O‘zbekiston | 18:11 / 20.01.2022
24575
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm va Sirdaryo viloyatlari hokimlariga hayfsan berildi

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanovga xususiylashtirish ishlarini sust tashkil etgani uchun hayfsan e’lon qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat mulki obektlarini xususiylashtirish borasida 2022 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. 

Yig‘ilishda davlat rahbari davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sur’ati qoniqarsiz ekanini ta’kidlagan.

Joriy yilda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushishi prognoz qilinayotgan mablag‘lar ko‘rsatkichi juda kamligi, tarmoq va hududlarda hanuz 2 mingta samarasiz ishlatilayotgan davlat mulki obektlari mavjudligi keskin tanqid qilindi.

«Viloyat hokimliklari balansida ham yillar davomida 170 ga yaqin bo‘sh obektlar sotilmasdan turibdi.

Shuning uchun Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev va Xorazm viloyati hokimi F.Ermanovga xususiylashtirish ishlarini sust tashkil etgani uchun hayfsan e’lon qilindi.

Shuningdek, Davlat aktivlari agentligining Sirdaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlari boshqarma boshliqlari, transformatsiya va xususiylashtirish ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun «O‘zagroservis» jamiyati raisi R.Hayitov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid