Artel maxsus imtiyozlarga ega emasligini aytib chiqdi, iqtisodchi bunga qarshi asoslar keltirdi
Artel kompaniyasi yakka o‘ziga maxsus imtiyozlar berilmaganini iddao qildi. Iqtisodchi Otabek Bakirov kompaniya bayonotida xatolik borligini aytib, Artel savdo belgisi ostidagi korxonalar soliq imtiyozlari, subsidiyalar va bojlar orqali himoya qilib kelinayotganiga e’tibor qaratdi.
17 yanvar kuni Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi.
Anjumanda Artel, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Uzbekistan Airways kabi yirik kompaniyalarga soliq imtiyozlari berilgani natijasida davlat budjetiga tushmayotgan mablag‘lar kimning yelkasiga tushayotgani, ularga nega mol-mulk solig‘idan imtiyozlar berilgani va ularning balansida qancha mol-mulk borligi haqida savol berildi. Ammo Soliq qo‘mitasi raisining bergan javobi jurnalistni qanoatlantirmadi, u ijtimoiy tarmoqlardan “Artel korxonalar tizimining shoxi bormi?” degan savol kelib tushayotganini aytdi.
Qudbiyev korxonalarning mol-mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq siri hisoblanishi, berilgan imtiyozlar “hech kimning yelkasiga tushmayotgani” va ular sohani rivojlantirish uchun berilishini bildirib, bu javobi jurnalistni qoniqtirmasa, bu uning ishi ekanini aytdi. DSQ raisi savol bergan jurnalistni “yosh qizcha” deb atab, unga xalq nomidan gapirishga haqqi yo‘qligini uqtirdi. Vaholanki, jurnalist “xalqdan tushgan savol” deganda “odamlar yo‘llayotgan savol” ma’nosida gapirganini anglash qiyin emasdi. Natijada Qudbiyevning javobi qo‘pollik sifatida qabul qilinib, tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Artel kompaniyasi e’tiroznoma shaklida rasmiy munosabat bilan chiqdi.
Bayonotda kompaniya tarkibidagi korxonalarda xodimlar soni 10 mingdan ortiq ekani aytilib, kompaniya to‘lagan soliqlar va eksport miqdori keltirib o‘tilgan.
“2022 yildagi soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar natijasida Artel kompaniyasi uchun mol-mulk soliq hisoblash bazasi 2,1 barobarga ortdi.
Elektrotexnika sohasini rivojlantirish uchun “O‘zeltexsanoat” tarkibiga kiruvchi va elektrotexnika sanoatining barcha ishlab chiqaruvchilari muayyan soliq imtiyozlariga ega. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 02.03.2021 yildagi PQ-5011-sonli qarorida ko‘rsatilgan imtiyozlardan Artel kompaniyasi “O‘zeltexsanoat” tarkibiga kiruvchi 100 dan ortiq korxonalar bilan teng huquqda foydalanadi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida Artel kompaniyasi uchun maxsus yoki alohida tartibda imtiyozlar berilmagan”, deyilgan rasmiy izohda.
Artel bayonotida “100 dan ortiq” degan so‘zlar alohida ta’kidlanib (qoraytirib) ko‘rsatilgan. Biroq qayd etish kerakki, “O‘zeltexsanoat” rasmiy saytida uyushma a’zolari soni 86 ta ekani ko‘rsatilgan. Va ulardan faqat 40 tasi – maishiy texnika ishlab chiqaruvchilar.
Iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur 40 ta korxonaning kamida 7 tasi Artel savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi yoki ularga affillangan kompaniyalar ekanini aytadi. Unga ko‘ra, bular quyidagilar: “Techno Continental” MChJ, “Next Generation Product” MChJ, “New Profi Technology” MChJ, “Quality Device” MChJ, “Future Industry Systems” MChJ, “Prime Electric Engineering” MChJ, “Quality Electronics” MChJ.
Davlat soliq qo‘mitasi saytidagi ma’lumotlardan mazkur 7ta kompaniyaga bir nechta turdagi soliqlardan milliardlab so‘mlik imtiyozlar berilganini ko‘rish mumkin.
DSQ ma’lumotlarida yuqoridagi 7ta korxonadan tashqari, “Artel Electronics” MChJ va “Artel Technical School” MChJ ham soliq imtiyozlarini olganlar qatorida qayd etilgan.
Otabek Bakirov ro‘yxatda Artel savdo belgisiga oid kompaniyalar ko‘pligiga e’tibor qaratib, bu imtiyozlarning lobbisi ortida kim turgani, kim uchun bu imtiyozlar yaratilganini savol ostiga oladi.
“Qolgan 33ta kompaniyaning jami ishlab chiqarish miqdorini qo‘shsangiz ham [bozordagi ulushi] bir necha foizga yetmasa kerak”, deya “O‘zeltexsanoat” uyushmasining Artel'ga aloqador bo‘lmagan maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarini nazarda tutadi iqtisodchi.
“To‘rtinchidan, qarorga ko‘ra, Artel savdo belgisiga oid kompaniyalarga faqat mulk solig‘i bilan bog‘liq imtiyozlar berilmagan. Imtiyozlar qatorida subsidiyalar ham bor. Artel savdo belgisiga oid kompaniyalar eksportining 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiyalar olib kelishadi. Ya’ni siz-u, biz ularga subsidiya ham to‘laymiz.
Beshinchidan, yana bularga tovarlarni eksport qilishda nol darajali soliq stavkasi qo‘llanilishi natijasida hosil bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasi uch kun ichida qoplab beriladi ham.
Qo‘shimchasiga bular falon ming ishchi o‘rinlari yaratilganini aytishdan, takrorlashdan hech qachon uyalmaydi (aslida har qanday biznesdan maqsad foyda, agar bunday bo‘lmasa, bu biznes emas, pul o‘zlashtirish), vaholanki o‘sha falon ming ishchi o‘rni bahona 35 million o‘zbekistonlik yillar davomida jazolab kelinmoqda.
Masalan, qo‘shni mamlakatlardan bir donadan ortiq maishiy yo elektr texnikasi olib kela olmaysiz. Aks holda Artel'ni kim sotib oladi. Maishiy va elektr texnikasini tijoriy maqsadlarda keltirmoqchi bo‘lsangiz, otning kallasidek bojlar to‘lashga majbur bo‘lasiz”, deydi Otabek Bakirov.
Ma’lumot uchun, “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga bir qancha imtiyozlar taqdim qilingan:
- 2021 yil 1 apreldan 2024 yil 1 yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumning 80 foizidan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalar 50 foizga kamaytirilgan;
- 2024 yil 1 yanvargacha elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarni barcha mamlakatlarga eksport qilishda avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizini, biroq mahsulotlar eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 15 foizidan, temir yo‘l transportida 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplashga subsidiyalar taqdim etilgan;
- xorijiy valutadagi shartnoma shartlarini bajarish va yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha kafolat muddatlarini ta’minlash yuzasidan mahalliy tijorat banklaridan kafolatlar olishda garov ta’minoti sifatida kafolat summasining 50 foizigacha, biroq 3 million AQSh dollaridan oshmagan miqdorda kafilliklar berilgan;
- 2021 yil 1 martdan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan miqdorda milliy valutada beriladigan kreditlarning 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismining oshirilgan foizi Markaziy bank tomonidan uch yilgacha kompensatsiya qilinadi (5 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda).
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan elektrotexnika korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun har yili davlat budjetidan 10 mln dollar ajratiladi.
Doston Ahrorov tayyorladi.
Mavzuga oid
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
21:53 / 26.09.2024
Eng ko‘p soliq va bojxona imtiyozini olgan korxonalar ma’lum qilindi
10:20 / 24.09.2024