Jamiyat | 15:27 / 27.01.2022
10964
5 daqiqa o‘qiladi

Yangiyerdagi yangi ro‘zg‘orlarning eski muammolari: aholi ichimlik suvi va gaz hisoblagich istamoqda

Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi Temur Malik mahallasining B sektor deb ataluvchi hududida istiqomat qiluvchi aholidan murojaat kelib tushdi. Ular eng avvalo tabiiy gaz va ichimlik suvidan qiynalishayotganini bayon etishgan.

Sayt muxbirlari aholi murojaatida bayon etgan muammolarni joyiga borib o‘rganib, mutasaddilarni savolga tutdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yangiyer shahridagi eng katta mahallalardan biri hisoblanadigan Temur Malik mahallasi 2017 yilda «Obod mahalla» davlat dasturiga tushgan. Mahalla ko‘chalari obodonlashtirilgan.

Mahalla fuqarolari yig‘ini idorasida mahalla haqida dastlabki ma’lumotlarga ega bo‘ldik. «Temur Malik» MFY oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassisi Sohiba G‘affarovaning aytishicha, mahalla to‘liq gazlashgan. Faqat yangi imorat solgan B sektordagi ayrim uylarga gaz tortilmagan ekan. Shunda ham, aholining sa’y-harakatlari bilan ko‘cha boshigacha gaz quvuri tortilgan.

Sohiba G‘affarova

Murojaat kelib tushgan, B sektor deb ataluvchi hududda 2016 yildan so‘ng aholiga yakka tartibda uy-joy qurish uchun 6 sotixdan yer uchastkalari ajratilgan. Ilgari bu joylar sanoat zonasi bo‘lgan.

Bu yerda yashayotgan aholi tabiiy gaz va ichimlik suvi borasida muammolarga duch kelayotgani, kanalizatsiya o‘tkazish uchun ko‘chalar kavlangani, ishlar sust ketayotgani tufayli endi ko‘chalar qishning yog‘in-sochinli kunlarida loy bo‘lib ketishi haqida o‘z e’tirozlarini bildirishdi. Ko‘chalarga hech bo‘lmaganda tosh va shag‘al aralashmasi to‘shab berilishi kerak.

Chindan ham aholi o‘z kuchi bilan o‘zlari yashayotgan ko‘chalarning boshigacha gaz quvurlarini tortgan. Uygacha quvur tortib gaz tushirish uchun ASKUG aqlli gaz hisoblagichlari o‘rnatish kerak.

«Yangiyershahargaz» gaz ta’minoti filiali muhandisi Jahongir Ahmedovning aytishicha, 2019 yildagi hisob bo‘yicha aholiga to‘liq aqlli hisoblagichlar o‘rnatib bo‘lingan. Bu foydalanuvchilarning hali hisob-kitob schyoti (litsevoy schyoti) ochilmagani sababli, qo‘shimcha ravishda 500 dona ASKUG hisoblagichlar uchun buyurtma berilgan. Bu hisoblagichlar gaz ta’minoti filialiga yetib kelgunga qadar aholi biroz sabr qilishi kerakligi ma’lum qilindi. Kimda kim o‘z hisobidan hisoblagich xarid qilsa, uni hisobga olib, o‘rnatib berishlari mumkinligi ham aytib o‘tildi.

Jahongir Ahmedov. «Yangiyershahargaz» gaz ta’minoti filiali muhandisi

Biroq kimdir uyiga zudlik bilan gaz tushirmoqchi bo‘lsa, 1 mln 200 ming so‘mga o‘z hisobidan ASKUG hisoblagichi xarid qilishi kerak. Oilalarning hammasida ham buncha ortiqcha pul yo‘q. Sovuq kunlarda isinish uchun esa odamlarga zudlik bilan gaz kerak. Hozircha ular konditsioner yordamida jon saqlashmoqda. Shuningdek, ovqat pishirish uchun suyultirilgan gaz balloni o‘z vaqtida yetkazib turilganini aytishdi.

Gaz tortish borasida bu manzilda yana bir muammo bor: yangi uchastkalar orasida hali uy ko‘tarilmaganlari ham ko‘p. Gaz quvuri tortishda ularning ham hissalari kerak bo‘ladi. Kimlardir vaqtida yer olib qo‘yib, band qilgan. Bugungi kunda foydalanilmay yotgan uchastkalarni xatlovdan o‘tkazib, davlat ixtiyoriga olib, ehtiyojmandlarga berish kerakligi haqida ham fikr yangradi.

Aholi shuningdek, ichimlik suvini ham uzoqdan tashib kelayotganini bildirdi. Bunga javoban mahalla raisi G‘ulom Baratov sekin-asta mahallaning yangi imoratlar qad ko‘tarayotgan qismida ham obodonchilik ishlari amalga oshirilishi haqida gapirdi.

Ayni vaqtda mahallaning shu qismida kanalizatsiya tarmog‘i tortilmoqda ekan. «Kanalizatsiya bilan birgalikda ichimlik suvi ham tortiladi, ko‘chalar ham tekislanadi», deya ishontirdi mahalla raisi.

G‘ulom Baratov, mahalla raisi

Bir qaraganda, uzoq qishloqlarda sharoitlardan mosuvo holda umr kechirayotganlarga bu muammolar arzimasdek tuyulishi mumkin. Chunki mahallaning havas qilgulik darajada obod qismlari bor: ko‘chalar asfaltlangan, katta qismi tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Ichimlik suvi ham bor. Fuqarolar mahallaning yangi shakllanayotgan qismida ham sharoitlar yaxshilanishini istashmoqda. Chunki bu yerda asosan yosh oilalar istiqomat qilishadi. Ularning qariya-ota onalari, go‘daklari bor.

IBQVwiCn9zwVAL9T0nKlYRa9KTHgbJTk.jpg (900×625)

Muhimi, sharoitni yaxshilash borasida ishlar boshlangan. Biz esa Yangiyerning Temur Malik mahallasida berilgan va’dalar qay tarzda bajarilib, ishlar qay tarzda yakunlanishini kuzatib boramiz.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid