O‘zbekiston | 10:07 / 21.01.2022
11508
2 daqiqa o‘qiladi

Bog‘chalar karantinga yopilmaydi – Maktabgacha ta’lim vazirligi

MTTlar kuchaytirilgan karantin qoidalariga amal qilgan holda faoliyatini davom ettiradi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistondagi maktab va OTMlarda uzaytirilgan qishki ta’tildan so‘ng o‘qish 24 yanvardan onlayn shaklga o‘tkazilmoqda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari esa o‘z faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.

12 yanvardan MTTlarda karantin qoidalari kuchaytirilgan. Bog‘chalar shu karantin qoidalariga amal qilgan holda faoliyatini davom ettiradi.

Kuchaytirilgan karantin qoidalariga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida COVID-19 pandemiyasi davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ish faoliyatiga qo‘yiladigan vaqtinchalik sanitariya-gigiyenik talablarga qat’iy rioya etiladi, tadbirlar o‘tkazilmaydi.

Ota-onalar va tashqaridan mehmonlar kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi (zarur vaziyatlarda so‘nggi uch kunlik PZR testi va emlanganligi haqida sertifikati bo‘lishi lozim).

Yig‘ilishlar o‘tkazilishi cheklanadi, zarur hollarda yig‘ilishlarni video-konferens-aloqa rejimida o‘tkazish choralari ko‘riladi.

Mazkur cheklovlarning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tegishli tartibda javobgarlik choralari (hayfsan, jarima va b.q.) qo‘llaniladi.

Mavzuga oid