O‘zbekiston | 10:48 / 27.01.2022
2424
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda daraxtlarni o‘zboshimchalik bilan ko‘chirgan Obodonlashtirish boshqarmasi xodimi jarimaga tortildi

Daraxtlar va o‘simlik dunyosini asrash davlat siyosati darajasiga chiqdi. Prezident farmon va qarorlari bilan mustahkamlangan va muddatsiz uzaytirilgan moratoriy mavjud. Biroq, shunday bo‘lsa-da, qonunlarga bepisand ayrim shaxslar tomonidan bu sohada huquqbuzarliklar hamon sodir etilmoqda.

Foto: Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi

Kun.uz’ga Toshkent shahridagi Kichik halqa yo‘li ko‘chasida 10dan ortiq daraxtlar g‘oyib bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Voqea yuzasidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasidan izoh so‘raldi. Boshqarma xodimlari voqea joyiga bordi va tahririyat jurnalisti bilan birgalikda vaziyatni o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, daraxtlar Olmazor tumani Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ko‘chirilgan. Boshqarma rahbari Farhod Dehqonovning aytishicha, Ekologiya qo‘mitasiga daraxtlarni kesish yo ko‘chirish borasida hech qanday so‘rov kelib tushmagan.

Foto: Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi
Foto: Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi

Kichik halqa yo‘li va Qorasaroy ko‘chalari kesishmasiga yaqin joyda sodir bo‘lgan bu ish Olmazor tumani hokimligi qoshidagi Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan amalga oshirilgan. Boshqarma xodimi Sa’dulla Fayzullayev o‘z rahbari Rahmiddin Qobilovning buyrug‘iga binoan 9 tup yapon soforasini bir joydan boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazgan. Shuningdek, bir necha tup archa ko‘chatini kavlab olib, o‘z boshqarmasi hududiga olib borib, ekib qo‘yganini aytdi.

Bu daraxtlar 2020 yil 9 may Olmazor tumanida joylashgan G‘alaba bog‘i ochilishi munosabati bilan davlat rahbari tashrifi oldidan avtomobil qatnov yo‘li o‘rtasidagi yashil hududga ekilgan edi.

Fayzullayevning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish Kichik halqa yo‘lining shu uchastkasida – chorrahaga yaqin joyda avtomobillar ortga qayrilib olishi uchun “karmashka” qurilishi tufayli amalga oshirilgan.

Shahar Ekoboshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonovga ko‘ra, bu ish hech qanday tegishli ruxsat olmasdan, kerakli agronomik ishlarni amalga oshirmay, o‘zboshimchalik bilan qilingan. Aynan shu sababli Fayzullayevga buyruq bergan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi agronomi Rahmiddin Qobilov tegishli tartibda jarimaga tortildi.

Foto: Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi

Shuningdek, boshqarma xodimi Sa’dulla Fayzullayevdan bahor-yoz mavsumlarida daraxtlar ko‘karib ketishini ta’minlash uchun parvarishlashga kafolat xati olindi. O‘sha vaqtga borib, daraxtlar yashab ketmasa, undan tegishli tartibda kompensatsiya undirilishi belgilab qo‘yildi.

Foto: Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi
Foto: Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi

Kun.uz bu voqeaga vegetatsiya mavsumida yana qaytadi hamda Toshkent shahrida Ekopolitsiya ishga tushganini va shu kabi holatlar guvohi bo‘lgan fuqarolardan Ekologiya qo‘mitasi va Ekopolitsiyaga murojaat qilishni so‘rab qoladi.

Mavzuga oid