Jamiyat | 13:46 / 19.01.2022
12901
8 daqiqa o‘qiladi

G‘allaoroldagi yopiq aylana: fermerlar suv uchun sud orqali nohaq pul undirilayotganidan norozi

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi fermerlar suv ta’minoti korxonasidan norozi. Saytga dardini hikoya qilmoqchi bo‘lgan fermerlar bilan G‘allaorol tumanlararo iqtisodiy sudi oldida uchrashdik.

Fermerlarning hikoya qilib berishicha, «G‘allaorol tuman» suv iste’molchilari uyushmasi korxonasi ulardan dala maydonlarini sug‘orish uchun noqonuniy haq undirmoqda. Fermerlar soliqlar qatorida suv uchun soliq to‘lab kelishayotganini ta’kidlashmoqda.

«SIU bilan shartnoma imzolagan fermerlarning barchasi sudga berilgan. Sud 8tadan guruh qilib ajratib ish ko‘rmoqda. Biz o‘zimizning barcha hujjatlarimizni sudga taqdim etdik. 2021 yilda biz bilan shartnoma tuzilmagan bo‘lsa-da, ustimizdan ish qo‘zg‘atib, sudga berishgan», — deydi «Yangiobod baxt gulshani» fermer xo‘jaligi raisi Rahmon Hojiyev.

Rahmon Hojiyev

«Bugun (11 yanvar) uchinchi marta sud qoldirilmoqda. Keyingi sud majlisi 18 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi belgilandi. Har gektariga 100 ming so‘mdan belgilangan narxni asoslantirib bera olishmadi», — deydi «Sherqangli sharbatlari» fermer xo‘jaligi raisi Furqat Joniqulov.

Furqat Joniqulov

Ya’ni fermerlar nodavlat va notijorat tashkilot hisoblanuvchi «G‘allaorol tuman» suv iste’molchilari uyushmasi ulardan gektariga yiliga 100 ming so‘mdan hisoblab suv haqi undirayotganidan norozi.

Chunki tashkilot suvni o‘z vaqtida yetkazib berish, ariq, kanal va zovurlarni tozalash borasida biror ish qilgan emas. Fermerlarning o‘zlari bu ishlarni mablag‘ sarflab bajarib kelishmoqda.

«5 gektar yerim bor. Sabzavot mahsulotlari yetishtiraman. Suvdan foydalanaman, to‘g‘ri. Lekin soliqlar qatorida suv uchun ham to‘lov qilaman-ku? Sel mavsumida daryoni urib ketsa, o‘zimiz traktor yollab tozalab chiqamiz. Yetmaganiga aholidan pul yig‘ib chiqamiz. Bular bir ish qilib bermasdan, pul undirish uchun sudga bergani alam qilyapti», — deydi «Izzatullo Aminbek» fermer xo‘jaligi raisi Xolmat O‘rozboyev.

Xolmat O‘rozboyev

Fermerlar SIU 2020 yil boshida tuzilgan bo‘lsa-da, 2019 yilda foydalanilgan suv uchun to‘lov undirishga harakat qilayotganidan ham norozi.

«G‘allaorol tuman» SIU fermerlarni savdo sanoat palatasi orqali sudga bergan. Fermerlarga sudga chaqiruv qog‘ozlari yetkazilgan.

Sudga chaqiruv qog‘ozi

Sudda fermerlar manfaatini O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Jizzax viloyati kengashi yuristi O‘ktam Turobov himoya qilmoqda. U vaziyat yuzasidan shunday dedi:

O‘ktam Turobov

«G‘allaorol tuman» SIU va fermerlar o‘rtasida ikki tomonlama shartnoma tuzilgan. Shartnomaga ko‘ra, SIU irrigatsiya kanallaridan to fermerning dalasigacha suvni yetkazib berishi kerak. Fermerlarning e’tirozi shundaki, SIU tomonidan o‘sha xizmat ko‘rsatilmagan, fermerlarning o‘zi kanallarni tozalab, suvni o‘zlari haydab borishgan. Sud muhokamasi davom etmoqda», — deydi O‘ktam Turobov.

Biz fermerlarga tegishli dalalarga borib ko‘rdik, ularga boruvchi suv yo‘llari bilan tanishdik. Darhaqiqat, keng kanalning yarmidan ko‘p qismini loyqa bosgan. Kanal tozalanmaganiga 5 yilcha bo‘lgan. Qolaversa, mahalla aholisi kanalning beton qismlarini o‘yib, o‘z tomorqasiga suv ochib olgan.

Bog‘larga esa buloqlardan yig‘ilgan suvlardan yaxob suvi ochilgan.

Eng muhimi, fermerlar SIUning sobiq rahbari Ulug‘bek Tursunqulovdan norozi bo‘lishmoqda. Tursunqulov ayni paytda «O‘zagroinspeksiya»ning G‘allaorol tuman bo‘limida suv nazorati inspektori lavozimida ishlamoqda.

Fermerlar bir kishi ikki lavozimda ishlab bosim qilayotgani, bu manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltirayotganini aytishdi.

Lekin Ulug‘bek Tursunqulovning ma’lum qilishicha, u SIUdan 2020 yil 26 avgustida bo‘shatilgan. Keyin uning o‘rnida Mansur Narzullayev ishlagan. 2021 yil 10 yanvardan boshlab Shokir Mamajarabov SIU ijrochi direktori lavozimiga tayinlangan (ishdan bo‘shash va ishga tayinlash to‘g‘risidagi barcha buyruqlar namoyish etildi).

Ulug‘bek Tursunqulov chindan ham fermerlarni o‘zi sudga berganini aytib o‘tdi. Buni u ishdan bo‘shagani va eski tashkilotning qarzlarini to‘plab, yangi boshliqlarga topshirish zarurati bilan izohladi.

Tuman soliq inspeksiyasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shu paytgacha SIU birorta operatsiya o‘tkazmagan, soliqlar to‘lamagan. Biroq ayrim fermerlar ulardan naqd pul olingani, ayrimlarga kvitansiya berilgani, ayrimlarga esa berilmaganini ham aytib o‘tishgan edi.

Ulug‘bek Tursunqulov

U.Tursunqulov chindan ham 2020 yilda ochilgan tashkilotda 31 nafar xodim ishlashini, biroq fermerlar pul to‘lamagani sababli shu kungacha xodimlarga oylik maosh berilmay kelayotganini aytdi.

Suv iste’molchilari uyushmasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 dekabrdagi «Suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 982-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan.

Hukumat qarorining 7-bandiga ko‘ra SIU tomonidan barcha suv iste’molchilariga ko‘rsatiladigan suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlar miqdori uyushmalarning umumiy yig‘ilishida har yili tasdiqlanadi hamda belgilangan tartibda shartnomalar asosida amalga oshiriladi;

Boshoqli don va paxta yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan kreditlar hisobidan uyushmalarga suv xo‘jaligi xizmati xarajatlari uchun ajratiladigan mablag‘ jami kreditlarning mos ravishda 1 va 2 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanishi tavsiya etilgan va aynan mana shu mablag‘lar suv iste’molchilari tomonidan ularga uyushmalar ko‘rsatadigan xizmatlar uchun to‘lanishi majburiy hisoblanishi belgilangan.

Ammo G‘allaorolda g‘alla ham, paxta ham yetishtirilmaydi. Kreditlar ajratilmaydi, shu sababli fermerlardan yiliga 1 gektar uchun 100 ming so‘m mablag‘ o‘tkazish belgilangan.

Hozir shartnoma imzolagan va imzolamagan fermerlar bor. Sud orqali shartnoma imzolagan fermerlardan shartnoma shartlarini bajarish talab etilmoqda. Ammo shartnomaga ko‘ra, bajarilgan ishlar dalolatnomasi tuzilmagan, imzolanmagan. Faqatgina ayrim fermerlardan solishtirma dalolatnomaga qarzdorligi to‘g‘risida imzo va muhr qo‘ydirib olingan. Ana shu hujjat sud orqali pul undirish uchun asos bo‘lmoqda.

Vaziyat shunday: fermerlarning suv iste’moli uchun pul to‘lashi hukumat qarori bilan majburiy qilib belgilangan. SIU summasini o‘zi belgilagan mablag‘ni fermerlardan undira olmayapti. Fermerlar to‘lamoqchi emas. Chunki ularga hech qanday xizmat ko‘rsatilmagan. SIU esa pul to‘lansa, mablag‘ yig‘ilsa, biror ish qilib berishini aytmoqda. G‘allaorolda ana shunday berk sikl vujudga kelgan.

Ko‘ramiz, kuzatamiz, sud bunga qanday baho berar ekan.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid