Jahon | 10:58 / 28.01.2022
27521
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston blekaut Sirdaryo IES tufayli ro‘y berganini aytmoqda, O‘zbekiston o‘rganish natijalarini kutishga chaqirdi

Qozog‘iston elektr ta’minotidagi uzilishlarda yana bir bor O‘zbekistonni aybladi. Avvalroq avariya Qozog‘istondagi energotizimdagi uzilish tufayli ro‘y bergani ma’lum bo‘lgandi.

Qozog‘istonning KEGOC elektr tarmoqlarini boshqaruvchi kompaniyasi blekautga O‘zbekistonda yuz bergan hodisa sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Qozog‘iston tomonining bildirishicha, hodisaga qisqa tutashuv sabab bo‘lgan, natijada Sirdaryo IESdagi oltita energoblok birdaniga o‘chirilgan. 

“2022 yil 25 yanvar kuni O‘zbekistonda Nur-Sulton vaqti bilan soat 11:59da Sirdaryo IESda 6 ta energoblok qisqa tutashuv tufayli o‘chirilgan bo‘lib, umumiy ishlab chiqarish quvvati 1500 MVt.dan ortiq yo‘qotilgan. O‘zbekiston energetika tizimida yuzaga kelgan elektr quvvati taqchilligi O‘zbekiston va Qirg‘iziston energetika tizimlari bilan parallel ishlashga ulangan Qozog‘iston energetika tizimidan elektr energiyasining olinishiga olib keldi. Natijada, 500 kV kuchlanishli «Qozog‘iston shimoli-sharqi-janubi» tranzitida quvvatning «ko‘tarilishi» va uning ortiqcha yuklanishi sodir bo‘ldi”, deyiladi kompaniya xabarida. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning energetika tizimlari to‘liq ishdan chiqqan, barcha elektr stansiyalari va iste’molchilar ta’minoti to‘xtatilgan. O‘zbekiston energetika tizimida uzilgan yuklanish taxminan 9600 MVt (iste’molning 100 foizi), Qirg‘izistonda 2600 MVt (iste’molning 100 foizi)ni tashkil etgan. 

“Qayta tiklash doirasida Qozog‘iston yagona energetika tizimi Qirg‘iziston va O‘zbekiston energetika tizimlariga ushbu mamlakatlar elektr stansiyalarini kuchlanish bilan ta’minlash orqali yordam ko‘rsatdi, bu esa tiklash ishlarini boshlash imkonini berdi. Qirg‘iziston energetika tizimining normal rejimga qaytishi taxminan bir kun davom etdi”, deyiladi xabarda. 

Sodir bo‘lgan hodisa raqamli mayning bilan shug‘ullanadigan iste’molchilar faoliyatiga aloqador emasligi ta’kidlangan.

Kriptovalutalar mayningi

25 yanvardagi yalpi elektr uzilishlardan oldin ham, Qozog‘istonda energetika muvozanatini saqlab turish bilan bog‘liq «tarang vaziyat» hukm surgan. Mamlakatning bosh energooperatori shu sababli to‘rt kun oldin kriptomaynerlarni ogohlantirib, ular bir haftaga elektr tarmog‘idan butkul uzilishini ma’lum qilgan.

Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda katta avariya sodir bo‘lishi mumkinligi haqida axborotlar bo‘lgan, biroq hukumat ushbu muammolar haqida tegishli tomonlar (O‘zbekiston va Qirg‘izistonni) ogohlantirmagan. Ba’zi mutaxassislar ham Qozog‘istonda energetika infratuzilmasini rivojlantirish va bugungi kundagi standartlarga moslashtirish uchun yetarlicha e’tibor qaratilmaganini ta’kidlagan.

O‘zbekiston pozitsiyasi

O‘zbekiston 25 yanvar kuniyoq avariya Qozog‘istondagi energotizimda ro‘y berganini ma’lum qilgandi.

«Qozog‘iston Respublikasi Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi natijasida Olmaota, Chimkent, Taroz, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga keldi.

Yagona elektr tarmog‘iga ulangan O‘zbekiston elektr tarmog‘i bu avariyaning salbiy ta’siri natijasida Qozog‘istondan keluvchi 530 liniyadagi kuchlanish va chastota keskin o‘zgarishi oqibatida Toshkent GRESi, Sirdaryo GRESida avariya himoya vositalari ishlab ketib, bu ikkala stansiya ham avtomatik ravishda o‘chishiga olib kelgan», deyiladi xabarda.

28 yanvar kuni Energetika vazirligi hodisa sababi bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etayotganini ma’lum qilgan.

«Yuzaga kelgan vaziyat munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti topshirig‘iga binoan voqea sabablarini o‘rganish bo‘yicha Bosh vazir boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzilgan.

Komissiya ishining natijalariga ko‘ra ma’lumotlar rasman e’lon qilinadi», deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid