O‘zbekiston | 17:53 / 01.08.2023
16468
5 daqiqa o‘qiladi

IIB xodimlari ma’ruza qilgan bog‘cha mas’ullari jazolandimi?

Maktabgacha ta’lim agentligi direktori o‘rinbosari bog‘cha mudirasi va uslubchisiga intizomiy chora ko‘rilganini aytdi. Poytaxt MMTB vakili esa chora ko‘radigan ish bo‘lmaganini aytib, buni rad etdi. Agentlik rasmiysining bu tadbir yo‘l harakati qoidalariga bag‘ishlangani haqidagi gaplari ham taajjubli.

Videodan kadr

31 iyul kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari bilan o‘tgan matbuot anjumanida ichki ishlar xodimlarining bog‘cha tarbiyachilariga pand-nasihat qilgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirildi.

Vazirlik huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Farrux Boboyevning aytishicha, bunday targ‘ibot tadbirlari maxsus joylarda o‘tkazilishi belgilangan, uchrashuvning guruhda tashkil qilinishi xato bo‘lgan. Shu sabab holat yuzasidan bog‘cha mutasaddi rahbarlariga tegishli chora ko‘rilgan.

“Yozgi sog‘lomlashtirish davrida aynan 6 yoshli maktabga tayyorlov guruhlarida yo‘l qoidalarini o‘rgatish, harbiylar bilan uchrashish, ularni ona vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida shunaqangi dasturlarimiz bor. Shu yo‘nalishda maktabgacha ta’lim tashkilotida uchrashuv to‘g‘ri tashkil etilmagan. Aynan har bir bog‘chamizda yo‘l-harakati qoidalarini o‘rgatuvchi markazlarimiz mavjud. Bu uchrashuv aynan shu markazda emas, guruhda tashkil etilgani uchun mutasaddi rahbarlariga tegishli chora ko‘rildi. O‘sha kungi tadbir bir vaqtning o‘zida butun respublikada tashkil etilgan.

Bolajonlarimizga yo‘ldan o‘tish qoidalari qanday ekanini ko‘rgazmali qilib videoroliklar orqali ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. Aslida [o‘sha tadbirning] maqsadi shu bo‘lgan. Faqat o‘sha bog‘chamizda biroz noto‘g‘ri talqin qilingani uchun tegishli rahbarlarga chora ko‘rildi”, – deydi Farhod Boboyev.

Agentlik matbuot xizmatining Kun.uz'ga aniqlik kiritishicha, Uchtepa tumanidagi bu bog‘chaning mudirasi va uslubchisiga tadbir noto‘g‘ri tashkil qilingani uchun intizomiy chora qo‘llangan.

Ammo Kun.uz bog‘langan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi matbuot xizmatiga ko‘ra, bog‘chada hech kimga chora ko‘rilmagan.

“Birinchidan, chora ko‘riladigan ishning o‘zi bo‘lgani yo‘q. Holat yuzasidan o‘sha vaqtning o‘zida munosabat bildirilgan. Bog‘cha mutasaddilari, mudiraga aniq dastur, reja asosida tadbir o‘tkazish topshirig‘i berilgan. Bunday maynavozchilik qilinmasligi aytilgan, bo‘ldi. Endi bu – ichki ishlar [xodimlarining] saviyasidan kelib chiqib aytilgan gaplar.

Bizda ish bir maromida ketyapti. O‘sha kuni ichki ishlar xodimlari sovg‘a-salom olib borib, keyin bolalar bilan suhbatda oqni oqdan, qorani qoradan ajratish haqida gapirgan. Bor gap shu”, – dedi boshqarma matbuot kotibi Erkin Xolboboyev.

Bu holatda yana bir jihat e’tiborga molik. Yuqorida keltirilganidek, Maktabgacha ta’lim agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Farhod Boboyev IIO xodimlari maktabgacha ta’lim tashkilotiga bolalarga yo‘l-harakati qoidalari haqida tushuncha berish uchun borganini aytdi. Lekin odatda harakat xavfsizligi haqidagi tushuntirish ishlarini profilaktika inspektorlari emas, balki YPX vakillari olib boradi. Bu vaziyatda MMTB xabar qilganidek, bog‘chaga inspektorlar borgan. Bu profilaktika inspektorlarini prezident Shavkat Mirziyoyev ham tanqid qildi.

Shuningdek, voqea videosida ham ma’ruzachilar YHXX formasida emasligini ko‘rish mumkin. Uchtepadagi holat ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov e’lon qilgan, aslida bunday tadbirlar qanday o‘tishi kerakligi haqidagi namuna videodagi holatdan ham katta farq qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Uchtepa tumanidagi 401-bog‘chada IIO xodimlarining “oqni qoradan, qorani qoradan ajratib olish, bir ishni qilgach oqibatni o‘ylash kerakligi”ni aytib, bog‘cha bolalariga ma’ruza o‘qiyotgani aks etgan video tarqalgandi.

Holatga MMTB rasmiy munosabat bildirib, bog‘cha direktorining o‘zi tuman IIO FMB va mudofaa ishlari bo‘limiga taklif yuborib, IIO xodimlarini profilaktik tadbir o‘tkazish uchun chaqirganini ma’lum qilgandi. Boshqarma direktorlardan kelasi safar bunday tadbirlarni reja asosida va qiziqarli o‘tkazishni so‘ragan.

Kun.uz tarmoqlarda muhokama qilingan bu holat va umuman ta’limda bola psixologiyasi mavzusiga e’tibor qaratib, psixologlar bilan intervyu ham tashkil qildi. Ular ta’lim dargohlarida bunday uchrashuvlarning bo‘lgani yaxshi ekani, bolalarda ichki ishlar xodimlari haqida ijobiy tasavvur uyg‘onishi muhimligi, lekin bu kabi uchrashuvlar uslubiy jihatdan bolalar yoshiga mos tarzda yo‘lga qo‘yilishi kerakligini ta’kidladi.

Mavzuga oid