Jahon | 18:45 / 23.01.2022
62294
14 daqiqa o‘qiladi

SSSR urib tushirgan koreys «Boeing»i: Bu xalqaro iqtisodiy sanksiyalarga javob edimi?

38 yil avval Janubiy Koreyaning Nyu-York–Seul yo‘nalishida uchayotgan Boing-747 samolyoti Uzoq Sharqda SSSRning Su-15 qiruvchi samolyoti bilan urib tushiriladi. Samolyot bortidagi 246 nafar yo‘lovchi va 23 nafar ekipaj a’zolari halok bo‘ladi.

1983 yilda dunyodagi siyosiy vaziyat ancha tarang edi. Bir tarafda sovet armiyasi Afg‘onistonda «sotsialistik tuzum dushmanlariga qarshi kurash» bahonasida afg‘on xalqiga qarshi jang qilardi. Boshqa tomondan shu urush tufayli g‘arb sovet ittifoqiga qarshi xalqaro iqtisodiy sanksiyalar joriy etgan, AQSh va SSSR o‘rtasida «sovuq urush» holati avji pallasiga chiqqandi.

Mana shunday vaziyatda, 1 sentabr kuni SSSRning Su-15 qiruvchi samolyoti Uzoq Sharqda Janubiy Koreyaga tegishli Boing-747 yo‘lovchi samolyotini urib tushiradi. Oqibatda, samolyot bortida bo‘lgan 269 kishi halok bo‘ladi.

Bu hodisadan so‘ng dunyoning ko‘plab mamlakatlarida SSSRga qarshi namoyishlar boshlanib ketadi.

Foto: Wikipedia

SSSR avvaliga samolyot urib tushirilganini tan olmaydi. Holat isbotlangach, Boing-747 SSSR hududiga o‘tgani va harbiy samolyot deb gumon qilinib, urib tushirilgani aytiladi. Xalqaro hamjamiyat esa SSSR harbiylari samolyotning fuqaro aviatsiyasiga tegishli ekanini bila turib urib tushirgan, degan xulosaga keladi.

O‘sha paytlar SSSR va Janubiy Koreya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilmagan edi. Har ikki davlat 1950–1953 yillarda Koreya yarimorolida sodir bo‘lgan fuqarolar urushidan keyin o‘zaro dushmanchilik pozitsiyasida edi. O‘sha urush tufayli BMT Janubiy Koreya va KXDRni o‘z safiga qo‘shmay kelayotgandi.

Samolyot urib tushirilgach, g‘arb mamlakatlarining  SSSR bilan munosabatlari battar sovuqlashadi: Avvalroq e’lon qilingan iqtisodiy sanksiyalar yanada kuchaytiriladi.

Korean Air Lines’ga qarashli Boing-747

Janubiy Koreya aviakompaniyasiga qarashli Boing-747 1972 yilda ishlab chiqarilgan. Samolyot ilk parvozini o‘sha yili 17 mart kuni amalga oshirgan va 31 mart kuni GFRning Condor Airlines aviakompaniyasiga sotilgan.

1979 yil 3 fevralda samolyotni koreyaliklar sotib oladi. Samolyot Nyu-York-Seul yo‘nalishida KE007 reysi ostida muntazam parvozlarga qo‘yilgan. Urib tushirilgan kungacha samolyot 9237 ta uchish-qo‘nishni amalga oshirgan va 38.7 ming soat parvoz qilgandi.

Boing-747’ning urib tushirilishi

1983 yil 31 avgust kuni Boing-747 Nyu-Yorkdan havoga ko‘tariladi va bir necha soatlik parvozdan so‘ng yonilg‘i quyish uchun Alyaskadagi Ankorij aeroportiga qo‘nadi. Samolyot 1 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 3:00da samoga ko‘tariladi va parvozni davom ettiradi. Parvoz vaqtida Boing-747 uchuvchilari yo‘nalishdan biroz chalg‘ishadi va samolyot SSSR havo chegarasini buzib, avvaliga Kamchatka yarim oroli, so‘ng Saxalin orolining janubiy qismi ustidan uchib o‘tadi.

Foto: Wikipedia

O‘sha kuni soat 17:42 da Boing-747 Kamchatka oroli ustidan uchib o‘tayotganda SSSRning Uzoq Sharqdagi 865-qiruvchi aviapolkiga qarashli Su-15 qiruvchi samolyoti Kamchatkadagi Yelizovo aerodromidan havoga ko‘tariladi. Biroz o‘tib, Boing-747 xalqaro havo hududiga kirgach, Su-15 ortga qaytadi.

Ko‘p o‘tmay Boing-747 yana o‘z yo‘nalishidan chetga chiqib, endi Saxalin orolining janubiy qismi uzra ucha boshlaydi. Havoga uni ta’qib etish uchun MiG-23 va Su-15 qiruvchi samolyotlari ko‘tariladi. Su-15 ancha vaqt Boing-747’ni kuzatib boradi va havoga ogohlantiruvchi snaryadlar otadi. Ammo Boing-747 ekipaji bunga e’tibor bermay, parvozda davom etadi.

Soat 18:24 da sovet qiruvchi samolyotlariga havo chegarasini buzib kirgan obektni yo‘q qilish topshirig‘i beriladi. Su-15 Boing-747’ga 5 kilometr yaqin borib, ikkita raketa uchiradi. Birinchi raketa samolyotga tegmaydi. Ikkinchisi mo‘ljalga aniq tegadi va Boing-747 havoning o‘zida portlab ketadi. Uning bortida bo‘lgan 246 nafar yo‘lovchi va 23 nafar ekipaj a’zolari halok bo‘ladi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Janubiy Koreyaga qarashli yo‘lovchi samolyotini urib tushirish Uzoq Sharq harbiy okrugi qo‘mondoni Ivan Tretyak tomonidan berilgan. Shu tariqa buyruq unvon pog‘onalari zanjiri bilan Su-15 uchuvchisi podpolkovnik Osipovichgacha yetgan va u samolyotni urib tushirgan.

Ammo keyinchalik, chegarani buzib o‘tgan yo‘lovchi samolyotni urib tushirish buyrug‘i Moskvadan — Yuriy Andropov tomonidan berilgan degan gaplar ham o‘rtaga chiqadi.

Hodisa oqibatlari

Samolyot urib tushirilgach, uning bo‘laklari Tinch okeanining Saxalin orolidan 37 kilometr janubiga, Laperuz bo‘g‘oziga qulab tushadi. Bu joy Saxalin va Yaponiyaning Hokkaydo oroli o‘rtasida joylashgan edi. Tabiiyki, samolyot qulagan joy SSSR harbiylari tomonidan o‘rab olinadi va Boing-747’ning bo‘laklari va qora qutisi ular tomonidan olib ketiladi.

Foto: Wikipedia

O‘shanda samolyot bortida jami 16 ta davlat fuqarolari bo‘lgan:

  • Janubiy Koreyadan – 105 nafar (ularning 23 nafari ekipaj a’zolari);
  • AQShdan – 62 nafar;
  • Yaponiyadan – 28 nafar;
  • Tayvandan – 23 nafar;
  • Filippindan – 16 nafar;
  • Hongkongdan – 12 nafar;
  • Kanadadan – 8 nafar;
  • Taylanddan – 5 nafar;
  • Buyuk Britaniyadan – 2 nafar;
  • Avstraliyadan – 2 nafar;

Dominikan, Hindiston, Eron, Malayziya, Shvetsiya, Vetnamdan 1 nafardan.

Halok bo‘lganlar orasida bir qator taniqli shaxslar, jumladan, AQSh Kongressi a’zosi Lourens Makdonald ham bor edi. AQSh va Janubiy Koreya SSSRdan suvdan olib chiqilgan samolyot parchalari, jasadlarning bo‘laklari va qora qutini talab qilishadi. Ammo Moskva ularni bermaydi.

Foto: Wikipedia

Hodisa haqida SSSRning rasmiy bayonoti

Hodisa sodir bo‘lgan paytda Janubiy Koreya rasmiylari samolyot noqulay ob-havo sharoiti tufayli majburan SSSR hududiga qo‘ngan, deb o‘ylashadi.

SSSRda esa hodisa haqida ma’lumot berilmaydi. O‘sha kunlarda davlat rahbari Yuriy Andropovning tobi qochgandi va sovet rasmiylari uning ruxsatisiz sukut saqlashni afzal ko‘rishadi.

Ammo hodisa haqida ma’lumot berish uchun turli rejalar qilingan. Avvaliga samolyot xatolik tufayli urib tushirilganini aytib, uzr so‘rashmoqchi bo‘lishadi. So‘ng samolyot razvedka ma’lumotlarini olish uchun chegarani buzib kirganida urib tushirilgani aytilishi belgilanadi.

Hodisadan uch kun o‘tib, 1983 yil 3 sentabr kuni TASS orqali SSSR chegarasini noma’lum uchuvchi obekt buzib kirishga uringani va ogohlantirishlardan so‘ng orqaga qaytib, radarlardan yo‘qolgani haqida xabar tarqatiladi.

9 sentabr kuni Mudofaa vazirining o‘rinbosari, SSSR qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i marshal Nikolay Ogarkov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Janubiy Koreyaga qarashli samolyot razvedka ma’lumotlarini olish uchun davlat chegaralarini buzib kirganda yo‘q qilingani aytiladi.

Ogarkov vafot etganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, barcha aybni AQSh harbiy uchuvchilariga to‘nkaydi.

Boing-747’ning urib tushirilishiga xalqaro maydonda munosabat

SSSRdan farqli ravishda AQSh hodisa haqida eng birinchi bo‘lib xabar tarqatadi. AQSh davlat kotibi Jorj Shuls hodisadan sanoqli soatlar o‘tib, favqulodda matbuot anjumani o‘tkazadi va Boing-747 SSSR harbiylari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qiladi. O‘sha zahoti bu xabar OAV orqali butun dunyoga tarqaladi.

Boing-747’ning urib tushirilgani haqida xabar tarqalishi ortidan eng avval samolyot bortida fuqarolari bo‘lgan mamlakatlarda sovet ittifoqiga qarshi namoyishlar boshlanib ketadi.

SSSR harbiylarining ishidan, ayniqsa, Janubiy Koreya aholisi darg‘azab bo‘ladi. Mamlakatning barcha shaharlarida sovet ittifoqiga qarshi keng miqyosda namoyishlar bo‘lib o‘tadi va ularda o‘roq-bolg‘a tasviri tushirilgan qizil bayroqlar ommaviy tarzda yoqiladi.

Foto: prod.vs

Bundan tashqari, dunyoning ko‘zga ko‘ringan siyosatchilari samolyotning urib tushirilishini qoralashadi. AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Ronald Reygan 5 sentabr kuni samolyotning urib tushirilishini «Zulm saltanatining insoniyatga qarshi jinoyati» deb ataydi.

Oradan bir kun o‘tib, AQShning talabi bilan BMT Xavfsizlik kengashining yig‘ilishi o‘tkaziladi va qatnashchilarga sovet harbiy uchuvchilarining o‘zaro suhbati yozilgan maxfiy audioyozuvlar va samolyot qulab tushgan joyning xaritasi ko‘rsatiladi.

Boing-747 urib tushirilgan kun, 2 sentyabrdan boshlab AQSh Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi Nyu-York–Seul yo‘nalishida parvozlarni to‘xtatadi. Oradan bir oy o‘tib, 1983 yil 2 noyabr kuni ushbu qatnov qayta tiklanadi.

Shuningdek, sovet yo‘lovchi samolyotlarining AQShga parvozi ham taqiqlanadi.

Hodisa haqida surishtiruvlar

Samolyot Oxota dengizining SSSRga qarashli qismiga qulab tushgani uchun 1991 yilgacha hodisa yuzasidan xalqaro surishtiruvlar o‘tkazishning iloji bo‘lmaydi. Boz ustiga, qora quti ham SSSRda saqlanadi.

Hodisada halok bo‘lgan AQSh fuqarolarining qarindoshlari qora qutini xalqaro komissiya ixtiyoriga topshirishni so‘rab Gorbachyovga murojaat qilishadi. Ammo u murojaatlarni e’tiborsiz qoldiradi.

Sovet ittifoqi parchalangach, endi ular Rossiya prezidenti Boris Yelsinga murojaat qilishda davom etishadi. 1992 yilda Yelsinning maxsus farmoni bilan Boing-747’ga tegishli qora quti va boshqa ashyoviy dalillar Janubiy Koreyaga topshiriladi. Shundan so‘ng, hodisa haqida yangi surishtiruvlar boshlanadi.

«Bu qarorga kelish oson bo‘lmadi, ammo uni qabul qilish zarur edi. Afsuski, sovet ittifoqining rahbarlari hodisa tafsilotlarini yaxshi bilgan holda uni xalqaro hamjamiyatdan yashirib kelishdi. Bundan afsusdamiz. Bu qarorimiz insonparvarlik qoidalariga asoslangan. Qolaversa, «Sovuq urush» davridagi bu dahshatli hodisa tafsilotlarini ommaga oshkor qilishni o‘z burchimiz deb bilamiz»,— degan edi Boris Yelsin.

Samolyotning urib tushirilgungacha bo‘lgan muddatdagi ovozlari eshitib ko‘rilganda Boing-747 avtopilot yordamida muntazam parvoz qilgan magnit kursi bo‘yicha uchgani ma’lum bo‘ladi.

Ikkinchi komissiya esa Boing-747 uchuvchilari avtopilotni yoqqan paytda noto‘g‘ri yo‘nalish belgilashgani va shu sababli samolyot SSSR hududiga biroz o‘tib ketganini aniqlashadi. Ular uchuvchilar bu ishni atayin sodir etmaganini, hammasi tasodifan ro‘y berganini, SSSR harbiylari samolyotni urib tushirib, katta xatoga yo‘l qo‘yganini aytishgan.

1993 yilda Saxalin orolidagi Nevelsk shahrida hodisa qurbonlariga bag‘ishlab yodgorlik o‘rnatiladi. Uning ochilishida dunyoning ko‘plab davlatlari fuqarolari, hodisa qurbonlarining qarindoshlari qatnashadi.

Tovon puli

1988 yilda AQShda Vashington okrug sudi samolyotda uchgan AQShlik yo‘lovchilarning qarindoshlari tomonidan Korean Air Lines aviakompaniyasidan undiriladigan tovon pulining yuqori chegarasini belgilash haqidagi da’vosini rad etadi.

Buni sud Boing-747 uchuvchilari sovet qiruvchi samolyotlarining harakat uslublari bilan tanish bo‘lishlari lozim bo‘lgan holda, o‘z majburiyatlarini bajarishda e’tiborli bo‘lmagani bilan tushuntirgan.

Muqobil tadqiqotlar

1997 yilda yapon razvedkasining yuqori martabali sobiq xodimi Yosiro Tanakaning «Boing-747 parvozi haqida haqiqatlar» kitobi chop etiladi. O‘z vaqtida Yosiro SSSRning Uzoq Sharqdagi harbiy obektlaridagi radioso‘zlashuvlarni yashirincha eshitish bilan shug‘ullangan.

U o‘z kitobida Boing-747 urib tushirilgan kuni samolyot uchuvchilarining o‘zaro suhbatlarini ham eshitganini yozgan. Uning keltirishicha, samolyotning urib tushirilishiga AQSh harbiylari aybdor. Koreyalik uchuvchilar ularning fitnasiga uchib, SSSR hududiga kirgan.

Bundan tashqari, Boing-747’ni AQSh razvedka samolyoti urib tushirgan degan taxminlar ham bildirilgan. Ammo sobiq sovet harbiylari 90-yillarda bu taxminlar reallikdan ancha yiroqligini va Boing SSSR harbiy samolyoti tomonidan urib tushirilganini aytishgan.

Boing-747 urib tushirilishi katta shov-shuv keltirib chiqargani uchun mazkur hodisadan keyin SSSR harbiy uchuvchilariga chegarani buzib o‘tgan fuqaro aviatsiyasiga qarashli samolyotlarni urib tushirish qat’iyan taqiqlanadi.

Boing-747’ning urib tushirilishi yagona holat emas

Dunyoda ilk urib tushirilgan fuqaro aviatsiyasiga tegishli samolyot China National Aviation Corporation aviakompaniyasiga qarashli Douglas DC-2-221 samolyoti bo‘lgan. Bu samolyot Gonkong-Uchjou shaharlari orasida qatnovlarni amalga oshirgan. Uni 1938 yilda Yaponiya qiruvchi samolyoti urib tushirgan.

Eng so‘nggisi, 2020 yil 8 yanvar kuni Tehron yaqinida «Ukraina xalqaro havo yo‘llari»ga qarashli Boeing 737-800 samolyoti Eron harbiylari tomonidan urib tushiriladi. Hodisa oqibatida samolyot bortida bo‘lgan 176 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari halok bo‘ladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid