Jahon | 12:04 / 18.01.2022
16000
4 daqiqa o‘qiladi

The Guardian: Nazarboyev Nur-Sultonda va To‘qayev bilan muzokara olib bormoqda

Foto: Getty Images

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakat poytaxti Nur-Sultonda qolgan va amaldagi davlat rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan aktivlar, daromadlar va tabiiy resurslardan tushgan mablag‘larni qayta bo‘lishib olish haqida «ayovsiz muzokara» olib bormoqda. Bu haqda The Guardian o‘z manbasiga asoslanib xabar qilgan.

G‘arbdagi davlatlardan birining «Qozog‘istonda aloqalariga ega bo‘lgan» sobiq amaldori so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda hokimiyat uchun kurash davom etmoqda va «barchasi og‘riqsiz yakunlanishiga hech qanday kafolat yo‘q». Nashrning yozishicha, To‘qayev oldingi prezident va uning oilasini hokimiyatdan uzil-kesil mahrum etish uchun repressiv choralar ko‘rmoqda.

Gazetaning boshqa bir suhbatdoshi Nazarboyevning Xitoydaligini aytgan. Pekin esa bu kabi xabarlarni inkor etgan. Shuningdek, mazkur taxminga birinchi prezidentning sobiq maslahatchisi Yermuxamet Yertisbayev ham qo‘shilmagan. «Muzokaralar davom etmoqda, ammo baribir Nazarboyev epoxasi poyoniga yetgani aniq», degan u va mamlakatdagi namoyishlar vaqtidagi zo‘ravonliklarda «Nazarboyev klanidagi reaksion va konservativ kuchlar»ni ayblagan.

The Guardian nashrining ishbilarmon doiralardagi yana bir manbasi elitaning ko‘plab vakillari To‘qayevga sadoqat izhor etishga ulgurgani va siyosiyo tozalash ishlari Nazarboyevning oilasi va uning yaqinlari bilan cheklanishiga umid qilayotgani haqida aytgan.

«To‘qayev — aqlli odam, u mamlakat imiji qanchalik muhim ekanini yaxshi biladi. U oqimga mos va ehtiyotkorlik bilan harakatlanadi. U pulemyotdan otgandek paydarpay o‘q uzmaydi, merganlik miltig‘idan aniq nishonlarni uradi», deya qo‘shimcha qilgan gazeta suhbatdoshi.

  • 1990–1991 yillarda Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston SSR prezidenti bo‘lgan, keyinchalik mustaqil Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidentiga aylangan. 2019 yilda davlat rahbari lavozimidan ketgach, u davlat boshqaruvida keng  vakolatlarga ega bo‘lgan Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini egallagandi.
  • Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari boshidan buyon Nazarboyev ommaga ko‘rinmagan va bayonotlar bermagan. 5 yanvar kuni Qosim-Jo‘mart To‘qayev Xavfsizlik kengashi raisi lavozimida Nazarboyevning o‘rnini egallaganini e’lon qildi. Sobiq prezident va uning oilasi mamlakatni tark etgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Elboshining matbuot kotibi u Qozog‘istonda qolgani va o‘z xohishiga ko‘ra Xavfsizlik kengashi rahbarligini topshirganini aytgan.
  • Namoyishlar ortidan Nazarboyevning oila a’zolari yirik davlat kompaniyalari, davlat organlari va hukumat bilan aloqador tashkilotlardagi postlarini yo‘qotdi. Qozog‘iston birinchi prezidentining katta qizi — parlament deputati bo‘lmish Darig‘a — yanvar oyi oxirigacha parlament quyi palatasining yalpi majlislarida qatnashishdan bosh tortgan. Uning matbuot kotibi buni u koviddan keyingi tiklanish jarayoni bilan izohlagan.

Mavzuga oid