O‘zbekiston | 14:10 / 04.09.2023
28055
2 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘ondagi hodisa bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

OTM binosida qulagan plita bo‘laklari ikki nafar talabaga yengil jarohat yetkazgani ma’lum qilindi. Rasmiylarga ko‘ra, hozirda ularning umumiy ahvoli yaxshi.

Foto: Kun.uz

Samarqand davlat universitetining matbuot xizmati oliygohning Kattaqo‘rg‘on shahridagi filialida ro‘y bergan hodisa bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 4 sentabr kuni soat 9:28 da filial binosining faollar zali tomidan, sahna qismining o‘ng burchagidan 1 dona plita tushib ketgan. Plita qulagan joyda talabalar va o‘qituvchilar bo‘lmagan. Ikki nafar 1-kurs talabasi plita bo‘laklarining tegishi natijasida yengil tan jarohati olgan.

“Ushbu talabalar Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga yetkazilib, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda ushbu talabalarning umumiy ahvoli yaxshi ekanligini ma’lum qilamiz”, – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialining Kattaqo‘rg‘on shahar Amir Temur ko‘chasi 27-uyda joylashgan o‘quv binosi sobiq Samarqand davlat instituti akademik litseyi binosi uchun qurilgan bo‘lib, 2008 yilda foydalanishga topshirilgan.

2008-2018-yillarda Samarqand davlat chet tillari instituti qoshidagi akademik litsey, 2019-2021-yillarda Kattaqo‘rg‘on shahar 7-maktabi shu binoda joylashgan.

2021 yilda Samarqand davlat universiteti Katttaqo‘rg‘on filiali tashkil etilishi munosabati bilan mazkur bino filial balansiga o‘tkazilgan.

Avvalroq universitet rasmiy vakili Kun.uz'ga plita qulashi natijasida uch nafar talaba qiz jarohatlanganini aytgandi.

Mavzuga oid