O‘zbekiston | 12:50 / 25.01.2022
9514
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aeroportlari faoliyati elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli to‘xtatildi

Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida elektr ta’minotidagi uzilish munosabati bilan aeroportlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Foto: Kun.uz

Xususan, Toshkent aeroportida «Toshkent – Nur-Sulton» yo‘nalishi bo‘yicha HY-721 reysi yo‘lovchilari ro‘yxatdan, bojxona va pasport nazorati hamda xavfsizlik ko‘rigidan o‘tib bo‘lgan. 60 ga yaqin yo‘lovchi steril hududda, 30 ga yaqin odam ro‘yxatga olish zonasida bo‘lib turibdi. Elektr ta’minotidagi uzilish tufayli yo‘lovchilar xavfsizlik tekshiruvidan o‘ta olmaydi. Keyingi chora-tadbirlar Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshirilishi aytilgan.

Olmaota – Toshkent HY-762 reysi Navoiydagi muqobil aerodromga yo‘l oldi. Shuningdek, Air Astana aviakompaniyasining Olmaota-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha KC-127 reysi ekipaji jo‘nab ketgan aeroportga qaytishga qaror qildi. 

Shuningdek, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Termiz, Qarshi, Urganch, Buxoro, Nukus va Samarqand aeroportlarida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda. Ayni paytda elektr energiyasi faqat Navoiy aeroportida mavjud.

Elektr tarmoqlarini ta’mirlash ishlari tugallangach, aeroportlar yana ishlay boshlaydi, deyiladi rasmiy xabarda.

Mavzuga oid