O‘zbekiston | 09:46 / 14.01.2022
8002
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand davlat universitetiga Sharof Rashidov nomi berildi

«Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» Prezident qarori imzolandi.

Foto: Samarqand davlat universiteti

Unga ko‘ra:

  • Samarqand davlat universitetiga atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomi berildi.
  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining mazkur OTMda Transformatsiya ofisini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.

Jumladan, Transformatsiya ofisi quyidagilar uchun mas’ul etib belgilangan:

  • Universitetni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish hamda 2026 yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiritish;
  • Universitet faoliyatini raqamlashtirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish;
  • Universitetni tanitish bo‘yicha milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet tarmog‘i va boshqa vositalar orqali targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish.

Bundan tashqari, universitet tarkibida:

– agronomiya, biotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida kadrlar tayyorlovchi Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti;

– muhandislik, avtomatika, mexatronika, robototexnika, raqamli elektronika, elektrotexnika, mashinasozlik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi sohalarida kadrlar tayyorlovchi Muhandislik fizikasi instituti;

– pedagogika, axborot texnologiyalari va hududda kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalarda kadrlar tayyorlovchi universitetning Urgut filiali tashkil etiladi.

Universitet tarkibidagi har uchala OTMda ta’lim faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi. Ularda o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida olib boriladi.

Shuningdek, universitetning agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida ta’lim olayotgan talabalar o‘qishini Agrobiotexnologiyalar institutida davom ettiradi. Fizika va matematika fakultetlari tarkibidagi amaliy bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida ta’lim olayotgan talabalar o‘qishini Muhandislik institutida davom ettiradi;

Agrobiotexnologiyalar instituti Samarqand tumani, Gulobod qo‘rg‘onidagi Universitet huzuridagi Gulobod agrotexnologiyalar texnikumining bir qismiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Muhandislik instituti Samarqand shahri, Xishrav qo‘rg‘onidagi Universitet huzuridagi Yadro fizikasi laboratoriyasi hududining bir qismiga tekin foydalanish huquqi asosida vaqtincha joylashtiriladi.

Urgut filialiga esa Urgut tumani, Vagashti mahallasida joylashgan Urgut iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.

Qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.H.Toshqulov hamda Samarqand viloyati hokimi E.O.Turdimov belgilangan.

Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Bosh vazir A.N.Aripov va Prezident maslahatchisi A.A.Abduvohidov zimmasiga yuklangan.

Mavzuga oid