni qasddan oshirgani yoki qarama-qarshi yo‘lga chiqqani uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish kerak.

Biz juda liberal davlatmiz. Barcha qotillarni qat’iyan ogohlantiramiz va qo‘yib yuboramiz”, deya xulosa qiladi Makarenko.

Ma’lum qilinishicha, mazkur haydovchiga nisbatan Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) asosida ochilgan ish bo‘yicha tergov ketmoqda.

Mavzuga oid