Chiqindi uchun to‘lovni elektr energiyasi to‘loviga bog‘lab qo‘yish taklif etilmoqda
O‘zbekistonda aholining chiqindini olib ketish xizmatlaridan qarzdorligi 417 milliard so‘mga yetgan, bu esa soha rivojiga to‘siq bo‘lyapti, deydi Ekoqo‘mita raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov Kun.uz bilan suhbatda.
O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi chiqindi sohasi vakillari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda turli viloyatlardan kelgan xususiy sektor vakillari, ya’ni aynan shu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar – klasterlar egalari o‘z muammolarini ochiq aytish, to‘g‘ridan to‘g‘ri Ekologiya qo‘mitasi rahbarlari bilan fikr almashish imkoniga ega bo‘ldi.
Ekoqo‘mita raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov Kun.uz bilan suhbatda tadbirkorlarni qiynayotgan eng muhim masalalardan biriga to‘xtaldi.
“Chiqindi sohasini xususiylashtirish davom etyapti. Hozir bu yo‘nalishda har bir viloyatda klasterlar tashkil qilingan. Tadbirkorlar bu xizmatlarni davlat zimmasidan olyapti, davlat–xususiy sektor sherikchiligi vujudga kelyapti. Endi ular chiqindini aholi yashash punktlaridan olib chiqib ketadi, tashiydi, saralaydi va poligonlarga olib boradi. Davlat esa ularga subsidiya, imtiyozli kredit va boshqa ko‘rinishlarda yordam beradi.
Chiqindini olib chiqib ketish xizmati uchun aholi to‘lov to‘laydi, bundan xabardorsiz. Ana shu to‘lovlar bo‘yicha aholining tadbirkorlardan qarzdorligi respublika bo‘yicha 417 milliard so‘mga yetdi va bu miqdor oshib boryapti. Bu esa sohadagi tadbirkorlarning sifatli xizmat ko‘rsatmasligiga olib kelyapti. Ular bu to‘lovlarni aholidan yig‘a olmagandan keyin, tabiiyki, o‘z klasterini hamda sohani rivojlantira olmaydi; davlatdan, bankdan olgan kreditlarini so‘ndira olmaydi va oqibatda bankrotlik yoqasiga kelib qoladi. “Toza hudud” DUK, klasterlar, “Maxsustrans” korxonalaridagi katta muammo shu.
Biz rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rgandik. Ayrim davlatlar ushbu to‘lovni elektr energiyasi to‘loviga bog‘lab qo‘ygan, ayrim davlatlarda aholidan yillik majburiy to‘lov undiriladi. Biz ham chiqindi olib chiqish uchun to‘lovlarni elektr energiyasi to‘loviga, aniqrog‘i, uning billing tizimiga bog‘lab qo‘ymoqchimiz. Bu hozircha loyiha ko‘rinishida. Aholida yanglish fikr uyg‘onmasligi, ya’ni svetning narxi oshibdi, demasligi uchun faqat billing tizimidan foydalanamiz.
Bu qanday bo‘ladi? Siz elektr uchun to‘lov qilayotganingizda sizga chiqindi uchun to‘lovni amalga oshirmaganingiz haqida bildirishnoma keladi. Birinchi va ikkinchi holatda chiqindi uchun pul to‘lamasangiz, chirog‘ingiz o‘chmaydi, ammo uchinchi bildirishnomadan keyin sizdan elektr energiya uchun to‘lov qabul qilinmaydi va tabiiyki, svetingiz yoqilmaydi.
Hozirda bu borada Energetika vazirligi bilan muzokara olib boryapmiz. Sohaga shu tomondan ko‘mak bermasak, aholi to‘lov madaniyatini shakllantirib, majburiyatlarini bajarishini ta’minlamasak, chiqindi sohasi falajlanib qoladi, oqibatda hududlarimiz chiqindiga to‘ladi”, – deya tushuntirish berdi Islombek Boqijonov.
Mavzuga oid
16:12 / 20.12.2024
Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi
12:58 / 19.12.2024
O‘zbekiston bo‘ylab ikki mingga yaqin noqonuniy chiqindixonalar aniqlandi - «O‘zbekkosmos»
14:33 / 01.12.2024
Hindistonlik roja Rolls-Royce’dan chiqindi yig‘uvchi mashina sifatida foydalanganmi?
14:38 / 30.10.2024